www.ziyouz.com
кутубхонаси
51
davlatni topa olmaydi.
XC
Yana bir qushning Hudhudga savoli
Bir qush shunday dedi:
— Men umrimda ko'p gunoh ish qildim. Bu uyatdan holim juda tangdir. Iflos ishlar
bilan mashg'ul bo'lish meni nobud qilib, bu g'am meni ezib yubordi, endi shular yo'l
bosishimga to'sqinlik qilmoqda. Chunki axlat ustiga qo'ngan chivinning qanchalik
jirkanch ekanligi hammaga ma'lum. Uning pok Simurg'ga qanday aloqasi bo'lishi
mumkin? Simurg'ning pok vasliga erishmoq uchun poklik kerakdir. Bulg'anch jinoyat
ichida hayosizlik qilish bilan unga yetishib bo'lmaydi. U pok bo'lsa, mendagi sifat
nopoklikdir. Uning vaslini istashimga uyat mone'lik qilmoqda.
XCI
Hudhudning javobi
Hudhud unga shunday dedi:
- Sen o'zingning gunohga botganligingni bo'yningga olding. Shuni bilgilki, bu dunyo
abadiy turish manzili emas. Kimki mayjud bo'lsa, uning hosili oxir o'lim bo'ladi. Agar sen
o'z gunohing bilan o'lmoqchi, xalq ahvoliga kulmoqchi bo'lsang, juda nodon va g'ofil,
aqlli kishilar oldida johil ekansan.
Qilgan gunohlaringdan forig' bo'lishni orzu qilding, ey havasmand, bu ancha oson
ishdir. Undan qutulish iloji faqat tavba qilishdir. Isyon zulmati aro faqat ugina chiroq
bo'lib nur sochadi.
Gunoh balchig'idan toza kishi topilmaydi, bu xil begunoh kishi hali hech kimga ma'lum
bo'lgan emas. Haq Odam avlodini gunohsiz qilib yaratgan emas. Ey bexabar kishi, agar
sen gunoh ish qilmasang, Alloh afvu rahmat bilan kimning gunohidan o'tadi? Agar
kimning yuzi gunohdan sariq bo'lsa, tavba uni bu sariqlikdan xalos etadi. Rahmat dengizi
mavjlangan paytda sen ham xuddi men kabi yuz ming marta pok bo'lasan.
XCII
Odam Safiy Alayhissalom hikoyati
Dunyodagi barcha insonlarning otasi bo'lmish Odam Atoni odil va mangu tirik haq
vujudga keltirdi. Boshiga to'g'ri yo'l topish tojini kiydirib, bu tojga payg'ambarlik
gavharini tikdi. Uni shu qadar yuksak izzat va martaba egasi qildiki, barcha maloikalar
uchun uning oyog'i ostidagi tuproq sajdagoh deb aytildi. Osmon cho'qqisi u yuradigan
yo’l tuprog'i bo'lib, jannat bog'i uning jilvagohi edi. U shu tariqa yuksak sharaf va
e'tiborga sazovor bo'ldi. Haqdan unga "Safiy" - "pok" degan laqab berildi.
Ammo qudratli Yaratuvchi taqdir etib, uning yuzi gunoh va isyon bilan qora bo'ldi.
Undagi shuncha hurmat va sajda etmoqlik qo'ldan ketib, ishi nomaqbul hisoblandi.
Shunda uning ko'ksiga rad panjasini yetkazib, jannat bog'idan haydab yubordilar. Unga
bu xil yuz qaroliklar nasib qilib, Hindiston mulkiga g'arib bir ahvolda kelib tushdi. U yillar
davomida hijronda yosh to'kib, atrofga ohu noladan g'avg'o solib yurdi. Joni qilgan
gunohidan xas kabi o'rtandi. Azob chekib yurgan mahalda tavba qilish uni bu qiyin
ahvoldan qutqardi. Rahmat bog'idan yana mayin shabada esdi va u yuz ming azob-
uqubatdan xalos bo'ldi. Tavbasi qabul etilib, u o'zining avvalgi hurmatli mavqeini
egalladi.
Lisonut-tayr. Alisher Navoiy
Do'stlaringiz bilan baham: |