Firmaning yuqori rentabellikka erishish bo’yicha faoliyatini qisqa muddatli davr uchun va uzoq muddatli davr uchun taxlil etish mumkin.
Qisqa muddatli davrda firma o’zgartirib bo’lmaydigan miqdordagi uskunalarga (ishlab chiqarish quvvatlariga) ega. SHuning uchun foydani oshirish yoki zararni kamaytirish bo’yicha tadbirlar ishlab chiqarish hajmlarida o’zgaruvchi resurslar (materiallar, mehnat va boshqalar)dan ko’proq yoki ozroq ishlatish yo’li bilan o’zgarishlar qilish ko’rinishida amalga oshiriladi. Firmaning foydasi yalpi pul daromadidan yalpi xarajatlarni ayirib tashlash orqali hosil bo’ladi. Firma foydani maksimallashtiruvchi ishlab chiqarish hajmiga intiladi.
Erkin raqobat sharoitida (kichik va o’rta biznes asosan shunday sharoitda ish olib boradi) foydani maksimallashtiruvchi ishlab chiqarish tushumini aniqlashga ikki usulda yondoshiladi. Birinchi usulda yalpi pul tushumini yalpi xarajatlar bilan, ikkinchi usulda chegaraviy tushumni chegaraviy xarajatlar bilan taqqoslaydilar.
Bozordagi baho o’zgarmas deb olinganda, raqobat sharoitida ishlayotgan tadbirkor oldida uch savol ko’ndalang turadi: ishlab chiqarish kerakmi, qancha ishlab chiqarish kerak, qancha foyda olish mumkin? Dastlabki qarashda javob oddiy: foyda olinadigan bo’lsa, ishlab chiqarish lozim. Lekin amalda masala murakkabroq bo’ladi. Gap shundaki, qisqa muddatli davrda yalpi xarajatlarning bir qismi doimiy xarajatlardan, qolgan qismi esa o’zgaruvchi xarajatlardan iborat bo’ladi. Doimiy xarajatlar firma ishlamay turgan bo’lsa ham qoplab berilishi kerak. Ya’ni mahsulot ishlab chiqarilmasa, firma doimiy xarajatlar miqdorida zarar ko’radi. SHuning uchun sotish bahosi o’rtacha xarajatlardan pastroq, lekin o’zgaruvchi xarajatlardan yuqoriroq bo’lgan hollarda ishlab chiqarishdan voz kechish mumkin emas. Albatta, bu qisqa muddatli davrda. Uzoq muddatli davrda tadbirkor doimiy xarajatlarni ham to’xtatish choralarini ko’radi.
Korxona maksimum yalpi foydaga erishadigan ishlab chiqarish hajmini aniqlash uchun ishlab chiqarish hajmi o’sib boruvchi darajalari hamda ularga muvofiq keluvchi chegaraviy daromad va chegaraviy xarajatlar miqdorlarini ifodalovchi jadval tuziladi. SHu jadval ma’lumotlari asosida grafik tuzish ham masalani oydinlashtirishga yordam beradi. CHegaraviy daromad chegaraviy xarajatdan ortiq bo’lsa, korxona foydasi summasi ishlab chiqarish hajmi ortishi bilan ortadi, aksincha chegaraviy daromad chegaraviy xarajatdan kamroq bo’lsa, foyda umumiy summasi kamayadi.SHuning uchun chegaraviy daromad chegaraviy xarajatga tenglashgan nuqtada foydaning maksimumiga erishiladi deb hisoblanadi. CHunki shu nuqtadan so’ng chegaraviy xarajat chegaraviy daromaddan ortiqroq bo’lib qoladi. Buni chegaraviy daromad bilan chegaraviy xarajatning tengligi qoidasi deb ataladi.