5.1. Sanoat tarmoqlari korxonalari daromadi to’grisida tushuncha va
daromad manbalari.
“Daromad” iqtisodiy faoliyat natijalarini ifodalovchi ko`rsatkich bo`lib, u
serqirra va murakkab mazmunga ega hisoblanadi. Chunki, daromad bir vaqtning
o`zida biron-bir faoliyat natijasida olingan tushumni, pul mablag’larini, natural
ko`rinishda olingan mahsulotlarni, iqtisodiy resurslar keltiruvchi nafni va boshqa
tushunchalarni ifodalashi mumkin. Shuningdek, daromad umumiy tushuncha
bo`lib, uning tarkibida aholi daromadlari muhim o`rin tutadi.
Aholi daromadlari ma'lum vaqt oralig’ida (masalan, bir yilda) ular tomonidan
olingan pul va natural shakldagi tushumlar miqdorini anglatadi. Aholi pul
daromadlari ish haqi, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad, nafaqa,
pensiya, stipendiya shaklidagi barcha pul tushumlarini, mulkdan foiz, dividend,
renta shaklda olinadigan daromadlarni, qimmatli qog’ozlar, ko`chmas mulk,
qishloq xo`jalik mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlarini sotishdan va har xil
xizmatlar ko`rsatishidan kelib tushadigan daromadlarni o`z ichiga oladi.
Natural daromad mehnat haqi hisobiga olinadigan va uy xo`jaliklarining o`z
iste'mollari uchun ishlab chiqargan mahsulotlaridan iborat bo`ladi.
Jamiyat a'zolari daromadlari darajasi ular turmush farovonligining muhim
ko`rsatkichi hisoblanib, shu bilan birga alohida shaxslarning dam olishi, bilim
olishi, sog’lig’ini saqlashi, eng zarur ehtiyojlarini qondirishi imkoniyatlarini
belgilab beradi. Aholi daromadlari darajasiga bevosita ta'sir ko`rsatuvchi omillar
orasida ish haqidan tashqari chakana narx dinamikasi, iste'mol bozorining tovarlar
bilan to`yinganlik darajasi kabilar muhim o`rin tutadi. Nominal daromad – aholi
tomonidan ma'lum vaqt oralig’ida olingan daromadlarining pul ko`rinishidagi
miqdori. Ixtiyorida bo`lgan daromad - shaxsiy iste'mol va jamg’arma
maqsadlarida foydalanish mumkin bo`lgan daromad. Bu daromad nominal
daromaddan soliqlar va majburiy to`lovlar summasiga kam bo`ladi. Real daromad
- narx darajasi o`zgarishini hisobga olib, aholining ixtiyorida bo`lgan daromadga
sotib olish Mumkin bo`lgan tovar va xizmatlar miqdori. Ya'ni, real daromad
aholining ixtiyorida bo`lgan daromadning xarid quvvatini bildiradi.
Aholining nominal pul daromadlari turli manbalar hisobiga shakllanib,
ulardan asosiylari quyidagilar hisoblanadi:
a) ishlab chiqarish omillari hisobiga olinadigan daromad;
b) davlat yordam dasturlari bo`yicha to`lov va imtiyozlar shaklidagi pul
tushumlari;
c) moliya-kredit tizimi orqali olinadigan pud daromadlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |