www.ziyouz.com
kutubxonasi
88
baxshida jonim har safar inson bolalarini titroqqa solajak. Ularni tavba-tazarru bilan yashamoqqa
undayajak.
Men odamzod o‘tadigan yo‘llardagi shamchiroqman. Shamchiroq bo‘lmoq uchun dunyoga
kelganman. Odamlar mendan imdod kutib yashaydilar va azob-uqubatlar cheka-cheka, o‘zlaridagi
yovuzlik bilan olisha-olisha, illatlar, zo‘ravonliklar, qonxo‘rliklardan nafrat qila-qila men sari
kelajaklar. Xudoga muhabbat bilan to‘lmagan dil illatlarga to‘ladi. Inchunun, insonga muhabbat bilan
limmo-lim bo‘lmagan dil ham, vovaylokim, o‘likdir!
— To‘xta, to‘xta, Iso Nazarli. Sen odamni Xudo bilan bir deyapsanmi?
— Shunday desak ham bo‘ladi. Men ham aniqrog‘i, jamiyki bashariyat Xudoning yerdagi
tajalliysidir. Xudoning o‘sha nusxasini — Xudo-Erta deyish mumkin. Bu olam yaralgandan beri unga
tortiq qilingan cheksizlik Xudosidir. Ko‘pgina istaklaring hammasi kelajakka qaratilganligiga e’tibor
bergan bo‘lsang, sezgandirsan, Rim noyibi. Bugun hayotni qanday bo‘lsa, shunday qabul qilasan.
Ammo ertani, albatta, boshqa ko‘rishni xohlaysan. Bugun yaxshi yashab turgan bo‘lsang ham, bari bir,
ertaga undan yaxshi bo‘lsin deysan. Shu sabab, yuraklarimizda umid Xudoning nuriday sira
o‘chmaydi. Xudo-Erta — cheksizlik ruhidir. Bir butun olganda, u hamma narsaning mohiyati, inson
amallari va intilishlarining jamuljamidir. Ana shunga ko‘ra, Xudo-Ertaning qandayligi — u go‘zal
bo‘ladimi yoki xunuk, oqko‘ngilmi yoki g‘addor — bu odamlarning o‘zlariga bog‘liq. Mana shunday
o‘ylash joiz va zarur. Xudo-Yaratuvchi fikrlovchi xilqatlardan shuni talab qiladi. Shuning uchun yer
yuzidagi ertangi hayot haqida odamlarning o‘zlari qayg‘ursinlar. Axir, har bir odam Xudo-Ertaning
ajralmas zarrotidir. Inson zoti o‘zi kunining hokimi va bunyodkoridir...
— Shoshma. Sening vahimali qiyomat kuni so‘rovi deganing qayda qoldi?
— Qiyomat kun... U har kun boshimizdan o‘tayotganini o‘ylab ko‘rmovmiding, Rim noyibi?
— Hayotimizning turgan-bitgani qiyomat kun demoqchimasmisan?
— Shunday bo‘lsa kerak, Rim noyibi. Odam Atoni tavqi la’nat qilmoqdan boshlab, azob-uqubatlar,
qiynoqlar ichra o‘tgan, asrlar bo‘yi ma’lum bir odamlarning boshqa odamlar ustidan yurgizgan
zulmlari tufayli yomonlikdan yomonlik, nohaqlikdan nohaqlikni ko‘-paytirgan bu yo‘l yorug‘ olamda
istiqomat etayotganlarni bir narsaga o‘rgatgandir, axir. Odam Ato va Momo Havo jannatdan
quvilganlaridan beri qanday zulm o‘pqonlari ochilmadi, odamzodning boshi ne urushlar,
shafqatsizliklar, qotilliklar, quvg‘inlar, adolatsizliklar, haqoratlarni ko‘rmadi! Yaxshilikka qarshi,
odam tabiatiga qarshi olam yaratilgandan buyon yer yuzida ro‘y bergan barcha dahshatli gunohi
azimlar — nima, bularning qaeri Qiyomat kun so‘rog‘idan kam? Tarixning azal vazifasi nima — aql
egalarini shafqat va muhabbatning ilohiy yuksakliklariga yetkazishmi? Ammo odamzod tarixida ne-ne
yomon sinoqlar bo‘lmadi? Oldinda esa ummonlarning to‘lqinlari kabi qaynab, quturib turgan
yovuzliklarning bosh-keti ko‘rinmayapti. Bu jahannamning Qiyomat kundan nima farqi bor, axir?
— Unday bo‘lsa, Nazaretdan chiqqan Iso, sen tarixni uning yovuzligidan to‘xtatib
qolmoqchimisan?
— Tarixnimi? Tarixni hech kim to‘xtatolmaydi. Men odam bolalarining onglari va xatti-
harakatlaridan qabohatni quritmoqchiman. Men shunga qayg‘uraman.
— Unda tarixning o‘zi ham bo‘lmaydi.
— Qanday tarix? Sen o‘zing qayg‘urayotgan tarixni aytyapsanmi? U tarixni nadomatlar
bo‘lsinkim, odamlar xotirasidan o‘chirish mumkin emas. Lekin u bo‘lmasaydi, o‘zimizni Xudoga
yaqinroq sezardik. Men seni tushunib turibman, hukmdor. Lekin chinakam tarix, insoniylik gullab-
yashnagan tarix hali yer yuzida boshlangani yo‘q.
— Sabr qil, Iso, hozircha meni bir chekkaga qo‘yib turaylik. Ammo sen, Iso, odamlar va xalqlarni
shu maqsadga qanday qilib yetkizmoqchisan?
— Adolat Saltanati tuzamiz. Unda Qaysarlar zo‘ravonligi bo‘lmaydi. Ha, shunday!
— Shuning o‘zi yetarlimi?
— Agar hamma shuni xohlasa, albatta...
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |