3-§. Tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqining obyektlari,
subyektlari tushunchasi va o‘ziga xos xususiyatlari
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, yer, yer
osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy
resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va
ular davlat muhofazasidadir, deb ko‘rsatilishi tabiiy resurslarga nisbatan
davlat va xalqning egaligini belgilaydi. Masalan, yerga nisbatan davlat
mulki deganda shuni tushunish kerakki, yer ustidan va barcha yer fondi
toifalaridan hukmronlikni, ya’ni uni tasarruf qilish huquqini faqat davlat
amalga oshiradi.
Davlat yerning egasi sifatida yerga oid hamma masalalarni hal eta
oladi, ya’ni foydalanish uchun beradi, qaytarib oladi, yerdan foydalanish
maqsadlarini belgilaydi, yer tuzish ishlarini amalga oshiradi va hokazo.
Zero, yer – umummilliy boylik deganda undan shu hududda yashay-
digan xalqlarning manfaatini ko‘zlab foydalanish tushuniladi yoki xalq
bevosita yerning egasi hisoblanmaydi, ya’ni yer xalqning mulki
hisoblanmaydi. U bu huquqni ma’lum davlat organlari orqali amalga
oshiradi. Yerga nisbatan mulk huquqini xalq o‘zicha, bevosita amalga
oshira olmaydi.
Shuning uchun ham tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqining
subyekti – asosan davlat. Demak, davlat qonun asosida tabiat
resurslaridan foydalanish va uni bekor qilish huquqiga ega bo‘ladi hamda
qonun asosida uni boshqa foydalanuvchilarga beradi.
O‘zbekiston Respublikasi «Yer kodeksi»ning 17-moddasiga asosan
yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari
belgilanib, «yuridik shaxslar ushbu kodeks va boshqa qonun hujjatlariga
muvofiq doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha)
foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida yer uchastkalariga ega
bo‘lishlari mumkin.
Jismoniy shaxslar ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlariga
muvofiq meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foyda-
41
lanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi
asosida yer uchastkalariga ega bo‘lishlari mumkin».
O‘zbekiston Respublikasi «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi
qonunining 18-moddasida: «Mulkchilikning barcha shaklidagi korxo-
nalar, muassasalar, tashkilotlar, dehqon xo‘jaliklari va O‘zbekiston
Respublikasi fuqarolari, boshqa davlatlarning fuqarolari hamda fuqa-
roligi bo‘lmagan shaxslar suvdan foydalanuvchilar bo‘lishlari mumkin.
Qonunlarda nazarda tutilgan hollarda boshqa tashkilotlar va shaxslar
ham suvdan foydalanuvchi bo‘lishlari mumkin» deb ko‘rsatilgan.
Demak, O‘zbekiston Respublikasida tabiiy resurslardan foydalanish
tartibi umumiy va maxsus yo‘sinda olib boriladi.
Tabiatdan umumiy tarzda foydalanish fuqarolar tomonidan hayotiy
zarur ehtiyojlarni qondirish uchun tyokinga tabiiy resurslarni ayrim
foydalanuvchilarga biriktirmay va hech qanday ruxsatnomalar bermay
turib amalga oshiriladi.
Tabiatdan maxsus yo‘sinda foydalanish tariqasida korxonalar,
muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarga ishlab chiqarish va o‘zga xil
faoliyatni amalga oshirish uchun tabiiy resurslar haq olib maxsus
ruxsatnomalar asosida egalik qilishga, foydalanishga yoki ijaraga
beriladi (O‘zbekiston Respublikasining Tabiatni muhofaza qilish
to‘g‘risidagi qonuni, 6-modda).
Tabiiy resurslarga nisbatan mulkchilikning obyekti – tabiiy
resurslar, ya’ni yer, suv, o‘rmon, o‘simlik va hayvonot dunyosi, yer osti
boyliklari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi «Yer kodeksi»ning 8-moddasida ko‘rsatil-
gan barcha yer fondi toifalari, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi
qonunning 4-moddasida ko‘rsatilgan yagona davlat suv fondi, «O‘rmon
to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasida ko‘rsatilgan davlat o‘rmon fondi,
«O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi
qonunning 5-moddasida ko‘rsatilgan o‘simlik dunyosi obyektlari, «Hay-
vonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi
qonunning 4-moddasida ko‘rsatilgan hayvonot dunyosi obyektlari, «Yer
osti boyliklari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasida ko‘rsatilgan yer
osti boyliklari davlat fondi va boshqalar tabiiy resurslarga nisbatan
mulkchilikning obyekti hisoblanadi.
Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolik kodeksi»ning
168-moddasiga asosan fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat mulk
huquqining subyektlari bo‘ladi. Mulk huquqining obyekti masalasi ham
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida aniq ko‘rsatilgan.
42
«Yer, yer osti boyliklari, suvlar, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va
hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar, korxonalar, ashyolar,
jumladan binolar, kvartiralar, inshootlar, asbob uskunalar, xom ashyo va
mahsulot, pul, qimmatli qog‘ozlar va boshqa mol-mulk, shuningdek
intellektual mulk obyektlari mulk bo‘lishi mumkin» (Fuqarolik kodeksi,
169-modda).
Tabiat resurslariga nisbatan mulk huquqining mazmuni asosan uchta
elementdan iborat: tabiat resurslariga egalik qilish, ulardan foydalanish
va ularni tasarruf qilish huquqi.
Mazkur holat, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 164-
moddasida yanada mustahkamlangan. Unga asosan «Mulk huquqi shaxs-
ning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini
ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek
o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin har qanday buzishni
bartaraf etishni talab qilish huquqidan iborat. Mulk huquqi muddatsizdir»,
deb ko‘rsatilgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining «O‘rmon
to‘g‘risida»gi qonuniga asosan o‘rmondan foydalanuvchilar o‘rmonni
tasarruf qilish huquqiga ega emas, zero bu huquq faqat o‘rmonning egasi
bo‘lgan davlatda saqlanib qoladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘rmondan
foydalanuvchi subyektlar o‘rmonning mulk huquqi asosida egasi
hisoblanmaydilar va tasarruf qilish huquqiga ega emaslar. Ushbu holatdan
xulosa qilib aytish mumkinki, «O‘rmon to‘g‘risida»gi qonunning 7-
moddasiga asoslanib, o‘rmondan foydalanuvchi subyektlar faqat o‘rmonni
egallash va undan foydalanish huquqiga egadirlar.
Tabiat resurslaridan foydalanuvchi subyektlarning tabiat resurslaridan
foydalanishga oid munosabatlarida tabiiy resurslarga egalik huquqi katta
ahamiyatga ega. Bu huquq orqali tabiiy resurslardan foydalanuvchi
subyektlar o‘zlarini tabiiy resursning «xo‘jayini» sifatida his etadilar.
Mazkur huquq tufayli tabiiy resurslardan foydalanuvchilar qonunda belgi-
langan tartibda undan mustaqil tarzda foydalanishlari mumkin. Masalan,
O‘zbekiston Respublikasi «Yer kodeksi»ning 17-moddasida yuridik va
jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari aniq ko‘rsa-
tilgan. Ushbu qonunning 20-moddasida «Yer uchastkalariga doimiy va
muddatli (vaqtincha) egalik qilish hamda ulardan doimiy va muddatli
(vaqtincha) foydalanish huquqi» ham aniq o‘z aksini topgan.
Tabiiy resurslardan foydalanish huquqining mazmuni haqida fikr
yuritilganda, mazkur huquqning cheklanishi, tugatilishi masalalari ham
muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday holatlar, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida» qonun-
ning 23-moddasida, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning
43
34-moddasida, «Yer kodeksi»ning 42-moddasida, «O‘rmon to‘g‘risida»gi
qonunning 10-moddalarida qonuniy o‘z ifodasini topgan.
Demak, tabiiy resurslardan foydalanish huquqi mazmunining o‘zgarishi
foydalanishda bo‘lgan tabiat obyektlarining bir toifadan ikkinchi toifaga
o‘tishi, ayrim maydonlardan foydalanish rejimining o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Zotan, tabiiy resurslardan foydalanish huquqi to‘g‘risida gap borganda
bu huquqni bekor qilish yoki to‘xtatib qo‘yish masalasi ham katta aha-
miyatga ega. Amaldagi qonunlarda, masalan, suvdan foydalanish huquqini
bekor qilish tartibi «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning
37-moddasida Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni bekor qilish tartibi
Yer kodeksining 36-moddasida va boshqa qonunlarda o‘z aksini topgan.
Tabiat resurslariga nisbatan mulk huquqining mazmuni tabiat
obyektlaridan foydalanuvchi subyektlarning huquq va majburiyatlari bilan
ham chambarchas bog‘liq.
Tabiat resurslaridan foydalanuvchi subyektlarning o‘z huquq va
majburiyatlarining mazmunini yaxshi anglab yetishlari hamda unga rioya
qilishlari tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza etish,
tabiatni muhofaza qilish va ekologik qonunchilik talablarini bajarishga,
belgilangan talablarni buzmaslikka xizmat qiladi.
Amaldagi bir qator qonunlarda, jumladan, «Yer kodeksi»ning 5-bob
39- 42-moddalarida yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchast-
kasi egasining huquq va majburiyatlari, «O‘rmon to‘g‘risida»gi qonunning
21-moddasida o‘rmondan doimiy foydalanuvchilarning huquq va
majburiyatlari, 22-moddasi o‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilarning
huquq va majburiyatlari aniq ko‘rsatilgan.
Xullas, yuqoridagi barcha holatlar tabiiy resurslardan oqilona foyda-
lanish va ularni muhofaza qilishga, sodir etilishi lozim bo‘lgan ekologik
huquqbuzarliklarga qarshi kurashish uchun asosiy manba bo‘ladi.
Tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqini muhofaza qilish har bir
obyektdan oqilona foydalanishni ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida: «Fuqa-
rolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur-
dirlar», deb ko‘rsatilishi har bir tabiat resurslaridan foydalanuvchilar
mazkur obyektlardan oqilona foydalanishlari va ularni muhofaza qilib, ko‘z
qorochig‘a asrashlariga undaydi.
Shuning uchun ham tabiat resurslariga nisbatan davlat mulkchiligini
muhofaza qilish tabiat resurslaridan foydalanuvchi subyektlarning mulk
huquqini muhofaza qilish bilan bog‘liq bo‘lib, korxona, muassasa,
tashkilotlarning ushbu holat yuzasidan huquq va majburiyatlarini amalga
oshirish, bu borada davlat nazoratini olib borish hamda nojo‘ya xatti-
44
harakatlar, ya’ni ekologik huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun yuridik
javobgarlikni belgilash bilan bevosita bog‘liq.
O‘zbekiston
Respublikasi
Konstitutsiyasining
54-moddasida
ko‘rsatilganidek, mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan
foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga
zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini
hamda qonun bilan ko‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.
Mazkur g‘oya tabiat resurslaridan foydalanuvchilarga nisbatan bir
qator mas’uliyatlar yuklaydi. Bunda foydalanuvchilarni yer, yer osti
boyliklari, suv o‘rmon, atmosfera havosi, o‘simlik va hayvonot
dunyosidan noto‘g‘ri foydalanganlik uchun faqat javobgarlikka tortish
emas, balki ularning tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan
mulk huquqini muhofaza qilishdan iborat. Bunda davlat tomonidan bir
qator mas’uliyatli ishlar olib borish talab etiladi. Masalan, ekologik va
agrar qonunlarning mohiyatini tushuntirish, zamonaviy ilmiy-texnika
yutuqlaridan foydalanib tabiatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash,
ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash, ekologik huquqiy ta’lim va
tarbiyani, ekologik huquqiy ma’naviyat va madaniyatni oshirish, tabiat
obyektlaridan foydalanishni nazorat etish va boshqalar shular
jumlasidandir. Ushbu talablarni amalga oshirishda asosan jamoatchilik
va mahalla qo‘mitalarining faol ishtiroki katta rol o‘ynaydi. Shunday
ekan, tabiat resurslariga nisbatan mulk huquqini muhofaza qilish asosan
sud tartibida va ma’muriy tartibda olib boriladi.
Tabiat resurslariga nisbatan mulk huquqini sud tartibida himoya
qilish yer, suv, yer osti boyliklari, havo, o‘rmon, o‘simlik va hayvonot
dunyosiga nisbatan egalik huquqi, mulk huquqi, bitim va shartnomalar-
ning qonuniyligi oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar, tabiat
obyektlaridan foydalanish va uni muhofaza qilish huquqlarini buzganlik
uchun yetkazilgan zararlar yoki sodir etilgan ekologik jinoyatlarning
ko‘rib chiqilishida namoyon bo‘ladi.
Tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqini muhofaza qilish ma’muriy
tartibda ham olib borilishi mumkin. Bunda sodir etilgan ekologik
huquqbuzarliklar uchun ma’muriy organlar tomonidan ma’muriy jazolar
qo‘llanilishi, mansabdor shaxslarning chiqargan tegishli aktlari yuqori
organ tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Tabiat resurslariga nisbatan mulk huquqini muhofaza qilish usuli,
ma’lum huquq tarmog‘i talabi asosida olib boriladi. Umuman olganda,
tabiat resurslariga nisbatan mulk huquqini, davlat mulkchiligini qonun
asosida qo‘riqlash asosan intizomiy-huquqiy, ma’muriy-huquqiy, fuqa-
rolik-huquqiy va jinoyat-huquqiy usullar orqali amalga oshiriladi.
45
Har qaysi usul o‘zining alohida xususiyatiga ega bo‘lib, yetkazilgan
zarar, uning oqibati, qonunga xilofligi hamda da’vo arizasida
ko‘rsatilgan holatlarning qay darajada sodir etilganligi bilan bog‘liq.
Shunday qilib, tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqini muhofaza
qilish mehnat, ma’muriy, fuqarolik va jinoyat huquqiy tizimlar bilan
bog‘liq bo‘lib, sodir etilgan va yetkazilgan zarar uchun aniq jazo
choralari yuqoridagi huquq tizimlarida va amaldagi qonunchilikda aniq
ko‘rsatilgan.
1992-yil 9-dekabrida qabul qilingan «Tabiatni muhofaza qilish
to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasida tabiatni muhofaza qilishdan
maqsad berilgan va unga asosan:
– inson salomatligi uchun, ekologik muvozanatni saqlash uchun,
respublikani samarali va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish
manfaatlari yo‘lida tabiatdan oqilona va uni ishdan chiqarmaydigan qilib
foydalanish uchun qulay shart-sharoit yaratish;
– jonli tabiatning turlari va genetik fondi boyligini saqlab qolish;
– ekologiya tizimlari, landshaftlar va noyob tabiat obyektlari xilma-
xilligini saqlab qolish;
– ekologiya xavfsizligini ta’minlash;
– tabiat obyektlari bilan bog‘liq madaniy merosni asrab qolish.
Ushbu maqsadlarga erishish barcha huquqni muhofaza qiluvchi
organlar qatori ichki ishlar organlari zimmasiga ham katta mas’uliyat
yuklaydi.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Huquqiy tarbiyani
yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish,
huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik
fikrini o‘rganish ishini yaxshilash haqida»gi 1997-yil 25-iyundagi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining «Jamiyatda huquqiy mada-
niyatni yuksaltirish milliy dasturi to‘g‘risida»gi qarorida huquqiy va
huquqiy-ekologik muammolarni hal etishda Ichki ishlar vazirligi va
organlari faoliyatiga alohida e’tibor qaratilgan, shuningdek IIV bir qator
vazifalarni bajarishi zarurligi ko‘rsatib bergan.
Ekologik muammolarni hal etish, ekologiya sohasidagi huquq-
buzarlik va jinoyatlarning oldini olish va ochishda IIVning bir qator
bo‘linmalari ijobiy ishlarni amalga oshirib, ekologik qonunlar ijrosini
ta’minlamoqda
1
.
1
Qarang: Шоимов Н.Б. Ички ишлар органларининг экологик қонунлар
ижросини таъминлаш фаолияти: Ўқув қўлланма. – Т., 2011.
46
Do'stlaringiz bilan baham: |