Yonilg‘i ta’minot tizimining nosozliklari. Avtomobil bo‘yicha nosozliklar va buzilishlarning 5 ga yaqini ta’minot tizimiga to‘g‘ri keladi. Tizimning asosiy elementi bo‘lgan karburatorning me’yoriy to‘g‘ri sozlanganligi yonilg‘i tejamkorligini ta’minlash bilan bir qatorda chiqindi gazlar tarkibidagi zaharli birikmalar ruxsat etilgan konsentratsiyadan oshmasligini ta’minlashda muhim ro‘l o‘ynaydi.
Ta’minot tizimining asosiy nosozliklari: jipslikning buzilishi, yonilg‘i baki va quvurchalaridan yonilg‘ining oqishi, tezlatuvchi nasos
ishlamasligi tufayli drossel qopqog‘i birdaniga ochilganda dvigatel bo‘g‘ilib ishlashi, yonilg‘i va havo tozalagichlarining ifloslanishi, kalibrlangan teshik va jiklyorlar o‘tkazuvchanlik qobiliyatining o‘zgarishi, salt yurish jiklyorlarining ifloslanishi, ignali klapan jipsligining buzilishi, qalqovichli kamerada yonilg‘i sathining o‘zgarishi, yonilg‘i nasosidagi diafragmaning teshilishi, prujina elastikligining yo‘qolishi.
Karburator, yonilg‘i nasosi va alohida elementlarning ko‘zga tashlanmaydigan nosozliklari jihozlar yordamida va avtomobilni yurgazib sinash yo‘li bilan hamda ular avtomobildan yechilganda bo‘laklarga ajratilib, ustaxonadagi sinash jihozlari yordamida aniqlanadi. Dizel dvigatellari ta’minot tizimi nosozliklari. Dizel dvigatellari ta’minot tizimiga avtomobillar asosiy nosozliklarining 9% to‘g‘ri keladi. Bularga yuqori bosim yonilg‘i nasosi va injektor jipsligining buzilishi, havo va yonilg‘i filtrlarining kirlanishi, plunjer juftining yeyilishi va sozligining buzilishi, injektor purkash teshigini qurum bosib qolishi, yonilg‘i purkashni boshlash vaqtining o‘zgarishi misol bo‘la oladi. Bu nosozliklar yonilg‘i nasoslarining bir maromda ishlamasligiga, ya’ni ularning ishlab chiqarish qobiliyatiga va yonilg‘ini purkash sifatining pasayishiga, bu esa, o‘z navbatida dvigatelning tutab ishlashiga va
quvvatining 35% ga kamayishiga sabab bo‘ladi.
Tizimning nosozligi va ishlamay qolishining tashqi belgilari (alomatlari) uni ishga tushirishning qiyinlashishi, notekis, qattiq to‘qillab ishlashi, tutashi, quvvatining kamayishi va yonilg‘i sarfining ortib ketishi kabilardan iborat.
Dvigatelni ishga tushirishning qiyinlashishiga asosiy sabab – yonilg‘ining yonish kamerasiga kam miqdorda uzatilishidir. Tizimga havo kirib qolishi, filtrlovchi elementlarning ifloslanishi, past yoki yuqori bosimli yonilg‘i nasosi(YUBYON) nosozligi, plunjer juftining yeyilishi oqibatida bosimning kamayishi va injektor purkagichi kallagi teshigining yeyilishi yoki uni qurum to‘sib qolishi natijasida yonilg‘inig purkalishi yomonlashadi.
Dvigatelning turg‘un ishlamasligi(tirsakli val aylanishlar sonining kamligida) ta’minlash tizimiga havo so‘rilib qolishi, yonilg‘i nasosi seksiyalaridan yonilg‘i notekis yetkazilib berilishi va injektor holatining nosozligidan kelib chiqadi. Dvigatelning tutab (qora tutun chiqarib) ishlashi sabablari: YUBYON dan yonilg‘ining erta yoki kech yetkazib berilishi sababli to‘la yonmasligi, injektorning purkash teshigining
kengayishi yoki kirlanishi natijasida purkash bosimining kamayishi, yonilg‘ining kech yetkazib berilishi, injektordan sizib oqishi, havo filtrining kirlanishi, purkash teshigining qurum bosib ketishi natijasida purkashning yomonlashishi, yonilg‘ida suv to‘planib qolishi.
Dvigatel quvvatining kamayishi ta’minlash tizimiga havo so‘rilib qolishi, havo filtrining ifloslanishi, yonilg‘ining yetarli miqdorda yetkazib berilmasligi, purkash burchagi sozligining buzilishi, injektordan yonilg‘i purkalishining yomonlashishi, YUBYON dan yonilg‘ini notekis va kam yetkazib berilishi, kompressiyaning kam bo‘lishi hamda tegishli (belgilangan) yonilg‘idan foydalanmaslik sabablidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |