XX
Hudhud Simurg'dan afsona aytgach, qushlar tabiatida shavq o'tining alangalangani
Bu so'zlar qushlarda faryod ko'tardi va ulardan har birining ko'ngliga shavq g'ulg'ulasini soldi. Ular Hudhudga shunday dedilar
Ey, peshvo! Bunday shohdan ayriliqda yashash mumkin emas. Olamda bizning turli holatimizdan ogoh bo'lgan shunday shohimiz bo’la turib, biz jaholatga giriftor bo'lmaylik. Uning firoqi bizni zor etmoqda. Aqlu hushi bor kishi oldida shu narsa ravshanki, hayotda bunday g'aflatda yashagandan ko'ra o'lim ko'p marta yaxshiroqdir.
Sen o'z so'zlaring bilan bizga yo'l ko'rsatding. Endi barchamizning sendan iltimosimiz shu: hammamizga bosh bo'lib, bu safarimizda bizga yo’lboshchilik qilgil. Biz shoh yo'liga o'z jonimiz bilan, balki jonimizni hovuchlab, jiqqa ko'z yoshlarimiz bilan kiraylik. Uning vasliga erishishga intilaylik-da, bu istagimizdan bir nafas ham chekinmaylik. Bu yo'lda qanot qoqib, har qanday dengizu sahrolardan uchib o'taylik. Yo uning visoliga yetgaymiz, yo bu yo'lda jonimizni tark etgaymiz!
Do'stlaringiz bilan baham: |