25-bob
Solih tush va chiroyli ta'bir to'g'risida
Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Hishom ibn Urva otasidan, otasi Oishadan
(roziyallohu anho) rivoyat qiladi: "Oisha onamiz aytadilar: "Rasulullohga (sollallohu
alayhi vasallam) boshlangan vahiyning avvali solih tush edi. Tushlari tonggi falaqqa
o'xshash aniq bo'lardi".
Abu Said Xudriy rivoyat qiladilar: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Agar
birortangiz yaxshi tush ko'rsa, u Allohdandir, Allohga hamd aytsin va uni yaxshi ko'rgan
kishisiga gapirsin, agar bundan boshqasini ko'rsa, u shaytondandir, uning yomonligidan
Allohdan panoh tilasin, uni birortaga aytmasin. Shunda unga zarar bermaydi", dedilar.
Abu Qatoda rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Solih tush Alloh
taolodan, yomon tush shaytondan. Kim yomon tush ko'rsa, chap tomoniga uch marta
tuflasin va Allohdan toshbo'ron qilingan shaytondan panoh tilasin, shunda bu unga zarar
bermaydi", dedilar.
Oisha (roziyallohu anho): "Tushimda hujramga tushgan uchta oyni ko'rdim, buni otamga
(Abu Bakrga) aytib berdim. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) vafot etib, hujramga
dafn etilganlarida, Abu Bakr: "Bu qabr o'sha oylaringning bittasi va eng yaxshisi",
dedilar". Abu Bakr vafot etib, dafn qilinganida, Oishaga (roziyallohu anho) bu ikkinchi
oy, Umar ham vafot etib, dafn qilinganlarida, bu uchinchi oy, deyildi.
Rivoyat qilishlaricha, Muhammad ibn Siyrin tushda zanjir ko'rishni yoqtirmasdilar,
kishandan esa hayratlanib: "Kishan dinda sobitlik belgisi", derdilar.
Muhammad ibn Siyrin: "Tush uch xil: nafsning so'zi, shaytonning qo'rqitishi va
Rahmonning xushxabari. Kim yomon tush ko'rsa, uni birortaga aytmasin. Tursin va
namoz o'qisin", deydilar.
Sufyon Amr ibn Dinordan, u Atodan rivoyat qiladi: "Eri yo'qolgan bir ayol Nabiy
(sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga kelib: "Tushimda uyimning joizasi sinibdi", dedi.
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh xohlasa, yaxshilik bo'ladi. Alloh senga
yo'qotgan narsangni qaytaradi", dedilar. So'ng uning eri qaytdi. Keyin yana g'oyib bo'ldi.
Tag'in shunga o'xshash tush ko'rdi. Nabiyni (sollallohu alayhi vasallam) izlab kelgan edi,
u zotni topa olmasdan, Abu Bakr bilan Umarga (roziyallohu anhumo) tushini aytib berdi,
Ular: "Ering o'ladi", deyishdi. So'ng Nabiyni (sollallohu alayhi vasallam) topdi va tushini
aytdi. Rasululloh: "Buni birortaga aytdingmi?" deb so'radilar. U: "Ha", dedi. Shunda
Rasululloh: "Senga aytilgani bo'ladi", dedilar. Hech qancha vaqt o'tmasdan, unga erining
o'limi xabari keldi".
Bo’stonul orifiyn. Abu Lays Samarqandiy
Do'stlaringiz bilan baham: |