CLVIII
Hikoyat
Mansur tavhidda yuqori darajaga erishib, uning tilida doim "anal-haq" takrorlanardi.
Din arboblari unga sening bu ishing yaqinlar ahlining ishi emas. Ko'pgina suluk ahliga ham bu holat kashf bo'lsa-da, ular odob saqlab, mo'tadillikni ta'minlaganlar. Sen ham o'zingni ulardek tut, bu xil da'voni izhor qilma, nafsingni doiga sazovor etma, deb ko'p nasihat qildilar. Ammo u ichgan qadah nihoyatda mast qiluvchi bo'lgani sababli unga bu nag'mani takrorlashdan hech bir orom yo'q edi.
Bir kun unda qiziq bir holat yuz berib, xayolini har tomonga olib qocha boshladi. Uning xayoli Rasulillohga borib yetdi. Uning yodiga Muhammad payg'ambarning Buroq nomli otga minib, osmonni sayr etgani va unga birlik gavharidan toj nasib etib, vahdat pillapoyasi me'roj bo'Iganligini hamda unga yuksak osmon ikki qosh orasidek yaqin bo'lib, "li ma' Alloh"-soflik yaqinligiga erishgani va Allohdan unga xitob kelib, "Ey do'st, istagan maqsading nedur?" deb so'ralganida, u Alloh lutfiga uzrxohlik qilib, osiy ummatning gunohidan o'tishni istagani keldi. Unda ehson ko'pu lutf hammaga yetarlidir, unga lutf haddan ziyodu xalqi esa saxiy edi. Xuddi buni haqning o'zi undan iltimos etganu "istagil" deb, beqiyos lutf ko'r-guzgandek edi. U arablar shohi ana shu tarzda osiy ummatning gunohini avf etishni iltimos etdi. Azaldan to abad har kimki egri yo'l bilan borgan bo'lsa, uning shafqat etuvchisi bo'lgin. Ehsoningni ayamay, barchani rahmat etgil va kechirim yuzasidan hammaning gunohidan o'tgil, deb aytdi. Nima uchun u, sodiqlik va soflik koni, faqat odamlarning gunohini kechirishni so'rash bilan kifoyalandi ekan?
Mansurning ko'ngliga shu xayollar kelib, doimo shularni o'ylab yurar edi. Bu andisha uni ezib, ojizlik va hayrat qo'lida lol etar edi.
Bir kun uning tushida Rasulilloh ayon bo'ldi. Unga shunday so'zlarni aytib, mushkilini hal etdi:
Ey telbalik ayvonida o'tirib, vahdat lofi bilan "anal-haq"— deyuvchi! Bilmadingmi, o'sha oqshom oliy burjlarda kezib yurganimda menda hech qanday "menlik" xayoli yo'q edi, balki bu so'zni aytishning hech bir ehtimoli mavjud emas edi! Chunki u dargohga eltgan ham, yo'l boshlagan ham, istagan ham, bag'ishlagan ham faqat uning o'zi edi.
Sen ajib bir uzoqni ko'rolmasligingdan bu borada o'zingning ko'rliging va nodonligingni oshkor etding. Chunki Tavhid vodiysi yoki yakkalik va yolg'izlik gulshanida "menlik" va "senlik" tomon yo'l ochding, ammo u bu xil ikkilik vasfidan pok turardi. Degan ham, bergan ham, in'om qilib sochgan ham, tergan ham uning o'zidir! U yozuv "menlik" rangidan pok edi, nag'masida ham ikkilik ohangi yo'q edi.
Men u yerda "senlik"ni xayol qilib, ikkilik naqshidan aql yurgizganman. Sendagi bu holat, shuni bilki, g'ilaylikdan, bitta narsani ikkita qilib ko'rishdan o'zga narsa emas. Bu xayolni xotiringdan chiqarib, yo'q qilib tashla!
Do'stlaringiz bilan baham: |