www.ziyouz.com
kutubxonasi
68
siyosiy tarmoqni partiya qo‘liga berdi. Barcha xo‘jalik tarmoqlarini hukumat qo‘liga berdi.
Ana shunda... sovet tuzumi poydevoriga zil ketdi! Kreml saroyida o‘rtoq Yeltsin partiya
biletini minbarga tashladi. KPSS saroyidan tantana bilan chiqib ketdi. O’rtoq Yeltsin
KPSSni tashlab ketdi. Ana shunda... KPSS poydevoriga zil ketdi! Sovet tuzumini
Gorbachev tugatdi, deydilar, GKChP tugatdi, deydilar, Yeltsin tugatdi, deydilar,
jidomasonlar tugatdi, deydilar. Yo‘q, tag‘in, yo‘q! Sovet tuzumi... o‘zini-o‘zi tugatdi.
Sovet tuzumi... o‘z boshini o‘zi yedi.
— Men tovuq sho‘rvani suzib kelay. Tovuq sho‘rva ichdagi sovuqlikni oladi.
Botir firqa o‘tmishini o‘yladi. Botir firqa kechmishini o‘yladi.
Olislarda qolmish... sovet tuzumini o‘yladi. Yetim qolmish... Sovet hukumatini o‘yladi.
Yesir qolmish... KPSSni o‘yladi.
«Sovet tuzumi bunchalar aziz edi? Sovet hukumati bunchalar qadrdon edi? KPSS
bunchalar ardoqli edi? — dedi Botir firqa. — Masalan, sovet tuzumida... yoshligim qoldi.
Sovet huqumatida... martabam qoldi. KPSSda... shavkatim qoldi. Masalan, Stalin
davrida... dunyo yosh edi, men yosh edim, kampirim yosh edi. Stalin davri-da...
kampirim qiz edi! Sochlari taqimini uruvchi qiz edi. Sochlari to‘lg‘onib yuruvchi qiz edi.
O’rimdan qochgan zulflari bor qiz edi. Yuzlari yuz emas... anor edi! Stalin davrida... men
oshiq edim, kampirim ma’shuq edi!»
Oshxona tarafdan kampiri kelar bo‘ldi. Qo‘sh qo‘lida sho‘rva bo‘ldi. Qo‘ltig‘ida tandir non
bo‘ldi.
Kampirini sochlari... doka ro‘moliday oppoq-oppoq bo‘ldi. Yuzlari... ajin-ajin bo‘ldi.
Munkillab-munkillab qadamlar bo‘ldi. Qadamlari ushbu dunyoday... tor-tor bo‘ldi.
Qadamlari ushbu dunyoday... qari-qari bo‘ldi.
— Stalin davrida... mana shu kampirim... qiz edi!
Barchin yuzli-barchin yuzli qiz edi! — pichirladi Botir firqa. — Men oshiq edim, kampirim
ma’shuq edi...
55
«.. .psixonevrologicheskaya bolnitsa».
Botir firqa ushbu viveskani o‘qidi. Qayta-qayta o‘qidi. Viveskaga tikilib qoldi.
«Shu viveska oldiga kelganimga-da yigirma yil bo‘pti! Bir yigit yoshi vaqt. Bir qiz bo‘yi
vaqt! — deya o‘yladi. — Ammo-lekin o‘shanda raykomni mashinasida yurar edim. Otda
edim, oyog‘im uzangida edi. Endi, piyoda-peshka bo‘lib keldim, piyoda-peshka...»
Botir firqa o‘ylagancha bo‘ldi.
Qabulxonada uni... bir daydini tekshirmishday tekshirdi. Bir gadoyni tekshirmishday
tekshirdi.
— Mayli, bir pensioner chol ekansiz, — deya kiritdi.
Botir firqa ichkariladi. Yo‘lak bo‘ylab yo‘l oldi. Izidan Hanifa Rajabovna yurdi.
— Devordagi viveskani ko‘rdingizmi, Hanifa Rajabovna? — dedi.
— O’qidim-o‘qidim.
— Qaerga kelib qoldingiz, bilyapsizmi? Bir so‘z bilan aytsak, bu joy — shunaqa joy. Bu
joyni nomi kasalxona, xolos. Hali ko‘rasiz. Do‘stingiz-ku do‘stingiz, dushmaningizni ham
bu joyga tushgulik qilmasin.
— Menda nima ayb, Botir Esonovich, menda nima ayb? Rajabov kafeda ichgan-da,
kafeda.
— Ko‘cha-ko‘yda ichmasin edi. Kimsan, obkom Rajabov oti bor.
— Yana-tag‘in, bir o‘zi ichgan deng. Keyin, avtobus bekatiga borib, skameykada uxlab
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |