www.ziyouz.com kutubxonasi
70
mustaqil ijtihod qilolmayman», deyishi lozim. Agar mazhab sohibining ikki xil
vajh yoki ikki xil fikriga sabab bo‘ladigan masalalardan bahs bo‘layotgan bo‘lsa, u holda
o‘sha ikki xildan biriga o‘xshab javob berishi mumkin. Munozara qiluvchi sohibi
mazhabning ikki xil fikridan birini, ko‘pincha hech bir munozarasiz tanlayveradi yoki ikki
xil vajhga ega masalalarda munozarani to‘xtatib, so‘zsiz xilof, jadal bo‘lishi aniq bo‘lgan
masalalarga kirishmaydi.
4. Munozara hayotda sodir bo‘lgan yoki ko‘pincha sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan
masalalar ustida qilinishi kerak. Sahobalar ham kundalik sodir bo‘ladigan yoki ko‘pincha
voqe’ bo‘lishi mumkin bo‘lgan faroizga o‘xshash masalalardagina mashvarat qilar va uni
bayon etar edilar. Hozir esa, munozarachilar xalqning ehtiyoji bo‘lgan jihatlarda va
umumiy muammo bo‘lgan masalalarda fatvo berishga ahamiyat berishmayapti. Balki
ular dovrug‘li masalalarni talab qilishadi. Natijada jadal maydoni kengayadi.
5. Munozara imkon qadar xilvatda, munozarachi uchun mahbub holatda bo‘lishi kerak.
Obro‘li insonlar va amaldorlar oldida munozara qilishdan zavqlanmasligi lozim. Zehn va
fikrning musaffo bo‘lishi, haqiqatning topilishi va fahm-xotirani jamlash uchun xilvat eng
munosib o‘rin hisoblanadi. Ko‘pchilik orasida munozara qilish esa, riyoning damlarini
junbushga keltiradi va o‘zi haq yoki nohaq bo‘lsa ham, ikkala tomon bir-biri ustidan
g‘olib kelishga intiladi. Senga ma’lumki, ko‘pchilik oldida munozara qilishga bo‘lgan
ishtiyoq hech qachon Alloh uchun bo‘lmaydi. Vaholanki, munozarachilardan birortasi
o‘sha munozara qilingan savolni tanho chog‘ida so‘ralsa, unga javob ham bermaydi.
Shuningdek, ular xilvatda bo‘lishsa, aslo bir-biri bilan munozara qilishmaydi. Qachon
ko‘pchilik yig‘ilib qolsa, hiyla kamonlaridan bir-birlariga tinmay o‘q yog‘dirishadi. Bundan
maqsad o‘zlarini kalomda ustamon ekanini ko‘pchilikka bildirib qo‘yishdir.
6. Munozara qiluvchi tortishuvni faqatgina xaqni bilmoq, topmoq uchun qilishi kerak.
Xuddi yo‘qolgan molini qidirayotgan inson kabi. Ya’ni, yo‘qotgan molini o‘zi topadimi,
yoki birodarining vositasi bilan topadimi farqi yo‘q. Qarshisidagi insonni tortishuvchi
raqib emas, balki yordamchi deya qabul qilmog‘i lozim. Qachonki unga xatosini bildirib,
haqiqatni oshkor qilsa, go‘yo yo‘qolgan molini qidirib yo‘lga chiqqan vaqtida birodari yo‘l
ko‘rsatsa, uni mazammat qilmasdan, balki unga xursand holda tashakkur aytgani kabi,
unga ham tashakkur aytmog‘i kerak.
Ha, sahobai kiromlarning mashvaratlari, munozaralari xuddi shunday edi. Bir xotin
Hazrati Umarga (r.a.) e’tiroz bildirganida, u zot jamoat huzurida: «Bu ayol to‘g‘ri
so‘zladi, Umar esa xato ketdi», deya e’lon qilganlar. Bir kishi Hazrati Alining (r.a.)
oldilariga kelib, u zotga savol berdi. Hazrati Ali berilgan savolga javob berganlaridan
so‘ng, boyagi kishi: «Ey Amirul mo‘minin! Berilgan savolning javobini yanglish aytdingiz,
menimcha javob bunday bo‘ladi», deb fikrini izhor qildi. Shunda Hazrati Ali unga: «Sen
to‘g‘ri aytding, men xato qildim. Har bir ilm sohibidan buyukroq ilm sohibi chiqaveradi»,
dedilar.
Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) Abu Muso Ash’ariyga (r.a.) xato ketgan o‘rinlarini izohlab
berganlarida, Abu Muso jamoatga qarab: «Sizlarning orangizda shunday olim bo‘laturib,
mendan savol so‘ramanglar», deya xitob qilganlar. Yuqoridagi voqeaning sodir bo‘lishiga
sabab, Abu Musodan bir kishi Alloh yo‘lida jang qilib o‘ldirilsa, uning holati qanday
bo‘lishi haqida so‘rab qoldi. Bunga javoban o‘sha paytda Kufa amiri bo‘lib turgan Abu
Muso: «U jannatdadir», deb aytdilar. Bu savol-javobning shohidi bo‘lib turgan Ibn
Ihyou ulumid-din (Din ilmlarini jonlantirish) – Ilm kitobi. Abu Homid al-G’azzoliy
Do'stlaringiz bilan baham: |