Mening institutim…
Inson hayoti maqsadlar qo’yish va ularga intilish bilan o’tadi. Bir necha yil avval mening maqsadim sen eding, Institutim. Talabalik baxtiga muyassar bo’lib, muhtasham darvozangdan kirish, keng bog’laringda sayr qilish, marmar pillapoyalaringdan yuqoriga ko’tarilish, mehribon o’qituvchilaringdan saboq olish, zukko talabalaring bilan hamsuhbat bo’lish edi mening maqsadim. Shuning uchun tinmay harakat qildim, o’qib o’rgandim. Va ne saodatki, sening talabangga aylandim. O’shanda mendan baxtli inson yo’qdek edi go’yo. Ota-onam ko’zlarida faxr tuyg’usini ko’rdim, yaqinlarim qalblaridagi havasni tuydim. Barcha-barchasi sen tufayli edi. Senda o’tadigan kunlarimni intizorlik bilan kuta boshladim. Ammo birdan eng aziz narsamni yo’qotgandek bo’ldim. Lekin aynan nima ekanligini anglolmadim. Chindan baxtli edim, ammo nimadir kamdek…Keyin tushunib qoldim, axir hayotim mazmuni senga intilish bo’lib qolgan ekan. Tongdan shomgacha shuning uchun yelib yugurardim.” Endichi? Endi nima qilaman?” Birdan xursandchilik ham tatimay qoldi. Ishonasanmi, bularning barchasi bir necha daqiqada sodir bo’ldi.
Bir necha kunlardan so’ng o’qish boshlandi. Ilk kunning o’zidayoq barcha yomon xayollar bulutlardek tarqab ketdi. Esingdami, meni qutlab bayram o’tkazganding. To’g’ri, bu tadbirda boshqa talabalar ham bor edi. Ular ham baxtli edi, baxtiyor edi. Lekin sen menga qarata gapirayotganingni, barcha-barchasi faqat men uchun tashkil qilinganini chin dildan sezib turgandimku. Bizni (to’g’rirog’i meni) tabriklab so’zga chiqqan har bir kishining gaplarini jon qulog’im bilan tingladim. O’sha vaqtning o’zidayoq men katta saboq oldim. Hali hamon esimda – bir ustoz sahnaga chiqib shunday degandi:”Oliygoh talabasi bo’lish katta baxt. Lekin bunga mening maqsadim edi deya qaramang. Unga eng katta maqsadim yo’lidagi bir pillapoya edi deya qarang. Eng katta maqsadingiz Vatan ravnaqi yo’lida hissa qo’sha oladigan inson bo’lish, o’zingizdan yaxshi nom qoldirish bo’lsin.” Qaraya, ko’nglimdagini darrov payqagansan va to’g’ri yo’lni ko’rsatgansan. Sen sabab bo’lib yanada kattaroq va to’g’ri maqsadlar qo’yishni o’rgandim. Jonkuyar ustozlaring tufayli har bir kunim besamar o’tmayotganini his qilaman. Senda berilayotgan bilimlar meni haqiqiy mutaxassis qilib yetishtirishiga ishonaman. To’g’risini aytsam, ba’zan qattiqqo’llik qilib yuborayotgandek tuyulasan. Murakkabroq topshiriqlaring tufayli qiynalganimda sendan arazlagan vaqtlarim ham bo’ldi. O’shanda ham bularning barchasi meni yetuk kadr qilib tarbiyalash uchun kerakligini tushuntira bilding.
Institutim, sen ota-onam kabi men haqimda ko’p qayg’urasan. Sog’lom bo’lishim uchun tashkil qilgan sport mashg’ulotlaring uchun rahmat. Hunarli bo’lishim uchun ochgan o’nlab mehnat to’garaklaring uchun rahmat. Zamon bilan hamnafas bo’lishim uchun yaratgan IT markazlaring uchun rahmat. “Yaxshi dam – mehnatga hamdam” deya tashkil qilgan ko’ngilochar tadbirlaring uchun rahmat. Men uchun qilgan ishlaringning adog’i yo’q. Barchasi uchun sendan minnatdorman, Institutim. Hali ko’rasan, sening mehnatlaringni oqlayman. Men bilan faxrlanishing uchun bor kuchim bilan harakat qilaman, vada beraman.
Bu yil naqd elliginchi bahorni qarshilarkansan. Yarim asr kam vaqt emas. Shuncha payt mobaynida qanchadan-qancha yoshlarga to’g’ri yo’l ko’rsatding, ulardan hech narsangni ayamading. Senda tahsil olgan minglab talabalar erishgan yutuqlarning son-sanog’i yo’q. Shunday bo’lsa ham doim kamtarinsan. Yana va yana qattiqroq mehnat qilaverasan. Shuning uchun ham seni yaxshi ko’ramiz, seni ardoqlaymiz. 50 yillik yubileyingda bunday bayramlardan juda ko’pini ko’rishingni, yana millionlab yoshlar uchun eng ulug’ maskan bo’lishingni tilayman. Men sen bilan faxrlanaman, Mening Institutim!
USMONOVA YULDUZ
JIZZAX DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI BOSHLANG’ICH TA’LIM FAKULTETI 2-BOSQICH 810-20 (201)-GURUH TALABASI
Do'stlaringiz bilan baham: |