www.ziyouz.com кутубхонаси
60
muhtoj bo‘ldilar. Olimlarning bu nuqsoni ommaviy tus olgan qalb xastaligi orasida ko‘rinmay qoldi.
Hatto bu ularga tasalli bo‘ldi. Natijada olimlar xalqni chalg‘itdilar, dardni ziyoda qiladigan dorilarni
ularga buyurdilar. Chunki, o‘ta halokatli bo‘lgan "hubb ud-dunyo" (dunyoni yaxshi ko‘rish) deb atalgan
o‘lat chor tarafni egallagan edi. Bu dard tabiblarni ham to‘la mag‘lub qildi. Endi ular xalqni bu
kasallikdan ogoh etishga qodir emas edilar. Nega? Chunki, o‘zlariga nisbatan haqli ravishda shunday
gaplar aytilishidan cho‘chirdilar: "Sizga nima bo‘ldi? O’zingiz bu darddan qutulolmay turib, yana bizga
undan qanday xolos bo‘lish yo‘lini o‘rgatmoqchimisiz?"
Shu sababdan bu dard xalq orasida vabodek tarqaldi, emlash yo‘llari kesildi, xalq tabiblarini topa
olmay, halokatga yuz tutdi. Tabiblar esa chalg‘itish, adashtirish fanlarini o‘zlashtiryash bilan mashg‘ul.
Koshki, ular nasihat qilmasalar — aldamasalar edi!
Koshki, ular isloh qilmasalar — buzmasalar edi!
Koshki, ular sukut qilsalar — gapirmasalar edi!..
Chunki, ular gapirsalar, ularning mav’izlarini eshitgan odamda dunyoga rag‘bat, qalblarda
dunyoga moyillik kuchayadi. Bundam mav’izalarni tinglash quloqqa yoqimli, tabiat ham ularni oson
qabul qiladi. Natijada, xalq bu va’z majlislaridan gunohlarga jur’atlangan va Allohning fazliga ishonchi
o‘ta ortgan holda siljiydi.
Qachonki, tabib nodon va xoin bo‘lsa, bemorni halokatga sudraydi. Chunki, uning dorisi zahar,
davolash yo‘li undan ham battar.
Qalb xastaligining davosi ikkita: xavf va rajodir (umid). Kimda faqat xavf ustivor bo‘lsa, dunyodan
to‘la yuz o‘giradi. Toqat qilib bo‘lmas darajadagi yukni nafsiga ortib, hayotni unga tang etadi. Bu kishi
xavf borasida haddan oshgan. Unga dinda rajo ham borligini eslatib, harakatlarini to‘g‘ri o‘zanga —
mo‘tadil holatga qaytarish lozim. Shuningdek, xohlagani holda gunohlardan qaytmayotgan, qilgan
gunohlarini ulug‘ sanab, ularning kechirilishidan noumid bo‘layotgan kishining shifosi ham shu: umid
dorisi bilan muolaja qilinadi, tavbaning qabul bo‘lishiga umid uyg‘otiladi. Shunda u shifo topib, tavba
sari qadam tashlaydi. Lekin gunoh dengiziga sho‘ng‘igan, bebosh, mag‘rur kishilarga rajo dorisini
qo‘llab bo‘lmaydi. Bu, bamisoli, isitmasi chiqqan bemorga asal berganday gap. Nodon va
ahmoqlargina bunga jur’at qiladi.
Demak, tabiblarning buzilishi halokatga olib boruvchi bedavo darddir.
Savol tug’ilishi mumkin: Voiz xolis bilan birga bo‘lishi uchun va’z yo‘li qanday bo‘lmogi kerak?
Buni muxtasar izohlab bo‘lmaydi. Bilgilki, gunohdan tiyilmaslik, doim gunoh qilaverish — bir
tugun. Bu tugunni yechishning va odamlarni gunohlarni tark etishga undashning to‘rt xil yo‘li bor.
Birinchisi,
gunohkor va osiylar qalbiga xavf soluvchi Qur’on oyatlarini zikr qilmoq. Shuningdek,
tegishli xabar va asarlarni keltirmoq. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu
so‘zlari kabi: "Tong otib, kun yorishgan har sahar, kun botib, shafaqlar yo‘qolgan har kecha borki,
unda ikki farishta to‘rt xil ovozda bir-biriga deydi: "Koshki, bu xalq yaratilmasa edi!" Boshqasi deydi:
"Koshki, ular yaratilganlaridan so‘ng nima uchun yaratilganlarini bilsalar edi!" Yana biri deydi: "Koshki,
ular nima uchun yaratilganini bilganlaridan so‘ng, bilganlariga amal qilsalar edi!" (Daylamiy rivoyati)
Ba’zi rivoyatlarda keladi: "Koshki, ular ilm majlisi qurib, bilganlarini bir-biriga eslatsalar edi",
Boshqasi deydi: "Mayli, ular bilganlariga amal qilmagan ekan, koshki, qilgan amallariga tavba etsalar
edi".
Salaflardan biri deydi: "O’ng tomondagi farishta chap
tomondagi farishtaga amirdir. Banda
gunoh qilib qo‘ysa, o‘ng tomondagi farishta chap tomondagi farishtaga: "Olti soat o‘tguncha gunohini
yozmay tur", deb bugoradi. Agar banda tavba qilib, mag‘firat tilasa, gunohi amallar daftariga
yozilmaydi. Agar istig‘for aytmasa, gunohi amallar daftariga bitiladi".
Yana shunday deyiladi: "Qachonki, banda Allohga isyon qilar ekan, bu osiy bandaning oyog‘i
ostidagi yer uni yutish uchun Allohdan izn so‘raydi. Tepasidagi osmon ham parcha-parcha bo‘lib, u
osiy bandaning ustiga qulash uchun Ollohdan izn so‘raydi. Shunda Alloh taolo yer va osmonga deydi:
"Bandamni tinch qo‘yinglar, unga muhlat beringlar. Chunki, uni sizlar yaratmadinglar. Agar
yaratganlaringda edi, albatta unga rahm qilgan bo‘lardinglar. Balki, hali u Menga tavba qilar. Shunda
Men uning gunohini mag‘firat qilaman. Balki, u qilmishini solih amal bilan yuvar.. Shunda Men uning
yomonliklarini yaxshilikka almashtiraman".
Ihyou ulumid-din. Tavba kitobi. Imom G’azzoliy
Do'stlaringiz bilan baham: |