www.ziyouz.com
kutubxonasi
71
yumib yotdi. Nafas olishini biddirmay yotdi. Qo‘llari qaerda, oyoqlari qaerda — bildirmay
yotdi. Tirik jonmi-yo‘qmi — nishona bermay yotdi.
Botir firqa Rajabovday otashin bir kommunist holidan... ezildi! Otashin kommunist
holidan... kuyundi!
Sanitar Rajabovni turtdi. Yuziga ohista shapatiladi.
— Bemor, ko‘zingizni oching, bemor, — dedi.
Rajabov ko‘z ochib qaradi. Yuzida iliqlik aks etdi.
Yuzida yorug‘lik aks etdi.
— Hay, tuzukmisiz? — deya bosh siltadi Hanifa Rajabovna.
Rajabov ko‘zlarini ochib yumdi: tuppa-tuzuk, demish bo‘ldi.
Hanifa Rajabovna... erini o‘pib-o‘pib yig‘ladi. Yenglari bilan ko‘zlarini artib-artib yig‘ladi.
— Oyni o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘. Bu kunlar o‘tib ketadi, — deya
yig‘ladi.
Hanifa Rajabovna hamyonini og‘ziga bosib-bosib yig‘ladi. Erini yuziga... yuzini qo‘yib-
qo‘yib yig‘ladi.
— Peshonam qursin... — deya yig‘ladi. Rajabov nimjon ham nogiron ovoz berdi:
— O’rtoq Esonov, meni olib keting...
— Bardam bo‘ling, o‘rtoq Rajabov, bardam bo‘ling! — dedi Botir firqa. — Men sizni olib
ketaman!
Sanitar Rajabovni ustidan adyolni surdi. Oyoklari tarafga surib-surib qo‘ydi.
Botir firqa ana shunda... ajab bir sinoatni ko‘rdi!
O’rtoq Rajabovni qo‘llari... karavotga bog‘lab qo‘yildi. It boylagich... qayish bilan
boylandi. Oyoqlari-da yonlariga yoyib-yoyib boylandi. Oyoqlari-da... it qayish bilan
boylandi! Mahkam-mahkam boylandi! Bellaridan... otni ayiliday qalin qayish bilan tortib
boylab tashlandi.
Botir firqa titradi. Botir firqa qizidi. Botir firqa olov oldi.
— Bu nima qiliq?! — deya baqirdi. — Obkom sekretari, Oliy Sovet deputati, mehnat
veterani-ya?!
Botir firqa Rajabovni qo‘liga yopishdi. Tugunni timdaladi! Kuchi yetmadi. Yecholmadi.
Tugunga og‘zini qo‘ydi. Tugunni... tishlab-tishlab tortdi! Tag‘in bo‘lmadi. Yecholmadi.
Sanitar Botir firqani qo‘ltig‘idan kirdi. Quchoqlab tortdi. Rajabovdan ajratib oldi.
— Urtoq Esonov, og‘ir bo‘ling! — dedi.
— Axir, obkom Rajabov... quturgan it emas-ku?! — deya baqirdi. — Obkom Rajabov...
adirdan ushlab kelgan yovvoyi it emas-ku?!
Sanitar... gapni elamadi. Gapni korlamadi.
— To‘g‘ri, bemor obkom, bemor deputat... lekin sobiq! Ha, sobiq! — dedi.
— Sobiq bo‘lsa nima qipti, sobiq bo‘lsa nima qipti?!
— Sobiq... hayiting o‘tdi, demaqdir! Sobiq... hayiting o‘tgach, xinoni... ketingga qo‘y,
demaqdir!
— Qanaqa hayit, qanaqa hayit?!
— Shon-shuhrat — arafa hayit! Mansab-martaba — uchkunlik hayit! Hayit o‘tgach,
xinoni... ketingga qo‘y, deydilar!
Botir firqa... haykal bo‘lib qoldi. Yuz-ko‘zi bo‘zrayib qoldi. Tili aylanmay qoldi.
57
Shu vaqt uzun ayvonda... gurs-gurs tovush bo‘ldi. Qars-qars ovoz bo‘ldi. Chil-chil sinish
bo‘ldi.
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |