www.ziyouz.com kutubxonasi
17
Mana, momaqaldiroq gumburladi. Yomg‘ir sharros quya boshladi. Ko‘l chayqalib to‘lqinlanib
qirg‘oqlarga urila ketdi. Bu birinchi bahor momaqaldirog‘i edi.
Bu — bizning birga o‘tkazgan birinchi tunimiz edi. Kabina ustidan, oynalardan yomg‘ir paqirlab
suv quygandek oqib, sizib tushardi. Olis-olislarga cho‘zilgan och yashil yashinlar qop-qora ko‘lga
suzib tushardi. Biz esa bir-birimizning pinjimizga kirib, shivirlashib gaplashardik. Asalning
cho‘chiganidanmi yo sovuq qotganidanmi, sal titrayotganini sezib turardim. Uni kamzulim bilan o‘rab,
qattiqroq quchoqladim. Shunda o‘zimga o‘zim juda kuchli, ulkan odamdek bo‘lib ko‘rindim. O‘zimda
shunchalik mehr va muhabbat borligini hech qachon sezmagan edim, birovga mehribonlik va
g‘amxo‘rlik qilish shunchalik zavqli ekanini ham bilmasdim. Uning qulog‘iga: «Hech kimga, hech
qachon seni xafa qildirib qo‘ymayman, qizil durrachali sarviqomatim!» — deb pichirladim.
Ana-mana deguncha yomg‘ir ham ancha shashtidan tushib qoldi. Ammo chayqalib yotgan ko‘l
hamon beshik-beshik bo‘lib to‘lqinlanar, yomg‘ir shivalab yog‘ardi.
Men kabina tokchasidagi safarda olib yuriladigan radiopriyomnikni oldim. O‘sha kezlardagi
mening topgan-tutganim shu edi. Muzika tinglashni juda yaxshi ko‘raman, shuning uchun ham
priyomnikni doim o‘zim bilan birga olib yurardim. Uning u yoq-bu yog‘ini sozlab, kerakli to‘lqinni
tutdim. Hozirgidek esimda: o‘sha kecha teatrdan «Cho‘lpon» baletini olib eshittirishmoqda edi.
Baletda kuylanayotgan yoqimli va kishini o‘ziga tortuvchi qudratli muzika sadolari xuddi o‘sha
ashulada kuylangan chin sevgi kabi toshlar osha, cho‘qqilar osha kabinaga oqib kelayotgan edi. Butun
zal hayajonga kelgan, gulduros qarsaklar bilan artistlarni olqishlar, tomoshabinlar ularning nomlarini
aytib qichqirishar edi, ehtimol raqqos va raqqosalarning oyoqlari ostiga gullar otishayotgandir. Ammo,
menimcha, teatrda o‘tirganlardan birontasi ham biz kabi — to‘lqinlar mavjlanib, shiddat bilan
qirg‘oqqa urilayotgan ko‘l sohilida, sharros yomg‘ir ostida kabinada o‘tirgan oshiq-ma’shuqlar singari
zavq-shavqqa to‘lib hayajonlanayotgan bo‘lmasa kerak. Bu bizning baletimiz, birinchi kechamizdagi
ilk baletimiz edi. O‘z baxtini izlab ketgan qiz — Cho‘lponning taqdiri bizning qalbimizga naqadar
yaqin edi. Mening Cho‘lponim — tong yulduzim men bilan birga, yonginamda o‘tiribdi. Yarim
kechaga borib u yelkamga boshini qo‘ygancha uxlab qoladi, men esa allamahalgacha o‘zimni bosa
olmay, shirin xayollar og‘ushiga cho‘mdim. Uning yuz-ko‘zini, betlarini asta-sekin silar, tinib-
tinchimas Issiqko‘lning qanday to‘lg‘anayotganini, xo‘rsinib chuqur nafas olayotganini tinglar, kuzatar
edim.
Ertalab biz avtobazaga yetib keldik. Yaxshigina dakki yedim. Ammo bunday quvonchli voqea
munosabati bilan kechirdilar. Keyinchalik mening yuk ortuvchi kran ostidan qanday qochib
qolganimni eslashib, anchagacha kulib yurdik.
Men safarga — Xitoyga jo‘nashim kerak edi. Asalni ham o‘zim bilan birga olvoldim. Uni yo‘lda
do‘stim Alibek Jonturinning uyida qoldirmoqchi bo‘ldim. U oilasi bilan birga dovondagi bazada,
Norinning shunday yonginasida yashardi. Bu joy chegaradan uncha uzoq emas edi. Bu yo‘ldan
yurganda doim unikiga tushib o‘tardim. Alibekning xotini yaxshi ayol edi, uni juda hurmat qilardim.
Biz yo‘lga chiqdik. Birinchi navbatda yo‘l yoqasidagi magazindan Asalga uncha-muncha kiyim-
kechak oldik. Uning egnida birgina ko‘ylagi-yu, qo‘lida kutubxonadan olgan ikki dona kitobidan
bo‘lak hech narsasi yo‘q edi. Bulardan tashqari, kattakon, guldor sholro‘mol ham sotib oldik. Bu
ishimiz juda yaxshi bo‘lgan ekan. Yo‘lda birinchi uchragan kishimiz keksa shofyor, oqsoqolimiz
O‘rmat aka bo‘ldi. U olisdanoq menga to‘xta, deb ishora qildi. Mashinaga tormoz berib to‘xtatdim.
Kabinadan tushib salomlashdik:
— Assalomu alaykum, O‘rmat aka!
— Vaalaykum assalom, Ilyos! Ilyos! Qo‘lingga baxt qushi qo‘nibdi, xudoyim baxt bersin, uvali-
juvali bo‘linglar! — deb fotiha bergan bo‘ldi menga.
— Rahmat! Qayoqdan bila qoldingiz, O‘rmat aka? — deb taajjublandim men.
— E, o‘g‘lim, xushxabarning sadag‘asi ketay. Butun trassa bo‘ylab og‘izma-og‘iz ko‘chib yuribdi.
— Yo‘g‘-e! — deb battarroq taajjublandim.
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |