Metanol CH3OH, metil spirti (yog‘och spirti, karbinol), tabiatda oz miqdorda bo‘lsa ham sof holda uchraydi. Masalan, uni efir moylarida uchratish mumkin. Ammo metanolning hosilalari keng tarqalgan bo‘lib, uning oddiy efirlari tabiiy moddalarda, masalan, tabiiy bo‘yoqlarda, alkaloidlarda va hokazolarda, murakkab efirlari esa o‘simlik moylarida, masalan, jasmin moyida va hokazolarda bo‘ladi.
Metanol spirtlar olishning umumiy usullarida olinishi mumkin. U ko‘p vaqtga qadar yog‘ochni quruq haydash usuli bilan olinib kelindi. Shuning uchun ham metanol yog‘och spirti deb atalgan. Yog‘och quruq haydalganda qattiq, suyuq va gazsimon mahsulotlar hosil bo‘ladi. Bu mahsulotlarda 1—2% metil spirt, 5—10% sirka kislota va 0,2—0,5% aseton bo‘ladi. Aralashmadagi metil spirtni ajratib olish uchun, avvalo, aralashma ohak [Ca(OH)2] yordamida sirka kislotadan tozalanadi, so‘ngra aseton bilan metanol aralashmasi rektifikatsion kolonnada haydaladi va natijada metanol ajratib olinadi. Bu usul bilan metanol olish hozirgacha saqlanib qolgan.
Hozirgi vaqtda metanol sanoatda, asosan, metan konversiya qilinganda hosil bo‘ladigan gazdan, ya’ni sintez-gazdan olinadi. Buning uchun uglerod (II) oksid vodorod bilan birgalikda 840—1000 kPa bosim ostida, katalizator (~90% rux oksidi bilan 10% xrom oksidi aralashmasi) ishtirokida 300—600 °C temperaturada qizdiriladi.
CO+ 2H2¾¾® CH3OH
Тoza metanol rangsiz suyuqlik bo‘lib, suv bilan yaxshi aralashadi. Uning hidi etil spirtnikiga o‘xshaydi. 64,7 °C da qaynaydi, och ko‘kimtirrang berib yonadi. Metanol zaharli, u ichilsa, kishini ko‘r qilib qo‘yadi; ko‘proq miqdori esa o‘limga olib keladi. Тexnika maqsadlari uchun ishlatiladigan metanolning hidi toza metanolnikidan farq qiladi va kuygan modda hidini eslatadi.
Metanol birlamchi spirtlarga xos kimyoviy xossalarga ega. Bundan tashqari metanol, spirtlar orasida gidroksil uchta vodorod atomi bilan birikkan uglerod atomiga (radikaliga) bog‘langan yagona spirt hisoblanadi. Shuning uchun ham metanol oksidlanganda boshqa birlamchi spirtlar kabi ikkita mahsulot (aldegid va organik kislota) emas, balki uch xil (karbonat kislota ham mahsulot hosil qiladi):
[O] [O] [O]
CH3—OH¾® CH2O¾® HCOOH ¾® CO2+H2O¾®CO(OH)2
Metanoldan sanoatning turli sohalarida keng ko‘lamda foydalaniladi. Metanolning ko‘p miqdori chumoli aldegid (formaldegid) tayyorlashda, ko‘pgina moddalar sintez qilishda, masalan, metilasetat, metil va dimetilanilin, metilamin, metilxlorid, dimetilsulfat, toluolsulfokislotaning metil efirlari hamda bir qancha bo‘yoqlar, farmatsevtik preparatlar, atir-upalar va hokazolar olishda xomashyo bo‘lib xizmat
qiladi. Metanol yaxshi erituvchi bo‘lib, sanoatning turli tarmoqlarida, masalan, lok-bo‘yoq sanoatida, neftni qayta ishlash sanoatida va boshqa sohalarda keng ko‘lamda ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |