www.ziyouz.com
kutubxonasi
38
xil karomatlardan iborat hikoyalar ham sanab bo‘lmaydigan darajada ko‘pdir. Lekin
bularni inkor qiluvchi kishiga, modomiki bu holatlarni o‘z nafsida ko‘rmagan bo‘lsa,
bunday hikoya foyda bermaydi. Chunki aslni inkor qilgan kishi tafsilotni ham inkor qiladi.
Biror kishi ham inkor qilishga qodir bo‘lmaydigan ikkita qat’iy dalil bor: birinchisi – rost
tushning ajoyibotlari, chunki rost tush bilan g‘aybiy narsalar kashf bo‘ladi. Agar bu narsa
ko‘proq uyquda sodir bo‘ladigan esa-da, uyg‘oq vaqtida ham bo‘lishini mahol, deb
bo‘lmaydi. Uyqu bedorlikdan faqat hislarning sekinlab qolishida, his etiladigan narsalar
bilan mashg‘ul bo‘lolmay qolinganlik farq qiladi, xolos. Qancha-qancha uyg‘oq kishilar
borki, o‘zi bilan mashg‘ul bo‘lib, eshitmaydi ham, ko‘rmaydi ham.
Ikkinchisi - Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning g‘oyibdan va kelajakda bo‘ladigan
ishlardan xabar bermoqlaridir. Bu Qur’onda ham kelgan. Agar bu narsalar Payg‘ambar
sollallohu alayhi vasallam uchun joiz bo‘ladigan bo‘lsa, boshqa kishilarga ham joiz
bo‘ladi. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ishlar haqiqatlari kashf qilingan va
insoniyatni isloh qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan shaxsdirlar. Bunday ishlar (nabiydan
boshqa) biror kishida zohir bo‘lsa, u payg‘ambar emas, balki valiy, deb nomlanadi. Kimki
payg‘ambarlarga iymon keltirib, to‘g‘ri tushlarni tasdiq qilsa, unga qalb uchun ikki eshik
borligiga iqrorlik lozim bo‘ladi.
Birinchi eshik tashqariga bo‘lib, ular hislardir. Ikkinchi eshik qalb ichkarisidan ko‘zga
ko‘rinmas olamga eshikdir va u ilhom, qalbga puflash va vahiy eshigidir. Bas, endi ikki
eshikning borligiga iqror bo‘lsa, ilmlarni ta’lim olish va odatiy sabablar bilan o‘rganish
doirasida cheklab qo‘ymoqlik mumkin bo‘lmaydi. Balki nafs bilan kurashish ham ilmga
olib boradigan bir yo‘l bo‘lmog‘i joizdir. Bu biz zikr qilgan qalb shahodat olami bilan
malakut olami o‘rtasida aylanib yurishi ajoyibotlarining haqligiga ishora qiladigan
narsalardir. Ammo ishlarning haqiqati uyquda ta’birga muhtoj bo‘ladigan holatda kashf
bo‘lishi va xuddi shuningdek, payg‘ambar va avliyolar uchun ham farishtalar har xil
suratlarda gavdalanishi - bular ham qalb sirlarining ajoyibotlaridandir. Bular mukoshafa
ilmi bilan lozim bo‘ladi.
Zikr qilingan mana shu narsalar bilan kifoyalanamiz. Chunki bu insonni jiddu jahdga va
ularning kashf bo‘lishini talab qilishga qiziqtirish uchun yetarlidir. Batahqiq, qalblari
ochilgan ba’zi kishilar aytadilar: «Menga farishta ko‘rindi. Mendan tavhiddan bilganlarim,
ya’ni xufyona zikrlarimdan bir narsani unga yozirishimni so‘radi. So‘rab aytdiki: «Sen
uchun bir amal yozmaymiz. Biz seni Alloh taologa yaqinlashtiradigan amalni ko‘tarib
ketishni xohlaymiz». Men: «Farz amallarni yozmayapsizmi?» dedim. Ular: «Yozyapmiz»,
deyishdi. «Unday bo‘lsa, ana shu sizga kifoya qiladi», dedim». Bunda nomai a’molni
yozadigan farishtalar qalb sirlaridan xabardor emasliklariga va albatta ular faqat zohiriy
amallardan xabardor bo‘lishlariga ishora bordir.
Ba’zi oriflar aytadilar: «Abdollarning ba’zilaridan yaqiniy mushohada haqida bir masala
so‘radim. U kishi chap tomonlariga qarab: «Alloh sizga rahm qilsin, bunga nima deysiz?»
dedilar. So‘ng o‘ng tomonlariga qarab: «Alloh sizga rahm qilsin, bunga nima deysiz?»
dedilar. Keyin ko‘zlarini qalblariga qaratdilar-da, yana: «Alloh rahm qilsin, siz nima
deysiz?» dedilar. So‘ngra ajoyib tarzda javob berdilar, men uni eshitdim. Keyin u
kishidan o‘ng va so‘l tomonga qaraganlari sababini so‘radim. U kishi: «Menda bu
masalaga puxta javob yo‘q edi. Chap tomonimdagi farishtadan so‘radim. U bilmayman,
dedi. O’ng tomonimdagi farishtadan so‘radim, u farishta chapdagidan ko‘ra bilimdon edi,
u ham bilmayman, dedi. Bas, qalbimga qarab undan so‘radim. U senga javob bergan
Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy
Do'stlaringiz bilan baham: |