XXXVI
Tovus uzri
So'ngra Tovus o'z uzrini boshlab, shunday dedi: — Ey barchamizning boshlig'imiz! Men qasr va gulshanlarga ziynat beruvchi qushman. Mening naqsh va ranglarimdan olam ahli hayratga tushadi. Agar suratim gulshanga oroyish bersa, yurishim ko'rgan
kishiga osoyish bag'ishlaydi. Bog'lar men tufayli xazon paytlarida bo'stonga, o'rmonlar men tufayli qish fasli gulistonga aylanadi. Agar jilva aylab, rang-barang qanotlarimni yozsam, go'yo boshdan-oyoq lskandar oyinasi namoyon bo'lgandek bo'ladi. Ulus husnimni tomosha qilib, yaratganning qudratiga ofarin aytsin uchun Alloh menga beqiyos husnu zebolik, haddan ortiq zebu ra'nolik baxsh etgan. Chunki haq har bir kishini bir ish uchun yaratgan: birov asal totish uchun yaratilgan bo'lsa, birov nish yeydi. Ana shu tarzda donolik bilan ish ko'rilib, har kirn boshiga tushganini, "yo nasib", deb ko'raveradi. Alloh amri bilan pari dilga yoqimli bo'lsa, shayton badbaxtlikka mahkumdir. Har bir kishi o'ziga buyurilgan ishdan chetga chiqa olmaydi, undan o'zga taklifga esa toqat qilib bo'lmaydi!
Do'stlaringiz bilan baham: |