www.ziyouz.com
kutubxonasi
83
bo‘lganida, hammangni otib tashlayman, degan ekan, qo‘rqib kesishmabdi. To‘pponchasi
bormish. Onangni qayerda ko‘rsam, peshonasidan otib tashlayman, derkan...
O‘sha kuni odatdagidek men echkimni, Xo‘ja buzog‘ini yetaklab, o‘tloqqa olib bordik.
Mening echkim sersut, yuvoshgina-yu, ammo bir aybi bor. Ko‘zni shamg‘alat qilib,
uloqchalarini to‘yg‘azib, emizdirib oladi. Shundan qo‘rqib oyim yeliniga xalta bog‘lab
qo‘yadi. Xo‘janing buzog‘i esa qayerda latta ko‘rsa yamlab qo‘yadi. O‘shanda kelib-kelib
jo‘raboshimizning shinelini chaynamaganida olam guliston edi. Hammamiz qiy-chuv solib
o‘ynayotgan edik, jo‘raboshimiz alam bilan do‘rillab qoldi:
— Shinelim! Shinelimni yeb qo‘ydi!
Shunday degancha kattakon tayog‘ini ko‘tarib tol soyasida allanimani mazza qilib
chaynayotgan buzoq tomonga yugurdi. Hammamiz turgan joyimizda qotib qoldik.
Jo‘raboshimiz dadasi urushdan olib kelgan shinelini jonidan ham yaxshi ko‘rar, qishda
etagini osiltirib kiyib yurar, yozda ham qo‘ldan qo‘ymasdi. U bora solib buzoqning
gardaniga tayoq bilan bir tushirdi. Buzoq sho‘rlik shinelining yengidan tishlaganicha,
dumini xoda qilib qochdi. Jo‘raboshimiz jonholatda shinelga yopishdi. Buzoq anchagina
joyini yamlab bo‘lgan ekan, yengining yarmigacha so‘lak bilan qo‘shilib cho‘zilib og‘zidan
chiqdi.
Bolalar yetib kelganida jo‘raboshimiz g‘alvir bo‘lib ketgan yengni ushlagancha bo‘zrayib
o‘tirar edi. Xo‘jani ko‘rdiyu jazavasi qo‘zib ketdi.
— Nima qilding?! — dedi g‘azab bilan.
Xo‘ja, buzoq emas, o‘zi aybdordek ko‘zlarini javdiratgancha goh jo‘raboshiga, goh
shinelga tikilib lol turardi.
— Endi nima qilaman buni! — jo‘raboshi shinelni yerga uloqtirdi. — Moling ham o‘zingga
o‘xshaydi! Xo‘jalar peshindan keyin aynaydi. Oying ham aynab, o‘ynashi bilan qochib
ketgan!
Oramizdan tikroq bolalar chekka-chekkadan piqillab kulib yuborishdi. Toy angraygancha
burnini sekin tortib qo‘ydi.
Ertalab dadamdan eshitgan gapni esladimu qo‘rquv ichida Xo‘jaga qaradim. U bir zum
hammaga javdirab qarab chiqdi-da, to‘satdan jo‘raboshiga tashlandi. Ammo o‘sha
ondayoq chakkasiga tushgan musht zarbidan ancha nariga uchib ketdi.
— Nega urasan! — dedim alam bilan chiyillab. Akalarim o‘rgatganidek, mushtimni iloji
boricha qattiqroq qisib, jo‘raboshiga yugurdim, u bo‘lsa, urib ham o‘tirmadi. Kafti bilan
jag‘imga bir turtgan edi, chalqanchasiga ag‘darilib tushdim. Og‘zim sho‘r bo‘lib ketdi.
Ko‘zimni ochsam, tepamda Toy turibdi.
— Tur, — dedi qo‘limdan tortib. — Yomon urdimi?
— Ikkalang ham yo‘qol! — dedi jo‘raboshi do‘rillab.— Bugundan boshlab molingni
jiydazorda boqasan.
Birpasdan keyin Xo‘ja buzog‘ini, men echkimni yetaklab, qing‘ir-qiyshiq jiydalar orasiga
kirib ketdik. Jiydazor etagida Qonqus oqar edi, qirg‘oqqa borib o‘tirdik.
— Og‘zing qonayapti, — dedi Xo‘ja yuzimga tikilib.
Kaftimni orqasi bilan artsam, qo‘lim qon bo‘ldi. Shu paytgacha bilmaganimga o‘zim ham
hayron qoldim. Tupurib tashladimu oldimdagi kurak tishim ilinib turganini payqadim.
Qo‘lim tegishi bilan tishim sug‘urilib chiqdi.
— Tishingni sindirdimi? — Xo‘ja ko‘zimga shunday javdirab tikildiki, og‘riq ham esimdan
chiqib ketdi.
— O‘zi liqillab turuvdi, — dedim tishimni tomosha qilib.
Endi uloqtirib yubormoqchi edim Xo‘ja qo‘limdan ushladi:
— Shoshma! Mana bunday o‘tir. — U meni suvga teskari qilib o‘tqazdi. — Ko‘zingni
yumasan-da, «Suyak tishimni ol, tilla tishimni sol», deb uch marta aytasan. Tishingni
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |