Birga-bir bog‘lanish eng ko‘p uchraydigan bog‘lanish bo‘lib, unga misollar ko‘p. Masalan, jadvaldagi har bir o‘quvchi uchun uning sinfini bir qiymatli qilib aniqlash mumkin (o‘quvchi aniq bir sinfda o‘qiydi). Shunga o‘xshash, har bir o‘quvchi uchun uning manzili, bo‘yining uzunligi, og‘irligi, tug‘ilgan sanasi yagonadir. Bularning hammasi birga-bir bog‘lanishga misol bo‘la oladi.
Birga-ko‘p bog‘lanishda har bir ob’ektga bir nechta boshqa ob’ekt mos keladi. Masalan, bir otaga bir nechta farzandlar to‘g‘ri keladi. Bunday bog‘lanishga kompyuterning fayllar tizimi ham misol bo‘ladi. Har bir faylga faqat bitta u joylashgan katalog mos keladi, lekin bitta katalogda bir nechta fayllar joylasha oladi. "Kutubxona" ma’lumotlar omborida ham bunday bog‘lanish mavjud: har bir o‘quvchi bir nechta darslik olishi mumkin.
Ko‘pga-bir bog‘lanish birga-ko‘p bog‘lanishning aksi bo‘lib, bir turdagi bir necha ob’ektlarga ikkinchi turdagi bir ob’ekt mos keladi. Birga-ko‘p bog‘lanishga buva-buvi va nabiralar misol bo‘lsa, buva-buvilar va nabira ko‘pga-bir bog‘lanishga misol bo‘ladi: chunki har bir nabiraning, odatda, buva-buvisi bo‘ladi. "Kutubxona" ma’lumotlar omborida ko‘pga-bir bog‘lanish sifatida bir necha o‘quvchilarning bir turdagi darslikdan, masalan, 8-sinf informatika darsligidan foydalanishlarini keltirish mumkin.
Ko‘pga-ko‘p bog‘lanishga misol sifatida 9-a sinf o‘quvchilari to‘plami bilan ular foydalanayotgan darsliklar to‘plami orasidagi bog‘lanishni keltirish mumkin. Odatda sinf o‘quvchilarining hammasi kerakli barcha darsliklar bilan ta’minlangan bo‘ladi va ular orasidagi bog‘lanishlar har bir darslikning o‘quvchilar bilan bog‘lanishlari to‘plamidir, ya’ni bu bog‘lanishlarning o‘zini ko‘pga-bir va birga-ko‘p bog‘lanishlar orqali ifodalash mumkin. O‘z navbatida bu yerdagi ko‘pga-bir va birga-ko‘p bog‘lanishlarni ham soddalashtirib, birga-bir bog‘lanish ko‘rinishiga keltirish mumkin. Bu esa quyidagicha bajariladi: ikki ustunli jadval tuzamiz, birinchi ustunga o‘quvchining familiyasini, ikkinchi ustunga o‘quvchi olgan darslikni yozamiz. Agar o‘quvchi bir necha darslikdan foydalanayotgan bo‘lsa, jadvalda shuncha satrning birinchi ustuniga o‘quvchi familiyasi, ikkinchi ustunga esa u foydalanayotgan darsliklarni ketma-ket yozamiz. Bu amalni sinfdagi barcha o‘quvchilar uchun bajarib, birga-bir bog‘lanishlardan iborat bo‘lgan jadvalni hosil qilamiz.
Umuman olganda, har qanday bog‘lanishlarni birga-bir bog‘lanishlar to‘plami ko‘rinishiga keltirish mumkin. Bu narsa isbot qilingan bo‘lib, informatikada undan keng foydalaniladi va natijada har qanday ma’lumotlar to‘plami va ular orasidagi bog‘lanishlar jadval ko‘rinishidagi ma’lumotlar omboriga keltiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |