www.ziyouz.com
kutubxonasi
26
Tahajjud o‘qiydigan qiz
Robi’a bolalik vaqtlaridanoq ro‘za tutar, tahajjud namozini o‘qirdilar. Bir kuni kechasi
hamma uxlaganidan keyin o‘rindan turib, qo‘lga Qur’on oldilar. Yosh, farishtasifat ovoz
bilan o‘qidilar. Subh bo‘lgunicha namoz va Qur’on o‘qishdan tolmadilar. Hech kim ro‘za
tutishlarini, tahajjud o‘qishlarini bilmasdi. Bir kuni otalari buni ko‘rib qoldi. Robi’a
shunday duo qilardi: «Allohim, yulduzlarni yorug‘ qilding, ko‘zlarni uxlatding,
podshohlarning eshigini berkitding, bu turgan maqomim Sening qo‘l ostingdadir.
Allohim, biror hayvonning ovozini eshitishni istamadim, daraxtlarning shivirlashini ham
eshitmadim, suvlarning shildirashini, qushlarning sayrashini ham tinglamadim. Lekin
Sening yakkaligingni ko‘rib, bunga shohid bo‘ldim! Hech narsa Senga o‘xshamaydi,
Sayyidim! Xilvatda Senga yaqinlashuvchilar yaqinlashyaptilar, suvdagi nahanglar ham
azamatingga tasbeh aytishyapti. To‘lqinlar Sening muqaddas jalolingga mavj uradi. Tun
qorong‘usi ham, kunduzning yorug‘ligi ham Senga tasbeh aytyapti, falakdagi
sayyoralaring ham Senga tasbeh aytyapti, yaratgan dengizlaring ham, nur taratib
turgan oying ham, yulduzlaring ham - hamma, hamma narsa Sening huzuringda
o‘lchangan, Sen albatta Qahhor va buyuk Zotsan!»
Yetim qiz
Robi’a hali balog‘atga yetmasidan otasi vafot etdi, oz vaqtdan so‘ng onasi ham olamdan
o‘tdi. Ayni o‘smir vaqtlarida yetim bo‘lib qoldi. Robi’a opasi bilan rizq qidirib ketishdi.
Rizq izlab yurganida opasini yo‘qotib qo‘ydi. Oxiri o‘g‘rilarning qo‘liga tushib qoldi. Ular
Robi’ani baxil, qalbi qattiq Bag‘doddagi savdogarga sotib yuborishdi.
Qullikdagi xo‘rliklar
Robi’a bir qancha vaqt cho‘ri bo‘lib yashadi. Azobli kunlarni boshidan kechirdi.
Sayyidlarning nihoyatda xulqi buzuq, tili achchiq edi. Shunday bo‘lsa ham, Robi’a
kechasidagi namozlarini tark etmasdi. Bir kuni xo‘jayin urdi, bilaklari sindi. Tungi
namoziga turganida duo qildi: «Allohim, bilagimning alamiga, yetimligimga sabr
qilaman, faqat Sen mendan rozi bo‘lsang bo‘ldi!» Kunlarning birida Robi’a yana kechasi
ibodat qilib, duo aytib o‘tirgandi, xo‘jayin turib qoldi. Robi’a sajdaga boshini qo‘yib:
«Allohim, qalbim Senga qanday intilayotganini bilasan! Senga ibodat qilishni sevaman!
Sening xizmatingda bo‘lishgina ko‘zimning nuridir! Bu ish mening qo‘limda bo‘lganida
edi, bir lahza ham Senga munojot qilishdan to‘xtamasdim. Lekin qalbi qattiq
bandangning qo‘liga tashlab qo‘yding!» deb nola qildi. Bu so‘zlarni eshitgan xo‘jasi
qalbiga qo‘rquv kirdi va: «Ey Robi’a, senga hurlikni hadya qildim! Xohlasang, shu yerda
qol, biz sening xizmatingni qilaylik! Xohlamasang, istagan yeringga ketishing mumkin»,
dedi. Shunday qilib, Robi’a Allohga nola qilib cho‘rilikning og‘ir mashaqqatlaridan
qutildilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |