www.ziyouz.com kutubxonasi
206
ularning noz-u karashma bilan raqs qilishlarini ko‘rsa, nafosatga to‘la qo‘shiqlarini
eshitsa, yoshlikdagi o‘sha orzulari qalbiga turtib-turtib qo‘yganday bo‘ladi.
Salima begim uning bu orzusiga halaqit bermas, ko‘p azob tortgan bechora juvon
Akbarning bag‘rida gulday ochilib yashar, eriga bag‘ishlab o‘tli she’rlar yozar,
tashqaridan qaraganda, ikkovi bir-biriga astoydil mehr qo‘yib hayot kechirayotganga
o‘xshar edi. Ammo aslida ularni Salimaning muhabbati inoq tutib turardi. Akbarning
unga uylanishida muhabbatdan ko‘ra rahm-shafqat ustun kelganini Hamida begim ham
sezdi.
— Shoh o‘g‘lim, siz bevaga uylanib, meni dog‘da qoldirdingiz. Men hali mamlakatning
eng go‘zal qizlaridan kelin tushirib, katta to‘ylar qilgim bor.
— Bir vaqtlar o‘zingiz kundosh azobini boshdan kechirgansiz, onajon. Endi buni Salimaga
qanday ravo ko‘rursiz?
— Men ravo ko‘rmaganimda ham, siz podshohsiz. Podshohlarning esa xotini bitta
bo‘lmagay. Buni Salima ham bilgay.
... Bugun kechasi Akbar hobgoxda shu chigal muammo haqida o‘ylanib o‘ltirganda,
Salima uning ko‘nglidan o‘tgan narsalarni sezganday bo‘lib:
— Hazratim, — dedi. — Siz mening oldimdagi burchingizni ham, otalig‘ingiz buyurgan
vasiyatni ham mardona ado etdingiz. Endi men ham shunga yarasha insof qilmog‘im
kerak. Agar biron qizga... ko‘ngil qo‘ysangiz... haqqingiz bor... men rozilik berurmen!
Akbar gapni hazilga burdi:
— Balki o‘zingiz... sovchilikka ham borursiz?
Salima begim bu hazilni o‘ziga qattiq olib, ko‘zlari birdan yoshlandi:
— Men uchun behad og‘ir dardni hazilga yo‘ymang! Onangizning dillarida men tufayli
armon qolmasin. Men u kishining yaxshiliklarini ham qaytarmoqchimen!
Akbar Salimani belidan quchib, yuz-ko‘zidan o‘pdi:
— Hech azob tortmasdan, faqat rohat-farog‘atda yashaydigan erkaklarda nafsga,
g‘ururga berilish kuchli. Shafqat-u qanoat mashaqqat chekkan ayollarda ko‘proq
bo‘lurmikin?
— Biz, ayollar ham, farishta emasmiz, hazratim. Ilkimizga hokimlik tizgini tegsa
o‘zimizdan ketishimiz hech gap emas. «Odamni sinamoqchi bo‘lsangiz, unga mansab
berib ko‘ring», degan naql eshitganmen. Hozir sizga eng sodiq ayollardan Mohim
enaganing boshiga ana shunday bir sinov tushmishdir.
Mohim enaga haqida marhum Bayramxon ham tashvish-taraddud to‘la so‘zlar aytib
ketgani Akbarning yodiga tushdi.
— Salima siz Mohim enagada... biron o‘zgarish sezmoqdamisiz?
— Ha, o‘zgarish katta.
Yaqin odamlari bir-birini yomonlay boshlasa Akbarga bu doim yomon ta’sir qilardi. Hozir
ham uning yuzi tundlasha boshlaganini ko‘rgan Salima:
— Balki bu — yaxshi o‘zgarishdir, — deb gapni burdi.
— Menga onam qiladigan yaxshiliklarni shu ayol qilgan, Salima. Kobul esingizdami?
Komron amakim biz bilan o‘chakishib, meni otam ottirayotgan zambarakning o‘qiga
to‘g‘rilab qo‘ygan edi-ya! Yon-verimdan vashillab o‘tgan zambarak o‘qlarini eslasam, hali
ham sochim tikka bo‘lib ketadir. O‘shanda Mohim enaga chopib kelib, o‘z gavdasi bilan
meni to‘sgan edi-ya! Qandahorda, qish sovuqlarida enagam meni yana qancha
o‘limlardan olib qolgan!..
— Ha, Mohim enaga o‘shanda chekkan mashaqqatlarining rohatini endi ko‘rmoqda.
Bugun mamlakatimizda undan nufuzli ayol yo‘q. bek-u a’yonlar Mohim enagani sizdan
keyingi ikkinchi siymo deb hisoblaydilar.
— Nechun? Onam hazratlari-chi?
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |