www.ziyouz.com kutubxonasi
45
uyog‘i nima bo‘lishini kim bilsin.
Tyan-Shan traktidan mashinalar odatdagidek turnaqator tizilishib u yoqdan-bu yoqqa qatnab
turardi, biroq men o‘zimizning avtobaza mashinalaridan birontasida ketishni ma’qul ko‘rdim. Mana,
tanish mashinalardan biri yaqinlashib kelmoqda. Qo‘l ko‘tardim.
Kabinada o‘tirgan shofyor hadeganda meni payqamay qoldi. Katta tezlik bilan kelayotgan mashina
g‘izillab o‘tib ketdi-yu, biroq shu zahotiyoq taqqa to‘xtadi. Men chamadonimni qo‘lga oldim. Shofyor
kabinadan chiqdi. Bunday qarasam, polkdoshim Ermak, u stajirovkani armiyada mening qo‘limda
o‘tagan edi. Ermak o‘sha kezlarda hali yoshgina yigitcha edi. U menga qarab jimgina jilmayib turardi.
— Tanimayapsanmi?
— Serjant... Ilyos! Ilyos Aliboev! — Nihoyat esladi u.
— Xuddi o‘zi! — deb iljaydimu, ammo o‘zimga juda alam qilib ketdi, odamlar zo‘r-bazo‘r
tanigandan keyin, juda o‘zgarib ketibman-da.
Biz yo‘lga tushdik. U yoqdan-bu yoqdan gaplashib bordik, armiyada xizmat qilgan yillarimizni
esladik. Ishqilib, mening turmushim haqida gap ochib, surishtirib qolmasa bo‘lgani, deb cho‘chib
turardim. Ammo Ermak, aftidan, hech narsadan xabarsizdek ko‘rinardi. Men biroz tinchlandim.
— Uyga qachon qaytding? — deb so‘radim men.
— Ishlayotganimga mana ikki yil bo‘ldi.
— Alibek Jonturin qaerda?
— Bilmadim. Men kelsam, u ketib qolgan ekan. Aytishlaricha, Pomirning allaqaeridagi avtobazada
bosh mexanik bo‘lib ishlayotgan emish.
«Qoyilman, Alibek! Qoyilman senga, do‘stim! Puxta yigitsan!» — deb undan behad xursand
bo‘ldim. Demak, oxiri o‘z maqsadiga erishibdi-da, u armiyada xizmat qilib yurgan kezlaridayoq
avtomobil va yo‘l texnikumida sirtdan o‘qib yurgan edi. U institutni ham sirtdan tugatishni orzu qilib
yurardi.
— Boshliqlaring Omonjo‘lovmi?
— Yo‘q, yangi odam. Omonjo‘lov ministrlikka ko‘tarilib ketdi.
— Seningcha, qalay, meni ishga olisharmikin?
— Nega endi olishmasakan, olishadi, albatta. Birinchi klass shofyorsan, axir armiyada ham
yaxshilar qatorida eding-ku.
— Qachonlardir shunday edim, — deb to‘ng‘illadim men. — Jontoyni-chi, bilasanmi uni?
— Bizda unaqa odam yo‘q. Hech qachon eshitmaganman ham.
«Ha, avtobazada ozmuncha o‘zgarishlar bo‘lmapti...» — deb xayolimdan o‘tkazdim. Keyin
so‘radim:
— Pritseplar bilan ishlash qalay? Dovondan olib o‘tyapsizlarmi ?
— Ha, bemalol o‘tib yuribmiz, — dedi u e’tiborsizgina. — Yukning qanaqaligiga bog‘liq. Zarur
bo‘lsa tirkab olishadi-yu, ketishaveradi. Hozir mashinalar juda baquvvat emasmi...
Bu pritseplar menga naqadar qimmatga tushganini u bilmasdi. Anorxoy dashtida ishlab yurgan
kezlarimda ham bu hodisa haqida ko‘p bosh qotirardim. Bu ishda birgina men aybdormanmi yoki yana
qandaydir bo‘lak sabablar ham bormikin? Agar bunday o‘ylab qaralsa, bu juda oddiy, uncha bosh
qotirib o‘tiradigan ish emas edi. Qanchalik og‘ir va qanchalik qiyin bo‘lmasin, Do‘landan pritsep ulab
o‘tish mumkin ekanligi oxiri isbotlandi-ku, endilikda, agar zaruriyat tug‘ilib qolsa, bemalol olib
o‘tilyapti-ku. Ammo bari balo shundaki, biror yangilik o‘zining ishda qo‘llanilishini talab
etayotgandek, eshigingni qoqib turgan taqdirda ham o‘z vaqtida sezib ololmaymiz. Nega odamlar
mening taklifimga shunchalik ishonchsizlik bilan qarashdi? Bu taklifni tog‘ sharoitida amalga oshirish
haqiqatan ham qiyinligidan tashqari, yana bizning trassada mashinalardan foydalanish va yuk tashish
qonun-qoidalari instruktsiyasi ham bor edi, unda dovondan pritsep ulab o‘tish man etilgandi. Xudo
biladi, bu instruktsiya qachon ishlab chiqilgan ekan.
Ehtimol urushdan avval polutorkalarga moslab tuzilgandir. Bu bechora polutorka pritsep uyoqda
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |