www.ziyouz.com kutubxonasi
15
Ulamolar aytishganki, yomon xotima botinda gunoh qilishga odatlangan va kezi
kelganda gunohi kabira qilishdan ham tap tortmaydigan kimsalarda uchraydi. Ammo
kimki zohirda haq yo‘l uzra sobit qadam bo‘lsa va botinda ham gunoh qilishga
odatlanmagan bo‘lsa, uning xotimasi yomon bo‘lishini hech qachon eshitmaganmiz,
bilmaymiz ham. Buning uchun Allohga hamd bo‘lsin. Endi kimki gunoh ishlarini yaxshi
ko‘rsa va gunoh qilib tavba qilmasdan yuraversa, u tavba qilib ulgurmasidan, ajali yetib
qolishi mumkin. Mana shunday vaqtda shayton uni vasvasaga soladi va uni dahshat
qamrab oladi-da, odamlarga uning badbaxt ekani ma’lum bo‘ladi. Bundan Allohning O‘zi
saqlasin. Ayrim kishilar esa butun umri mobaynida haq yo‘lda mustaqim bo‘ladilar-da,
ajallari yaqinlashgach, o‘zgarib, haq yo‘ldan og‘ib ketadilar. Bu ham xotimasi yomon,
oqibati xunuk bo‘lishiga olib keladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey
qablarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni diningda sobit-mustahkam qilgin», deb ko‘p
aytardilar. Men: «Ey Rasululloh, sizga va siz keltirgan narsalarga iymon keltirdik.
Shunda ham bizdan xavotirlanasizmi?» deb so‘radim. «Ha, chunki qalb Alloh taoloning
ikki barmog‘i orasida bo‘lib, uni xohlaganicha o‘zgartiradi», dedilar» (Termiziy rivoyati).
Asarda kelganki, Iblisga makr qilingach, Jabroil va Mikoil yig‘lay boshlashdi. Shunda
Alloh taolo ulardan: «Nima uchun yig‘layapsizlar?» deb so‘radi. Ular: «Parvardigoro,
makr-sinovingizdan xotirjam bo‘lolmayapmiz», deyishgan edi, Alloh taolo: «Xuddi
shunday bo‘lsin, makrimdan xotirjam bo‘lmanglar», dedi.
Ulamolar shunday deydilar: «Agar Alloh taolo gunoh qilishga mukkasidan ketgan
bandasiga o‘zi sevgan narsalarini berayotganini ko‘rsang, bilginki, bu U Zot tarafidan bir
makr-sinovdir».
Hikoya: Rivoyat qilinadiki, Misrda namoz o‘qish va azon aytish uchun masjidga
bog‘lanib qolgan bir kishi bor edi. U ibodatga berilgan, taqvodor edi. Kunlardan bir kuni
odatdagidek azon aytish uchun minoraga chiqdi. Minoraning yonginasida zimmiy
nasroniyning hovlisi bor edi. U hovliga ko‘z tashladi va nasroniyning qizini ko‘rib qoldi. U
chiroyli qiz edi. Kishi o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va azonni tashlab, qizning oldiga tushdi. Qiz
undan so‘radi: «Nima yumushing bor?» «Seni xohlayman va senga uylanaman». «Sen
musulmonsan, otam meni senga bermaydi». «Nasroniy bo‘laman». «Unday bo‘lsa,
mayli...»
U qizga uylanish uchun nasoro diniga kirdi va ularning hovlisida qoldi. Xuddi shu kunning
o‘zida hovlidagi bir tepalikka chiqdi-da, yerga yiqilib o‘ldi. U dini bilan muvaffaqiyat
qozonmadi, qiz bilan rohatlanmadi ham.
Allohdan makr-sinovi, xunuk oqibat va yomon xotimadan panoh berishini so‘raymiz.
Yettinchi gunohi kabira
Do'stlaringiz bilan baham: |