Reja
Kasb tushunchasining mohiyati.
Kasblarni tizimlashtirish va kasb tipologiyasi.
Kasbiy shakllanish jarayonida shaxs taraqqiyoti.
Kasb tushunchasining mohiyati
Kasbshunoslik adabiyotida kasb tushunchasining tavsifi xilma-xil talqinda keltiriladi. Jumladan, kasb-maxsus tayyorgarlik va ish tajribasi natijasida ma’lum bir sohada kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun nazariy bilimlar majmuasini, amaliy ko’nikma va malakalarni egallagan, unga jismoniy imkoniyat, aqliy qobiliyat va yuridik huquqlarni ta’minlovchi insoniy mehnat faoliyatining (mashg’ulotining) turidir.
Lug’aviy jihatdan kasb yoki - kasb qilmoq kabi so’z va tushunchalar arab tilidan kirib kelgan bo’lib, (kasaba) fe’lining o’zagi hisoblanadi. Arab tilidagi kasaba so’zi qo’lga kiritmoq, ishlab topmoq, qozonmoq, biror ishni bajarmoq, qandaydir foyda- manfaatga erishmoq, yutuqqa ega bo’lmoq kabi ma’nolarni anglatadi. Kasb bir xil faoliyat bilan shug’ullanuvchi kishilarni birlashtiradi. Bu faoliyat ichida ma’lum aloqalar va axloq normalari o’rnatiladi. E.A.Klimov o’z ishlarida kasb tushunchasiga quyidagicha ta’rif beradi: “Kasb - jamiyat uchun zarur va qadriyatli soha bo’lib bunda insondan jismoniy va ruhiy kuch talab etadi” bu kuchlar unga sarflangan mehnat o’rniga yashashi va rivojlanishi uchun muhim vositalar omili sifatida namoyon bo’ladi. Bu ta’rifni yanada batafsil yoritirib, kasb bu - kasbiy faoliyatning sifatli tarixiy rivojlanuvchi tizim va shaxsning o’zini namoyon etish sohasi deb ta’riflaydi.
V.G.Makushinning fikricha, kasb - bu shunday faoliyatki, uning yordamida shaxs jamiyat hayotida ishtirok etadi va uning yashashi uchun moddiy vositalar asosiy manbasi bo’lib xizmat qiladi. Mavjud ta’riflarni umumlashtirib, kasb tushunchasiga quyidagicha zamonaviy ta’rif beramiz. Kasb mehnat faoliyatining paydo bo’lgan shakli bo’lib, texnika va texnologiyalarning rivojlanishi jarayonida mazmunan va shaklan o’zgarib boradi, ularni bajarish uchun inson albatta ma’lum kasbiy kompetentsiyalarga, maxsus qobiliyatlar va muhim kasbiy sifatlarga ega bo’lishlari kerak.
Kasbshunoslik nazariyasida “kasb” va “mutaxassislik” tushunchalari farqlanadi. Kasb mutaxassislikka ko’ra kengroq tushuncha bo’lib, kasbiy salohiyatida tashqari, uning muhim sifatlari - ijtimoiy - kasbiy salohiyat, kasbiy avtonomiya, o’zini nazorat qilish, guruhli mezonlar va qobiliyatlar hisoblanadi. Kasb odatda yaqin mutaxassisliklar guruhini birlashtiradi. Masalan, kasb shifokor; mutaxassisliklar - terapevt, pediatr akulist, urolog, va hokazo. Kasb – muhandis; mutaxassisliklari - konstruktor, texnolog, metallurg va hokazolar.
Mutaxassislik - kasbiy ta’lim, tayyorgarlik yo’li bilan ish jarayonidagi maxsus bilimlar, ko’nikma va malakalar komplektsi bo’lib, ular u yoki bu kasb doirasida ma’lum faoliyat turini bajarish uchun zaruriy hisoblanadi. Shunday qilib, mutaxassislik - kasb ichdagi kasbiy faoliyat turi bo’lib, u shaxsiy yutuqlarga yoki o’ziga xos vaziyatlar orqali umumiy natijalarga erishishga yo’naltirilgan bo’ladi.
Kasb, mutaxassislik tushunchalari bilan bir qatorda ixtisoslik tushunchasi xam keng qo’llaniladi. Ixtisoslik – birorta kasb doirasida ma’lum bir faoliyat turi uchun maxsus tayyorgarlik va ish tajribalari bilan erishilgan zaruriy bilimlar, ko’nikma va malakalar majmuasi.
Kasbga oid tadqiqotlarni yoritishda “kasbiy shakllanish”, “kasbiy tayyorgarlik” kategoriyalarini tadqiq etish maqsadga muvofiq. Dastlab kasbiy shakllanish jarayonining pedagogik jihatlarini shaxs rivojlanish jarayonidan farqlab olishga e’tibor qaratildi.
Birinchi holatda, kasbiy shakllanish shaxs rivojlanish shakllaridan biri, ikkinchidan esa, kasbiy shakllanish shaxsni rivojlantirish (mustaqil ta’lim va o’z-
o’zini rivojlantirish jarayonlarida) vositasida sifatida qaraladi. Har ikki jihat o’rtasida «bir butun - qism» ko’rinishdagi tarbiya, ijtimoiylashuv kabilardan iborat. Kasbiy shakllanish uchun nafaqat muayyan kasbga yoki faoliyat sohasiga qiziqish, balki ushbu faoliyat turiga layoqatning mavjud bo’lishi ham talab etiladi.
O’rganilgan barcha metodik xarakterga ega bo’lgan ilmiy izlanishlar va tadqiqotlarda kasbiy shakllanish ongli ravishda kasb tanlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.
Ayrim mualliflar, shu jumladan, D.N.Arziqulov o’quvchilarining kasbiy shakllanish jarayonini tabaqalashtirilgan ta’lim tizimining tarkibiy qismi sifatida e’tirof etadi. Ushbu tadqiqotlarda kasbiy yo’naltirilganlikni shakllantirish maqsadida tabaqalashtirilgan ta’limning tuzilmasi va mazmunini tashkillashtirish muammolari, tabaqalashtirilgan ta’limning kasb tanlash motivatsiyasiga ta’siri qarab chiqilgan.
Kasbiy faoliyatning samaradorligini shartlaridan biri mutaxassisning kasbiy tayyorligi hisoblanadi. Kasbiy tayyorgarlik deganda uning ruhiyati va jismoniy sog’lig’i hamda holati, undagi mavjud sifatlarning bajarayotgan faoliyati talablariga mosligi darajasi tushuniladi. Mashhur rus psixologi K.K.Platonov mutaxassisning kasbiy tayyorligi bu o’zining muayyan kasbiy faoliyatini bajarishga qodir va tayyorgarlik ko’rgan deb hisoblovchi va uni bajarishga intiluvchi shaxsning sub’ektiv holatidir - deb hisoblangan. Mutaxassisning kasbiy tayyorligi murakkab ko’p darajali va ko’rinishli tizimli psixik shaklga ega bo’lib, birinchi navbatda odamning shaxsiy ko’rinishi asosiy o’rin egallaydi. Shu bilan birga, kasbiy tayyorgarlik mutaxassisda kerakli darajada jismoniy sog’liqni kasbiy faoliyat uchun zarur bo’lgan jismoniy sifatlar shakllanganligi va rivojlanganligini talab qiladi. Chunki har qanday kasbiy faoliyat insonning qandaydir kuch jismoniy energiya sarflashini ko’zda tutadi. Mutaxassisning kasbiy tayyorgarligida ikkita o’zaro bog’liq bo’lgan tomonlarni ko’rsatish maqsadga muvofiq. Bu o’zaro bog’liq tomonlar psixologlar M.I.Dyachenko va A.M.Stolyarenkolar tomonidan ishlab chiqilgan bo’lib ular quyidagilardan iborat:
Shaxsning kasbiy faoliyatga dastlabki salohiyatli tayyorligi mutaxassisning bu tayyorligi quyidagilardan iborat bo’ladi, ya’ni, statik komponentlar kasbiy faoliyatning psixik asoslari, bilim, ko’nikma, malakalar kasb uchun muhim hisoblangan, shaxsning sifatlari uning munosabati, mazmun va qadriyatlari, afzalliklari hamda umuman shaxsning zarur bo’lgan kasbiy imkoniyatlari darajasi;
Shaxsning kasbiy faoliyatga bevosita ayni vaqtdagi tayyorligi. Mutaxassisning kasbiy tayyorligining ushbu tomoni tezkorligi, o’zgaruvchanligi, har qanday holat va sharoitda aniq masalalarni echish, mutaxassisning ruhiy va jismoniy holati, jamoadagi ma’naviy psixologik muhitga bog’liqligi bilan ifodalanadi. Mutaxassisning bevosita psixologik tayyorgarligi dastlabki tayyorgarlikni faollashtirish natijasi sifatida ishtirok etadi. Mutaxassisning kasbiy faoliyatga dastlabki salohiyatli tayyorligi bevosita ayni vaqtdagi tayyorligining asosi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |