www.ziyouz.com kutubxonasi
63
«Buqacha? Nega unaqa deyapti? Qizining o‘ynashimi u? Balki bu odam faqat qizining
o‘limidangina emas, nomus azobidan ham ezilayotgandir? Bechora...»
Shu fikrda Toshboltaga astoydil achindi. O‘lim — haq. Rizq qirqilgan ekan, iloj yo‘q.
Ota bir kunmi, bir yilmi kuyar, oqibat dard sovib, taqdiriga tan berar. O‘z umri
shomining ham yaqinlashib qolganini fahm etib, farzandi bilan u dunyoda ko‘rishmoq
orzusida yashar. Lekin «o‘ynashi bilan birga o‘ldirilibdi», degan isnod o‘ti sovumas, to
joni chiqquniga qadar yurak-bag‘rini kuydirib xarob qilar.
Shunday fikrdagi Omonulloning unga rahmi kelardi.
O, g‘ofil banda! O‘z qiziga o‘lim eshiklarini ochib bergan zot aynan ana shu odam
ekanini bilsami edi, unga achinmas, bil’aks, nafrat o‘qlarining barini unga sochgan
bo‘lardi.
Dunyodagi odam zotining qarichi bir-biriga mos kelmaydi. Barmoq izlarining ham
o‘xshashi yo‘q. Shu kabi baxt haqidagi tushunchalar ham bir-biriga o‘xshamaydi. Agar
baxt o‘lchovli narsa bo‘lsa edi, uni har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, demoq mumkin
edi. Agar baxt ko‘zga ko‘ringuvchi narsa bo‘lsa edi, uni har kim o‘z ko‘zi bilan ko‘radi,
desak yanglishmas edik. Ayrim odamlar rangni farqlay olmaganlari kabi baxt bilan
baxtsizlikning chegarasini bilmaydilar. Masho-yixlar «senga asal bo‘lib tuyulgan asli
zahardir, zahar bo‘lib tuyulgani esa asaldir», deb bejiz ogoh etmaganlar.
Bani Odam faqatgina baxt yoki baxtsizlik nima ekanini farqlay olmasa, unchalik
ajablanmasa ham bo‘lar, «farosatsiz, adashgan banda», deb qo‘yilar. Ammo oltmish
yilga yaqin umr ko‘rgani holda nima uchun odam bo‘lib tug‘ilganini, nima uchun
yashayotganini, kaltakesakdan yoki suvarakdan nimasi bilan farqlanishini fahm etmasa,
qanday xulosa qilmoq mumkin? Balki bunday kimsalar yorug‘ jahonda ozdir? Oz bo‘lsa-
da, shularning biri — hozirgina ho‘ngrab yig‘lab, bo‘zla-yotgan ota — Toshboltadir. Balki
olam aro yagonadir. Agar shunday bo‘lsa, o‘sha bittaginasi ham shuning o‘zidir.
Omonullo uning ichini qandaydir dard, qandaydir pushaymon kemirayotgandir, deb
xayol qildi. Kishida dard, pushaymon bo‘lmog‘i uchun ham iymon lozimligini esa fahm
etmadi.
Ilohi bandaman, bechoradurman,
Havoyi nafs ila ovoradurman.
Erurman barcha nuqsonimg‘a iqror,
Musulmon o‘g‘li qilmas ishlarim bor...
18
Bunday demoqlik uchun, bu iqror va tavba uchun Odam bolasiga nechog‘lik iymon
zarur?
Omonullo buni bilmaydi. Aniqroq aytilsa, bunday tushunchadan u ham yiroq.
Toshboltadagi iymon darajasini aniqlashga banda ojiz. Bu balki qabrga kirganda, balki
qiyomatda aniq bo‘lar, vallohi a’lam...
Ayni choqda u kuyib yig‘ladi. Shu oqibatga olib keluvchi muqarrar bo‘lgan yo‘lni o‘zi
tanlaganini esa o‘ylamasdi. «Hozir dard ichida shundaydir» dersiz? Balki... Ammo
haqiqat shuki, dard sovuganidan so‘ng ham o‘ylamaydi buni. «Qizimga o‘zim o‘lim
hukmini yozganman», demaydi.
Tursunalining osh-ovqatini pishirib yursa ham kam bo‘lmas edi. Qo‘shmachilik
qilishiga balo bormidi? O‘z qizining nomusini nafsi uchun qurbon qiluvchi otalarni nima
uchun yer yutmaydi ekan? Bundaylarni yer bag‘riga olmoqdan hazar qilar, oqibatda
bundaylardan hatto do‘zax olovi ham nafratlanar...
18
Hazrat So‘fiy Ollohyordan.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |