www.ziyouz.com кутубхонаси
130
QIRQINCHI MAQOLA
MA’RIFAT VODIYSINING BAYONI
Qushlarning ko‘z o‘ngida Ma’rifat vodiysi ko‘rindiki, uning boshi ham, oxiri xam
yo‘qday edi. Ma’rifat vodiysiga kelganlar unda muxtalif turli-tuman yo‘llarni topdilar. Har
kimsa o‘zi topgan yo‘lni to‘g‘ri deb bilar, boshqalarning yo‘llarini tan olmas edi. Har biri
o‘zi topgan yo‘l bilan faxrlanardi. Bu yo‘llar zoxirda xam, ma’noda ham bir-biridan
farqlanadi. Ba’zilar ma’rifat yo‘lida tani uchun, ba’zilar joni uchun tolibdir. Tan yo‘lchisi
boshqa, jon yo‘lchisi boshqadir.
Tan bilan jon nuqson va kamol kabi, taraqqiy va zavol kabi bir-biridan farqlanadi.
Ma’rifat yo‘li keng va bepoyon bo‘lib, bu yo‘lda fil ham, o‘rgumchak ham hamrohdir.
Bu yo‘lda har kim qurbi yetganicha o‘z kamolini va hasbi holini topadi. Bu vodiyda
parvoz qilguvchilar turli sohalarda kamolotga erishadilar. Turli taraflarga sayr qiladilar va
hech bir qush hargiz boshqasiga ham ravish — o‘xshash parvoz qilmaydi.
Ma’rifat vodiysida yo‘lovchilar turli maqsadlarga yetishga intiladilar. Birov bu yo‘lda
mehrobni topadi, boshqa birov butni - sanamni topadi.
Ma’rifat oftobidan dili yorishgan odamlar — haqiqat manziliga yetish uchun chandon
mashaqqat, riyozatlarga bardosh beradilar. Bu dunyo gulxani bularga gulshan bo‘lib
qo‘rinadi.
Ma’rifat vodiysi oxirida po‘stni, po‘choqni emas, balki mag‘izni, mohiyatni ko‘rolganlar
har narsaning ichidagi yashirin zarralarni ham ravshan ko‘radi. Ammo ko‘pchilik nigohi
niqob ostida ne sir-asrorlar borligini oftob kabi ravshan ko‘rolmaydi. Niqob ostidagi yuz
ming sir-sinoatdan birini ko‘rish uchun yuz minglab mard insonlar gum bo‘lib, yo‘qolib
ketadilar.
Bu yo‘lda komillikka erishganlar uchun dunyoning niqobi shaffoflanib, g‘avvoslar
dengiz hayvonlarini ko‘rganday, olam sir-sinoatlarini ko‘radilar. Bu vodiy yo‘lida kamol
topish uchun minglab odamlarning tikonlardan qoni to‘kila-di. Bu yo‘lda mabodo Arshi
majid (ulug‘ Haq taolo) yor bo‘lib, madad bersa, bir soatda og‘ir mushkullarni hal etish
mumkin.
Ey Haq yo‘lchisi, bu vodiyda kamol topay desang, o‘zingni ilmu irfon dengiziga
g‘arqqil, va bu yo‘lda chin va yolg‘onni, yaxshi va yomonni farq qil!
Agar bu jahon mulkidagi qonli dog‘larni yuvib, tozala-moqchi bo‘lsang, to abad
yashasang ham umring yetmaydi. Yaxshisi (mol-dunyoda emas) ilm-ma’rifatda
sultonlikka intil. Kimki ilm-ma’rifat olamida zavqlanib mast bo‘lsa, jahondagi barcha
xalqlarga sulton kabi martabasi ulug‘ bo‘ladi. Bunday odam jahon mulkida farishta —
malak kabi falaklarda parvoz qiladi.
Agar bu dunyo hayoti - ro‘zg‘orining tashvishlari ko‘pligi-ni bilsang, behad, bekanor
ma’rifat olami sharbatlaridan ichib, zavklanib yasha. Agar bilsang bu dunyo dardu
illatlarga botib, kasallanib yotib qolgan. Sen sog‘ yashay desang, bu olam tashvishu
illatlarini tashlab, yo‘lga tush, ma’rifat olamida parvoz qil.
Do'stlaringiz bilan baham: |