Bagoyat iste’dodli, zehni o‘tkir, dono bir yigit bor edi. Kecha-kunduz uzluksiz o‘qish,
ilm olish bilan band edi. Yilida ikki kecha ta’til qilardi, xolos. Odamlar bilan ishi yo‘q edi,
ishi nuqul ta’lim olish, ilm takrorlash edi. Ustozi undan xursand edi, shogirdining pok
axloqi, berilib ilm olishini maqtab, ibrat qilib gapirardi. Uni boshqa shogirdlaridan afzal
bilar, alohida o‘tqazib suhbat qilardi.
Ammo ustozning parda ortida oy desa oy, kun desa kunday go‘zal bir kanizagi bor
edi. U shunday go‘zal ediki, ko‘zlari sho‘x-sho‘x boqar, qomati dilni oshufta qilar, so‘zlari
jonga jon bag‘ishlardi. Boshdan-oyoq ruhdan iboratday, latofat ustiga latofat, malohat
ustiga malohat yog‘ilganday ofati jon edi. Shirinlikda shakarga pand berar, itobu
karashmasi har qanday qattiq ko‘ngilni yumshata olardi. Ikki o‘ram sochi yerga tegar,
ataylab qilingan emas, balki aslida shunday uzun edi sochlari. Ikki la’li labidan so‘z
emas, asal tomardi. To‘tilar uning nutqini eshitsalar hasaddan parlarini to‘kardilar. Ikki