www.ziyouz.com kutubxonasi
159
— Men siz bilan o‘sha yerda ko‘rishaman.
— Seni shuncha uzoqqa ovora bo‘lib kelib yurishingni istamayman, Vudi.
— Hechqisi yo‘q. — Palmer chap qo‘lining galstuk to‘g‘nog‘ichini oldinga va orqaga aylantirib
o‘ynayotgan barmoqlariga qaradi. — Yarim soatdan keyin, xo‘pmi?
Berkxardt bir lahza ikkilandi.
— Unda o‘zim kelaman.
— Ixtiyoringiz.
— 12.40. “Yunion lig”da.
— Yo‘q, — e’tiroz bildirdi Palmer, — moliyaviy nusxalarga to‘lib-toshmagan biron joy bo‘lsa.
— Maxfiy gaping bormi?
— Juda unaqa emas, — ishontirib dedi Palmer. — Joriy ishlar haqidagi hisobotlarga o‘xshash bir
narsa. Yaqin bir necha hafta ichi men ish bilan u yoq-bu yoqlarda bo‘laman, siz bilan ba’zi narsalarni
maslahatlashib olmoqchi edim.
— Vudi, sen mening hech qanaqangi maslahatimga muhtoj emassan, buni o‘zing bilasan-ku.
— Keling, siyqasi chiqqan yo‘ldan sal chetroqda ko‘rishaylik. Ikkinchi avenyuda, menimcha,
qirqinchi ko‘cha atrofida tamaddi qilib olsa bo‘ladigan bir restorancha bor.
— Bu aytganing siyqasi chiqqan yo‘llardan shu qadar uzoqki, naq tupkaning tubida, — dedi
Berkxardt. — Bo‘pti, Vudi. Sening, aftidan, oldi-qochdi kitoblardagi sarguzashtlarga ishqibozliging hali
ham qolmabdi.
— Ishqiboz bo‘lmagan bormi o‘zi? — so‘radi Palmer.
Berkxardt javob berishga ulgurmay, u go‘shakni ildi. Shahar telefoni tugmachasini bosdi,
ma’lumotlar xonasidan restoran telefonini aniqladi, u yoqqa qo‘ng‘iroq qilib, chog‘roq dasturxonga
buyurtma berdi.
Soatiga qaradi, hali vaqti juda ko‘p ekanini ko‘rdi va o‘rindiqqa chalqa yotdi. Hali vaqt ko‘p ekan,
o‘yladi u. U o‘zida jang oldidagi keskinlikni, ayniqsa, chuqur his qilmoqda edi — atrofdagi odamlarga
qattiq ta’sir, qator maqsadsiz, bir chaqaga qimmat harakatlar — ishqilib, fikrni oldinga o‘qday otilib
ketishdan saqlab qolish uchun qilinadigan har qanaqangi chalg‘ituvchi nayrang. U to‘g‘nog‘ichni stol
ustiga tashladi va oppoq boshcha tez aylanib, keng yoy hosil qilayotganini kuzatib turdi. Keyin uni
yana turtdi va boshchaning aylanishini yana tomosha qila boshladi.
Ertalabdan beri Palmerning miyasida shu fikr aylangani-aylangan: agar o‘z shubhalarini
Berkxardtga ochiqdan-ochiq aytib solsa, to‘g‘ri qilgan bo‘larmikan? Bu o‘q ko‘rgan chumchuq rostdan
ham ko‘p narsani bilarmikan? Agar u hech nimadan boxabar bo‘lmasa, uning g‘azabi kutilmagan
yangilik taqdim etarmikan? Ishga faqat zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan biron harakat qilishi uchun
yo‘l ochib berarmikan? Bordi-yu, Berkxardt biron narsani bilsa yo his etsa, uning ishtiroklari
Palmerning shubhalariga chek qo‘ya olarmikan? Yoki ular unga almisoqdan qolgan gaplarday bo‘lib
ko‘rinib, Berkxardtni Palmerga qarshi tish qayratib qo‘yarmikan?
Albatta, ular haqiqatdan yiroqqa o‘xshab ko‘rinadi, shu qadar yiroqki, kishining aqli bovar qilmaydi,
shunday bo‘lsa-da, ularda qandaydir ma’no bor, o‘zicha qat’iy fikrga keldi Palmer. Ha, eng yomoni
shundaki, ularda baribir qandaydir ma’no bor.
Palmer to‘g‘nog‘ichni oldi va uni nima qilsam ekan deb o‘ylanib qoldi. Galstugiga to‘g‘nab olgani
ham xuddi shunaqa edi. Ortiqchasini stol tortmasiga yoki cho‘ntagiga solib qo‘ysa bo‘ladi. Yoki axlat
savatiga qarab uloqtirsinmi? Uloqtirsa nima bo‘libdi? Moshdekkina sopol boshli bir bo‘lak temir-da.
Nahotki, u bu to‘g‘nog‘ichni xotira sifatida asraydigan darajada ahmoq bo‘lsa? Ey xudo! U boshqa
to‘g‘nog‘ichlarga qo‘shilib ketadi-da, bori ham, yo‘g‘i ham bir go‘r bo‘ladi-qo‘yadi.
Virjiniya bo‘lsa uni asrab qo‘ymoqchi. Bu unga nega kerak ekan?
Palmer to‘g‘nog‘ichni ko‘krak cho‘ntagiga solib qo‘ydi-da, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. U tez yurib katta
deraza oldiga keldi va quyoshli qish manzarasiga razm soldi. Garchi daraxtlari qip-yalang‘och bo‘lsa-
da, Sentral-park tinch va osuda, inson qo‘li bilangina yaratilgan oliy darajadagi san’at asaridek
ko‘rinar edi. Birmuncha muddat Palmer cho‘g‘dek qizil palto kiygan bo‘ydor mallasoch ayolni kuzatib
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |