28
Ikkinchi bob
EKOLOGIYA SOHASIDAGI DAVLAT BOSHQARUVI VA NAZORATI.
TABIIY OBYEKTLARGA NISBATAN MULK HUQUQI
1-§. «Ekologiya sohasida davlat boshqaruvi va nazorat etish»
tushunchasi hamda uning vazifalari
Bozor iqtisodiyoti sharoiti va mustaqillik O‘zbekiston Respublika-
sida tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishni
talab qiladi.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvini tashkil etish hamda
nazoratini kuchaytirish va uni olib borish mustaqil davlatimiz ekologik
siyosatining asosini tashkil etadi.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvi davlat organlari tomonidan
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishni tashkil qilishda
namoyon bo‘ladi va jamiyatda ijtimoiy boshqaruvning tarkibiy qismi
hisoblanadi.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvini shakllantirish orqali davlat
o‘zining ekologik vakolatini va siyosatini amalga oshiradi. Ushbu
boshqarishni tashkil etish asosida inson atrof-muhitni yaxshilash, tabiatni
muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash
maqsadlari turadi.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvi orqali davlat tabiiy resurslar-
ning mulkdori sifatida tabiiy resurslardan foydalanishni tashkil etish
maqsadida ularni tassarruf etish huquqini amalga oshiradi.
Ekologiya huquqi fanida ekologiya sohasida davlat boshqaruvi
alohida institut hisoblanib, o‘z xususiyatiga ko‘ra, bir qator prinsiplari,
shakllari va funksiyalari bilan farqlanib turadi.
Chunki Sobiq ittifoq davrida ma’muriy buyruqbozlik ushbu sohaga
ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatgan. Endilikda ma’muriy buyruq-
bozlik mazkur sohada yo‘qotildi, hozirgi sharoitda ko‘p mulkchilikning
xususiyatlari inobatga olinib, ekologiya sohasida davlat boshqaruvi
amalga oshirilmoqda.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvi – davlatning ijroiya farmoyish
berish va ijroiya boshqaruv faoliyati bo‘lib, u tabiat va inson o‘rtasidagi
mavjud muvozanatni saqlashga qaratilgan, tabiat resurslaridan
29
foydalanuvchi subyektlarning o‘z huquq va majburiyatlarini amalga
oshirishlari, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza
qilish tartibi bilan bevosita bog‘liqdir.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvining obyekti – insonning
yashash uchun qulay atrof tabiiy muhitga ega bo‘lish borasidagi faoliyati
va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvidan maqsad tabiiy resurslardan
oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish bilan bog‘liq tadbirlarni
o‘tkazish, ularning bajarilishini ta’minlash, tabiatni muhofaza qilish
to‘g‘risidagi va ekologik qonunlarga qat’iy rioya etish, inson hayoti
uchun qulay ekologik muhit yaratish, mavjud tabiiy resurslardan oqilona
foydalanish va ularni muhofaza qilish hamda barcha tabiat boyliklarini
kelajak avlod va mustaqil davlatmizning ravnaqi uchun ko‘z qorachig‘i-
dek saqlashdan iborat bo‘lishi lozim.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvini ta’minlash bir qator
prinsiplarga amal qilishni ham taqozo etadi. Bular:
– inson hayoti va uning sog‘lig‘ini ta’minlash, buning uchun tabiat
obyektlarini saqlash va tiklab borish;
– tabiat resurslariga nisbatan davlat mulkchiligi;
– ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonida ekologik muammolarni
hal qilishda davlatning alohida e’tibor berishi;
– ekologiya sohasida davlat boshqaruvini olib borish, tashkil etish va
bajarish jarayonida turli samarali iqtisodiy metodlardan foydalanish
lozimligi;
– ekologik muammolarni hal qilishda keng jamoatchilik, fuqarolar,
jamoat tashkilotlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarini jalb
qilish;
– demokratik sentralizm va qonuniylik;
– kelajak avlod oldida ekologik muammolarni hal etishdagi javob-
garlik kabi va boshqa asosiy xususiyatga ega bo‘lgan prinsiplar mavjud.
Bulardan tashqari, ushbu sohada qonunchilik, rejalashtirish va
bo‘ysunish kabi umumiy prinsiplarni ham o‘z ichiga oladi.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvi uch shaklda amalga oshiriladi:
1) huquq ijodkorligi – bunda ekologiya sohasini boshqarish bilan
bog‘liq bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish
mumkin bo‘ladi;
2) huquqni tatbiq etish – davlat tomonidan aniq tadbirlarni amalga
oshirish uchun qabul qilingan normativ hujjatlarni boshqarish jarayonida
qo‘llashni ta’minlash;
30
3) huquqni muhofaza qilish – davlatning ekologiya sohasini
boshqarish va bu bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa talablarni o‘z vaqtida
bajarmaganlik uchun tegishli javobgarliklar belgilashi orqali amalga
oshiriladi.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvini tashkil etishning alohida
metodlari ham mavjud bo‘lib, bunda, albatta, ko‘p mulkchilik va
subyektlarning ushbu sohadagi xususiyatlari inobatga olinadi. Masalan,
ko‘rsatmaning majburiyligi, chiqarilgan buyruqlarning davlat organlari
tomonidan bajarilishi, davlat tomonidan ruxsat berilishi (ekologik
ekspertiza uchun) va boshqalar.
Ekologiya sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirish jarayoni
davlat boshqaruvini mustahkamlovchi o‘zining bir qator funksiyalariga
tayanadi.
1) atrof tabiiy muhit sifatining normativlari va standartlari;
2) ekologik monitoringning mavjudligi;
3) tabiat resurslariga nisbatan ekologik kadastrning yuritilishi;
4) ekologik ekspertizaning o‘tkazilishi;
5) ekologik nazoratni tashkillashtirish va olib borish;
6) ekologik to‘lov va soliqlarni undirish;
7) ekologiya sohasidagi qonunlarni buzganlik uchun aniq
javobgarliklar mavjudligi.
Biz mavjud ko‘rsatilgan funksiyalarni keyingi paragraf va
boblarimizda aniq va kengroq tahlil qilishga harakat qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasida ekologik muammolarni hal etish bir
qancha davlat organlarining birgalikda va chambarchas ish olib borishini
taqozo qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasiga ko‘ra,
O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning
qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga
asoslanadi.
Bu shundan dalolat beradiki, yuqoridagi organlar o‘z huquqiy vako-
latlari jarayonida ekologik muammolarni hal etishda davlatning ekologik
siyosatini amalga oshiradilar.
O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘ri-
sida»gi qonunida ekologiya sohasida davlat boshqaruviga katta e’tibor
berilib, alohida II bob «Davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining
tabiatni muhofaza etishga taalluqli huquqiy munosabatlarni tartibga
solish sohasidagi vakolatlari» (7-11 moddalar) deb nomlanadi.
31
Davlat boshqaruv organlarini ekologiya sohasidagi vakolatlariga
qarab tizimga bo‘lish mumkin.
Umumiy va maxsus.
Umumiy vakolatli davlat boshqaruvi organlariga quyidagilar kiradi:
– Prezident va uning devoni;
– Oliy Majlis;
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi;
– Vazirlar Mahkamasi;
– Mahalliy hokimiyatlar.
Prezident ekologiya sohasidagi ishlarni amalga oshirish jarayonida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasida ko‘rsatilgan
yoki o‘z vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni hal etadi.
Shuningdek, Prezident o‘z vakolati doirasida:
1) ekologiya sohasidagi qonunlarni imzolaydi va shunga oid farmon,
farmoyish va qarorlar qabul qiladi;
2) ekologik xavfsiz muhitni ta’minlash uchun zaruriy chora-tadbirlar
ko‘radi;
3) Oliy Majlis tasdig‘iga tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining raisi
lavozimiga nomzod taqdim etadi;
4) ekologik inqiroz yoki talofat ko‘rgan hududlar yoki butun hudud
bo‘yicha favqulodda holat joriy etadi;
5) respublika ichki va xalqaro ekologik siyosatiga doir vakolatlarni
amalga oshiradi va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasi «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi
qonunning 7-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi va Senatining tabiatni muhofaza qilishga oid
huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari berilgan
bo‘lib, unga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik
palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
– tabiatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy
yo‘nalishlarini belgilash;
– davlat ekologiya dasturlarini tasdiqlash;
– tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonunlarni ishlab chiqish va
qabul qilish;
– hududlarni favqulodda ekologik vaziyat, ekologik ofat va ekologik
halokat zonalari deb e’lon qilish, bunday zonalarning huquqiy rejimini
va jabrlanganlarning maqomini belgilash;
– tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi
ustidan nazoratni muvofiqlashtirib borish;
32
– tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun haqning chegara miqdor-
larini belgilash, shuningdek to‘lovlarni undirish bo‘yicha imtiyozlar
belgilash;
– qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal qilish.
Amaldagi qonunchilikka asosan atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish
va tabiiy resurslardan foydalanishning davlat boshqaruvini O‘zbekiston
Respublikasining qonunlari va boshqa normativ hujjatlariga muvofiq
Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tabiatni muho-
faza qilish sohasidagi vakolatlari quyidagilardir:
– tabiatni muhofaza qilishga doir yagona siyosat yuritish;
– tabiat resurslaridan foydalanishni tartibga solish;
– tabiiy resurslarga nisbatan tabiat kadastri yuritilishi tartibini belgilash
va bunday kadastr yuritilishini ta’minlash, respublika ahamiyatiga molik
tabiiy resurslarning zaxiralarini tasdiqlash;
– ekologiya jihatidan tang vaziyatlar, tabiiy ofatlar va falokatlarning
oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
– tabiiy ofatlar va yirik avariyalarning oqibatlarini tugatish chora-
tadbirlarini amalga oshirish;
– tabiiy resurslardan foydalanganlik, atrof tabiiy muhitni ifloslan-
tirganlik, chiqindilar, zararli ta’sir etuvchi boshqa narsalar joylashtirib
tashlaganlik uchun haq to‘lash tartibini, shuningdek tabiiy resurslardan
foydalanish, chiqindilar joylashtirish limitlarini belgilash;
– ekologiya maorifi va tarbiyasi tizimini yaratish hamda uning amal
qilishini ta’minlash;
– tabiatdan alohida tartibda foydalaniladigan hududlarning chegara-
larini, tabiatni muhofaza qilish va xo‘jalik faoliyati rejimlarini tasdiqlash;
– tabiatni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasida
davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish;
– O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan
boshqa tadbirlarni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasining vakolat doirasiga kiradi.
E’tirof etish lozimki, tabiatni muhofaza qilish sohasida davlat
hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralarining vakolatlari ham mavjud
bo‘lib, ular quyidagilardir:
– o‘z hududida tabiatni muhofaza qilishning asosiy yo‘nalishlarini
belgilash, mintaqaning (hududning) ekologiya dasturini tasdiqlash;
– tabiiy resurslarni hisobga olish va ularning ahvoliga baho berish,
ekologiya jihatidan zararli bo‘lgan obyektlarni ro‘yxatga olish;
33
– tabiatni muhofaza qilishga doir tadbirlarni moddiy-texnika
jihatidan ta’minlash;
– tabiiy resurslardan foydalanish huquqini beruvchi, sanoat chiqin-
dilarini yoki ro‘zg‘or chiqindilarini to‘plash yoki ko‘mib tashlashga
ruxsatnomalarni belgilangan tartibda berish yoki ularni bekor qilish;
– tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun to‘lovlar undirish;
– tabiatning muhofaza qilinishi ustidan nazorat o‘rnatish, atrof
muhitga zarar yetkazayotgan mahalliy ahamiyatga molik obyektlar
faoliyatini vaqtincha yoki butunlay to‘xtatish va qayta ixtisoslashtirish
to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
– O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan boshqa
masalalarni tartibga solish davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy
idoralarining vakolatiga kiradi.
Atrof muhitga zarar yetkazayotgan tadbirkorlik subyektlari hisob-
langan mahalliy ahamiyatga molik obyektlarning faoliyatini to‘xtatib
qo‘yish (favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va
salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan
bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga
to‘xtatib qo‘yish hollari bundan mustasno) yoki tugatish va qayta
ixtisoslashtirish, shuningdek ularga berilgan tabiiy resurslardan
foydalanish huquqiga doir ruxsatnomani bekor qilish sud tartibida
amalga oshiriladi.
Maxsus tizimga kiruvchi davlat organlari ekologiya sohasidagi
tegishli vakolatlariga qarab, kompleks, tarmoqlararo va funksional
guruhlarga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |