www.ziyouz.com kutubxonasi
16
dov-daraxtlar — hamma-hammasi bizni qarshi olishga oshiqardi. Qarshimizdan shamol urilar — biz
olg‘a qarab yelib borardik, quyosh bizga tabassum bilan boqardi, chunki biz quvnab-kulib borardik.
Havo yovshan va gullolalarning xushbo‘y hidini taratardi, chunki biz to‘yib-to‘yib nafas olayotgan
edik.
Yakkayu yolg‘iz qabr ustidagi ko‘hna gumbaz xarobalarida o‘tirgan cho‘l kalxati ko‘tarilib,
qanotlarini silkib-silkib mashina bilan birgama-birga yo‘l bo‘ylab yer bag‘irlab uchib borardi.
Yo‘lda ketayotgan ikki chavandoz cho‘chib ketib, o‘zlarini chetga oldi. Keyin dag‘dag‘a bilan
qiyqirib, orqamizdan ot qo‘ydi.
— He-e, to‘xta! To‘xta — deb qiyqirib, yer o‘pib chopib kelayotgan otlarini qamchilashardi.
Ularning kim ekanligini bilmasdim. Balki Asalning ovulidandir. Ammo biz ularni tez chang-to‘zonda
qoldirib ketdik.
Oldinda qandaydir arava yo‘l chetiga burildi. Aravada o‘tirgan yigit bilan qiz o‘rinlaridan
qo‘zg‘alib cho‘kkalashdi-da, qo‘llarini bir-birovlarining yelkasiga tashlagancha ikkinchi qo‘llarini
silkib qolishdi.
— Rahmat! — deya kabinadan qichqirdim ularga. Dasht tamom bo‘lib, katta yo‘lga chiqib oldik.
G‘ildiraklar ostida asfalt g‘uvillay boshladi.
Mashina bizni ko‘l tomon eltardi. Men uni shartta yo‘ldan chetga burdim-da, to‘ppa-to‘g‘ri qo‘riq
yerga soldim, o‘t-o‘lanlarni bosib-yanchib qirg‘oqqa tomon haydadim. Tepalikda, naq suv tepasida
to‘xtadik.
O‘, Issiqko‘l, qirg‘iz diyorining so‘nmas qo‘shig‘i! Bu dengiz oshiq-ma’shuqlar haqidagi afsona va
qo‘shiqlar diyori ekanligiga ishonmay bo‘ladimi, axir. U shu damda mavjlanib, qatra g‘uborsiz, rang-
barang tovlanib turardi.
Ko‘kimtir to‘lqinlar o‘rkach-o‘rkach bo‘lib, go‘yo qo‘l ushlashib olishgandek, sarg‘imtir qirg‘oqlar
sari yelib-yugurardi. Tog‘lar ortida quyosh botmoqda, suvning etaklari ko‘zni qamashtirib, pushti rang
kasb etgan edi. Uzoqlarda osmon gumbaziga bosh urgan qorli tog‘larning och binafsha rang tizmalari
ko‘zga chalinadi. Bu tizmalar ustida kul rang bulutlar suzib yurardi.
— Uni qara, Asal! Oqqushlar! — deb qichqirib yubordim men. Oqqushlar Issiqko‘lga faqat kuzda
uchib kelishib, shu yerda qishlashadi. Bahorda esa bu yerga juda kamdan-kam kelishadi. Odamlarning
aytishicha, bular shimolga ko‘chib ketayotgan janub oqqushlari emish. Ularning kelishi yaxshilikdan,
baxtdan darak berar emish...
Oqqushlar galasi oqshomgi ko‘l uzra uchib yurishardi, Qushlar goh yuqoriga ko‘tarilar, goh
qanotlarini yoyib pastga suzishardi. Ular suvga qo‘nar, qanotlari bilan shaloplatib urib, ko‘pirib turgan
suv tomchilarini uzoqlarga sachratardilar-da, yana osmonga ko‘tarilardi. So‘ngra ular turnaqator tizilib,
bir tekisda qanot qoqishib, tunamoq uchun ko‘rfazning qumloq sohillari tomon uchib ketishardi.
Biz kabinada o‘tirib, ko‘lni jimgina tomosha qilardik. Go‘yo hamma narsani hal qilib qo‘ygandek,
shunday dedim:
— Hu-uv anovi qirg‘oqdagi tunuka tomlarni ko‘ryapsanmi, u bizning avtobazamiz bo‘ladi. Mana
bu bo‘lsa, — deb kabinani ko‘rsatdim, — bizning uyimiz!— dedim-da, birdan kulib yubordim. Uni
qayoqqa ham olib borardim.
Asal ko‘zlarimga tikilib, o‘zini ko‘ksimga tashladi. U mening pinjimga tiqilarkan, ham yig‘lar,
ham kulardi.
— Jonginam, azizim! Menga hovli-joyning keragi yo‘q! Faqat ota-onam, keyinchalik bo‘lsa ham
qachon bo‘lmasin, meni tushunib, gunohimni kechirishsa bo‘lgani. Ular mendan umrbod xafa
bo‘lishardi, buni yaxshi bilaman... Ammo ayb mendami axir...
Tezda qosh qoraya boshladi. Ko‘kni bulutlar qoplab oldi, — ko‘lga sokinlik cho‘kib, endi qorayib
ko‘rinardi. Tog‘ tizmalariga go‘yo elektr payvandchi o‘tirib olgandek, birdan o‘t chaqnab, ko‘zlarni
qamashtirar va yana o‘char edi. Momaqaldiroq bosib kelayotgan edi. Oqqushlarning yo‘llarini
o‘zgartganlari ham bejiz emas. Tog‘da yog‘ingarchilikka duch kelishlarini oldindan sezganlar.
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |