www.ziyouz.com
kutubxonasi
55
yuzimga bosdi. — Ukajonimni nega qo‘yarkanman?! O‘zim zo‘rg‘a topib oldim-ku!
Kap-katta bola opamning qo‘lida ketayotganimdan, botinkam ko‘ylagini loy qilib
yuborganidan uyalib tipirchiladim.
— Tushaman!
Yo‘q, opam qattiqroq bag‘riga bosdi.
— Tushmaysan. Charchab qopsan, ukam. Ko‘rib turibman.
Bashorat opam shaxdam-shaxdam qadam tashlar, oyim unga arang yetib borar,
ikkovlari hayajondan entikib, gaplashib borishardi.
— Tanimay qolganimni qarang, qizim. O‘ziyam sizni bir marta ko‘ruvdim-da... Ancha
bo‘p ketdi. O‘shanda jamalaksoch qizcha edingiz.
— Men ham avvaliga tanimadim... Qarang, oyijon, sira ishonmovdim.
Opamning uyi chindan ham ko‘prik yaqinida ekan. Biroq, yana bitta tor ko‘chaga kirish
esimizdan chiqibdi. O‘sha tor ko‘chadan o‘tib, kaftdekkina hovliga kirib qoldik. Hovli
o‘rtasida bir tup tut bor edi. Tut hali pishmagan, ammo ancha oqarib qolgan, shoxiga
belanchak ilib qo‘yilibdi. Tut tagiga kelgandan keyingina opam meni yerga qo‘ydi.
— Mana singling, — dedi belanchakka imo qilib.— Singlim desang ham bo‘ladi, jiyanim
desang ham. Singlim deyaver.
Mo‘ralab qarasam, belanchakda atlas ko‘ylakcha kiygan qizaloq yotibdi. Sekin tebratib
ko‘rdim.
Opam yoshli ko‘zlariga tabassum qalqib, yana bir marta boshimni silab qo‘ydi-da, uy
tomonga qarab qichqirdi:
— Dadasi! Oyim keldilar!
Zum o‘tmay oynaband ayvonning eshigi sharaqlab ochildi-da, yelkasiga beqasam to‘n
tashlagan kishi chiqib keldi.
— Oyim keldilar! — dedi Bashorat opam tantana bilan.
Beqasam to‘nli kishi oyim bilan quyuq so‘rashdi. Onam uning peshonasidan o‘pib
ko‘risharkan, menga o‘girildi:
— Pochchangga salom bermaysanmi?
Pochcham xuddi katta kishi bilan so‘rashgandek, qo‘l berib ko‘rishdi.
— Otingiz nima, polvon yigit? — dedi kulib.
Pastak shiftli xonaga kirdik. To‘rda Stalinning harbiy kiyimdagi surati ilig‘liq turar, deraza
tepasidagi mixga ilingan laganchaga o‘xshash qora karnaydan muzika yangrar edi.
Yonbosh tomonda esa zanjirli osma soat. Soatning tepasi mushukning boshiga o‘xshatib
ishlangan. Kapgir u yoq-bu yoqqa borib kelgan sayin mushukning ko‘zi ham u yoq-bu
yoqqa mo‘ralaydi. Bunaqa soatni dadamning hujrasida ham ko‘rmaganman.
Opam eski sholcha to‘shalgan yerga darrov ko‘rpacha yozdi. Xontaxta qo‘yib, dasturxon
bezadi. Piyolamga mushtdek novvot solib choy quyib berdi.
Kunbo‘yi piyoda yuraverib, charchadimmi, karnaydan hadeb yangrayotgan muzika
elitdimi, uxlab qolibman. Bir mahal opam peshonamni silab uyg‘otdi:
— Tur, jonim, qorning ochib ketdi-ku.
Ko‘zimni ochsam dasturxonda ustiga ko‘k piyoz sepilgan bir lagan moshkichiri turibdi.
Oyim, opam, pochcham gangir-gungir suhbatlashib o‘tirishibdi. Opamning qistovi bilan
uch-to‘rt qoshiq moshkichiri yedimu tag‘in uxlab qoldim.
Keyin yana uyg‘onib ketdim. Anchagacha qayerdaligimni bilolmay, shiftga tikilib yotdim.
Xira lampochka yonib turar, allaqayerda soat chiqillardi. Devordagi «mushuk soat»ni
ko‘rgandan keyingina Bashor opamnikida yotganimni angladim. Yonboshimga o‘girilgan
edim, karavot g‘ichirladi. Qarasam, yonimda boyagi atlas ko‘ylakli singilcham
yumshoqqina bo‘lib pishillab uxlab yotibdi. Uyg‘otib yubormay deb, tag‘in ko‘zimni yumib
oldim. Avval xo‘rsiniq, ketidan ayol kishining hiqillagan yig‘isi eshitildi.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |