www.ziyouz.com kutubxonasi
26
«yoshingga yarashadigan qiliq qil», deb bejiz aytmagan ekan. Bu ishva qilib turganda
men yoqarmidim», degan fikrni xayolidan quvdi.
Nafisa «mayli, to‘yganicha qarab olsin», deb indamadi. Oxiri sabri chidamadi:
— Keling, opa...
— Opa? — Matluba zaharli iljaydi. — Men qachondan beri senga opa bo‘lib qoldim?
Men sendaqa singilni bilasanmi, nima qilaman?
Nafisa qaydan bilsin buni. To‘g‘risi aytilsa, Matlubaning o‘zi ham bilmaydi. Hozir Nafisa
«xo‘sh, nima qilardingiz?» deb so‘rasa dovdirashi tayin edi.
— Singlingiz emasman. Yoshingizni hurmat qilib aytuvdim. Boshqa demayman. Menga
bir nima demoqchimisiz?
— «Bir nima demoqchimisiz?..» — Matluba kundoshiga o‘tli nigohini qadadi. — Sen
menga qaysi xushtoringni yubording?
— Nima deyapsiz? — Nafisa ajablanib, kaftini yuziga bosdi.
— Erimni kanadek so‘rganlaring yetmaganday endi menga yopishmoqchimisanlar?
— Tushunmayapman, nimaga unaqa deyapsiz?
— Sen o‘zingni merovlikka solma. Bilib qo‘y, o‘sha xushtoringni ham, o‘zingni ham
o‘ldirtirib yuboraman!
Bu gapdan keyin oshxona eshigi qiya ochilib, Samandarning boshi ko‘rindi:
— Qizlar, nima gap, tinchlikmi?
— Eshikni yoping! — dedi Nafisa zarda bilan. Amri shu zahoti bajarilgach, Matlubaga
qaradi. Endi uning ko‘zlarida ham g‘azab uchqunlari ko‘rindi. — Qo‘lingizdan kelsa
o‘ldiring, lekin menga tuhmat qilmang.
— Tuhmatmi? Mana bu ham tuhmatmi? — Matluba shunday deb sumkachasidan xatni
chiqarib uzatdi. Nafisa xatni o‘qiyotganida undan ko‘zini uzmadi.
— Bu... Tursunali akamning xatlari-ku? — dedi Nafisa ajablanib. — Sizga kim berdi?
— Xushtoring.
— Tuhmat qilmang, dedim sizga! Xudo ursin, bu xatni endi ko‘rib turibman.
Matluba «rost aytyaptimi yo tonyaptimi?» degan fikrda unga tikilib qoldi. Mo‘ljalidagi
«hujum» kuchi zaif bo‘ldi. Natijasi esa, undanda zaif bo‘ladiganga o‘xshab turibdi.
Nafisa o‘ylab bir to‘xtamga kelishi uchun kundoshiga sharoit yaratib berdi. Ichkaridan
esa Toshbolta yolg‘on yo‘tali bilan qizini shoshirdi. «Dadam ham ba’zida oshirib
yuboradilar-da», deb g‘ijindi Nafisa, Matluba ham yo‘talning ma’nisini tushundi. «He,
o‘pkaginangga qurt tushsin, iloyim, shu yo‘tal olib ket-sin-a...» deb qarg‘adi.
— Agar ishonmasangiz, — dedi Nafisa kundoshiga tik qarab, — turmaga borib
kelamiz. O‘zlaridan so‘raymiz.
— Nima? — Matluba bunaqangi taklifni sira kutmagan edi.
— Sibirga birga borib kelamiz! — Nafisa shunday deb taklifiga aniqlik kiritgach
oshxona eshigini ochdi. — Samandar aka, Irkutskka ikkita bilet olib kelasiz.
— Hozirmi? — dedi Samandar ajablanib.
— Ertaga... ertalab. Borish-kelishga olasiz. U yoqda sarson bo‘lib yurmaylik.
— To‘xta, — dedi Matluba. — Senga «Sibirga boraman» dedimmi? Menga qara, sen
erimning Irkutskda ekanini qaerdan bilasan? — Matluba savolni Nafisaga berib, «ko‘rib
qo‘y, xotiningni» deganday Samandarga qaradi.
Nafisani bu savol dovdiratmadi:
— Odamlardan eshitdim, — dedi xotirjam ravishda.
— Odamlar qaerdan eshitishibdi? Radiodan aytibdimi? Yo gazetda chiqibdimi?
— Endi maydalashmay qo‘yaqoling. Avval manavini hal etaylik, — Nafisa shunday deb
xatni eriga uzatdi. — O‘qing, o‘rtog‘ingizdan.
Samandar xatni o‘qib, boshini qashidi. Malla kipriklari pirpiradi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |