www.ziyouz.com kutubxonasi
33
qoldi. To‘g‘ri, u paytda ko‘zlari ham nafsilamrga yaxshi ilg‘amay qolgan edi, endi bo‘lsa ular yana
ravshan tortdi.
Mana endi baliqning haqiqatan ham mavjudligi, qo‘llari va yelkalaridagi og‘riqning ham tushida
bo‘lmayotganligi unga ayon. «Qo‘llarimning yarasi tez bitib ketadi,— deb o‘yladi u.— Yaralar
ifloslanib zo‘rayib ketmasin deb, ozmuncha qon oqizdimmi, sho‘rgina suv bo‘lsa, hoynahoy ularga
malham bo‘ladi. Ko‘rfazning qoramtir suvi — dunyoda tengi yo‘q davo. Faqat xayolim chalg‘ib
ketmasa bo‘lgani! Qo‘llar o‘z vazifasini ado etib bo‘ldi, qayiq ham joyida ketyapti. Baliqning og‘zi
bekik, quyrug‘i bo‘lsa tig‘dek tik, o‘zimiz ham yonma-yon xuddi birodarlardek suzib boryapmiz».
Uning boshi yana bir oz gangib ketdi. «Kim kimni uyga eltayapti o‘zi — men unimi yo u menimi?
Agar men uni shatakka olib borayotgan bo‘lganimda, boshqa gap edi. Yoinki, u o‘zining turgan-bitgan
savlatini boy berib, qayiq ichida yotganda edi, bunda ham hamma narsa boshqacha, ochiq-oydin bo‘la
qolardi. Ammo biz yonma-yon, bir-birimizga zanjirband bo‘lib suzib ketyapmiz. Bor-e, menga nima,
meni yetaklab ketayotgan bo‘lsa ketavermaydimi. Unga shu ma’qul bo‘lsa, biz rozi. Nafsilamrga, men
ustomonlik ishlatibgina undan ustun chiqdim; baharhol, u menga hech qanday yomonlik ko‘zlagani
yo‘q».
Ular suzgandan suzib borishar, chol o‘qtin-o‘qtin qo‘lini dengiz suviga chayqab olar, kalovlanib
qolmaslikka harakat qilib borardi. To‘p-to‘p bulutlar balandda imillar, ulardan ham yuksakda ukpar
bulutlar suzishar edi; chol, shamol tuni bilan esib chiqishini bilardi. U haqiqatan ham, baliqni tushida
emas, o‘ngida ko‘rib turganiga amin bo‘lish uchun, damba-dam unga qarab qo‘yardi. Birinchi akula
uni quvib yetguncha, bir soat chamasi vaqt o‘tdi.
Akula uni tasodifan quvib yetgani yo‘q. Baliq qonining qoramtir bulutlari avval quyuqlashib, keyin
suv bo‘ylab butun bir chaqirim chuqurlikka yoyilib ke-tishi bilanoq, u dengiz qa’ridan bosh ko‘tarib,
hech bir hadik bilmasdan, oynaday moviy dengiz sirtini shitob bilan tilib, yorug‘ dunyoga suzib
chiqqan edi. Keyin yana ortiga qaytdi, yana qon hidini tuydi va nihoyat baliq ham qayiq qoldirgan
izdan ketma-ket ta’qib eta boshladi.
Gohida u izni yo‘qotib qo‘yardi. Biroq, yoxud yana izga tushib olar, yoinki bilinar-bilinmas anqib
turgan is dimog‘iga urilardi-da, yangidan tinimsiz ta’-qib eta boshlardi. Bu — dengizning eng uchqur
balig‘i qanchalik tez suza bilsa, shunchalik tez suza olish uchun dunyoga kelgan, mako jinsidan
bo‘lgan juda ham yirik akula edi. Uning komi deyilmasa, butun sumbati bilan mana men deb turar edi.
Usti xuddi qilich baliqniki kabi moviy, qorni kumush rang sirti silliq va chiroyli, hozir mahkam qisib
olingan jahannam darvozasiday jag‘larini hisobga olmaganda, turgan-bitgani qilich baliqqa o‘xshardi.
U cho‘qqayib chiqqan tepa qanoti bilan suvni yengil yorib, dengiz yuzidan tez suzib kelardi. Og‘zining
mahkam yumib olingan qo‘sh tabaqa lablari ortida sakkiz qator bo‘lib o‘roq tishlari tizilib ketar edi.
Ular ko‘pchilik akulalarning aksar qirrador tishlariga o‘xshamas, balki yirtqich chovuti singari
qayrilgan odam barmoqlarini eslatardi. Uzunligi ham cholning barmoqlaridan qolishmas, ziylari bo‘lsa
ustaraday o‘tkir edi. Akula jamiki dengiz baliqlarini jig‘ildoniga urish uchun yaratilgan, bundan hatto
boshqa hech qanday dushmandan tap tortmaydigan, benihoya epchil, kuchli hamda yaxshi muhofaza
qilingan baliqlar ham holi emas edi. Shu tobda u o‘ljaning yaqinligini sezib, shoshilar, shu sababdan
ham moviy tepa qanoti suvni shiddat bilan tilik-lab borardi.
Chol akulani ko‘rishi bilan uning hech narsadan qaytmasligini, xohlagan noma’qulchiligini
qilishini tushundi. U akulaning yaqinroq kelishini kutarkan, garpunni shaylab, arqonning oxirini
mahkamlab qo‘ydi. Baliqni bog‘lab olayotganida, uning bir bo‘lagini kesib ishlatganidan, arqon kalta
bo‘lib qolgan edi.
Cholning boshi hozir batamom tiniqqan, o‘zini hech narsadan umidvor tutmasa-da, harqalay,
qat’iyat bilan belni mahkam bog‘lagan edi.
«Hamma ish xamirdan qil sugurganday borayotgan ediki, oxirigacha shunday davom etishi
mumkin emasdi ham»,— deb o‘ylardi u.
Akulaning yaqinlab kelishidan ko‘zini uzmay, chol azim baliqqa nazar tashladi. «Bularning bari,
Ernest Xeminguey. Chol va dengiz (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |