3
SO‘ZBOSHI
Maktabgacha ta’lim bosqichi uzluksiz ta’limning eng muhim, mas’uliyatli,
bola tarbiyasi va ta’lim olishi poydevori, asoslari shakllanadigan bosqichidir.
Maktabgacha ta’limning asosiy vazifalari bolalarni xalqning boy milliy,
madaniy, tarixiy me`rosi va ma’naviy-axloqiy an’analari ruhida tarbiyalash,
bolalarda milliy vatanparvarlik hislarini shakllantirish,
maktabgacha
yoshdagi bolalarda bilim olish ehtiyojini, o‘qishga intilish moyilliklarini
shakllantirib, ularni muntazam ravishda ta’lim jarayoniga tayyorlash,
bolalarning tafakkurini rivojlantirish, o‘zining fikrini mustaqil va erkin ifodalash
malakalarini shakllantirish, bolalarning jismoniy va ruhiy sog`ligini
ta’minlashdan iborat. Bu bosqichda bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash masalasi
eng dolzarb masalalardan sanaladi. Aynan shuni e’tiborga
olgan holda bugungi
kunda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim sohasida, bolalarni maktab ta’limiga
tayyorlash sohasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Maktabgacha ta’lim
sohasida Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev faol tashabbusi bilan amalga
oshirilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar muhim ahamiyat kasb
etmoqda. Maktabgacha ta’lim vazirligining tashkil etilishi, Prezidentimiz
tomonidan
“2017-2021-yillarda
maktabgacha
ta’lim
tizimini
yanada
takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2707-sonli Qaror (2016-yil, 29-
dekabr), «Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-
tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5198-sonli Farmon (2017-yil 30-sentabr), O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim muassasalari
faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” gi 528-sonli Qarori (2017- yil, 19-iyo‘l),
“O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini 2030-yilgacha
rivojlantirish Kontsepsiyasi” kabi rasmiy hujjatlarning qabul qilinishi maktabgacha
ta’lim tizimida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda alohida o‘rin
egallamoqda.
Bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash o‘zining bir qator mezonlariga ega.
Bu
jarayonda bolalarni jismoniy, aqliy, ruhiy, irodaviy va ma’naviy jihatdan
maktabga tayyorlash ularning maktab ta’limida zo‘riqmasligi, ta’limning
uzluksizligi va samaradorligini ta’minlovchi asoslardandir.
Maktabgacha ta`lim yoshidagi bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash
jarayonini takomillashtirishda bo‘lajak pedagoglarning ilmiy va uslubiy
ta’minlanganligi, uning kasbiy tayyorgarligi asosiy masalalardan sanaladi.
Ayniqsa, bolalarning jismoniy xususiyatlari, antropometrik ko‘rsatkichlari, aqliy-
irodaviy jihatlari, ruhan maktabga tayyorligi ularning
intellektual va jismoniy
jihatdan maktab ta’limiga moslashishi, fanlarni zo‘riqishlarsiz o‘zlashtirishida
ahamiyatli sanaladi.
4
Bolalarni maktabga tayyorlashda bu boradagi metodik bilimlarga tayanish,
aniq tizim va ketma-ketlikka asoslanish muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda
“Bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash metodikasi” fanining mazmunidan kelib
chiqib tayyorlangan ushbu o‘quv qo‘llanma maktabgacha ta’lim yo‘nalishi
bakalavriat talabalari, shu yo‘nalishning maxsus sirtqi va sirtqi ta’limi
talabalari
hamda bolalar bog‘chalari tarbiyachilariga kerakli ma’lumot va metodik yordam
bera oladi. Qo‘llanma zamonaviy pedagogik tehnologiyalarni hisobga olib
tayyorlangani va bugungi kun talablariga to‘laqonli javob berishi bilan ham muhim
ahamiyat kasb etadi.
“Bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash metodikasi” fanining asosiy maqsadi
bo‘lajak maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari – tarbiyachilarni maktabgacha
ta’lim tashkilotlarida bolalarni maktab ta’limiga tayyorlashning ilmiy-nazariy
asoslari, metodikasi va amaliyotiga oid zamonaviy tehnologiyalar bilan
tanishtirish, bu boradagi ta’lim tehnologiyalari
va didaktik usullarining
qo‘llanishiga oid ko‘rsatmalar berishdan iborat. O‘quv qo‘llanmadan zaruriy
adabiyotlar ro‘yxati, muhim tushunchalar izohini o‘z ichiga olgan glossariy o‘rin
olgan. Bu esa soha mutaxassislari uchun kerakli ma’lumotlar bilan tanishish
imkonini beradi.
O‘quv qo‘llanmada bolalalarni maktab ta’limiga tayyorlash metodikasining
o‘ziga xos xususiyatlari, asosiy yo‘nalishlari, shakllari va metodlari, maktabgacha
ta’lim tashkilotlarining qisqa muddatli guruhlarida bolalarni maktabga tayyorlash,
“Ilk qadam” davlat dasturi asosida bolalarni savodga o‘rgatish, bolaning maktab
ta’limiga tayyorgarligi tahlili,
tashxislash usullari, bolalarning maktab ta’limiga
tayyorgarligiga ta’sir etuvchi omillar, maktabgacha ta’lim tashkiloti, oila va
maktab hamkorligiga oid ma’lumotlar keng yoritilgan. Bu jarayonda qo‘llanadigan
zamonaviy pedagogik tehnologiyalar ko‘rsatib o‘tilgan, asosiy tushunchalar
izohidan tashkil topgan glossariy berilgan.
O‘quv qo‘llanma oliy o‘quv yurtlarining 5111800-maktabgacha ta’lim
bakalavriat yo‘nalishi talabalari uchun tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: