Korxonalarda ish haqiga qo‘shimchalar va ustamalarni, shuningdek bir marta beriladigan mukofotlarni qo‘llash.
Asosiy ish haqiga qo‘shimchalar va ustamalar. Hozirgi vaqtda amal qilib turgan kompensatsiya qo‘shimchalari va ustamalarning hamma turlarini ikkita katta guruhga: mehnat faoliyati sohalari bo‘yicha cheklanmaydigan qo‘shimchalar va ustamalarga hamda muayyan mehnat sohalarida qo‘llanadigan qo‘shimchalar va ustamalarga ajratish zarur. Birinchi guruhga dam olish va bayram kunlarida ishlaganlik uchun; ish vaqtidan tashqari ishlaganlik uchun; voyaga etmagan xodimlarga ularning ish kuni qisqartirilganligi munosabati bilan; o‘zlariga berilgan tarif razryadidan past ishlarni bajarayotgan ishchilarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda o‘rtacha maoshga etkazish uchun to‘lanadigan qo‘shimchalar; ishni bajarishning normal sharoitlaridan chekinish munosabati bilan ishchilarga to‘lanadigan qo‘shimchalar kiradi.
To‘lovlarning qolgan barcha turlarini qo‘llash sohasi cheklangan. Bular turlicha cheklovlardir. Masalan, ba’zilari xodimning asosiy funksiyasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha ishni kompensatsiyalash maqsadida belgilanadi.
Bunga misol qilib xodim asosiy ishidan ozod qilinmagani holda rahbarlik vazifalarini bajarishini ko‘rsatish mumkin. Ustamalarning boshqa turlari noqulay mehnat sharoitlari bilan bog‘liq ishlar sohasini qamrab oladi. Uchinchi turlarini bajarilayotgan ishning alohida xarakteri (masalan, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib ishlaganlik uchun to‘lanadigan ustamalar) keltirib chiqargan.
Qo‘llash sohasi cheklangan qo‘shimchalar va ustamalarni o‘z navbatida uch guruhga ajratish maqsadga muvofiq. Birinchi guruh - rag‘batlantiruvchi qo‘shimchalar. Ulardan eng muhimlari: kasblar (lavozimlar)ni qo‘shib bajarganlik uchun; xizmat ko‘rsatish zonalarini kengaytirganlik yoki bajarilayotgan ishlar hajmini ko‘paytirganlik uchun; ishga kelmayotgan xodimning vazifalarini bajarganlik uchun; ishchilarga kasbiy mahorati uchun; mutaxassislarga mehnatda erishgan yuksak ko‘rsatkichlari va yuqori malaka darajasi uchun; jahon yutuqlariga mos mahsulot salmog‘i katta bo‘lishini ta’minlaganlik, mahsulotni eksport qilishni ancha kengaytirganlik hamda ishlab chiqarishning texnikaviy darajasini oshirganlik uchun.
Ikkinchi guruh - bajarilayotgan ishning alohida xususiyati bilan (mavsumiyligi, uzoqdaligi, ish ob’ekti noaniqligi va shu kabilar bilan) bog‘liq qo‘shimchalar; grafik bo‘yicha dam olish yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelgan ish kunlarida ishlaganlik uchun; ko‘p smenali ish tartibi uchun; ishlarni tashkil etishning vaxta usulida ish vaqti normadan ortiq davom etadigan ish munosabati bilan.
Uchinchi guruh - normal mehnat sharoitidan farq qiladigan sharoitlar uchun qo‘shimchalar: og‘ir (zararli) va o‘ta og‘ir (o‘ta zararli) mehnat sharoitlarida ishlaganligi uchun; konveyer, oqim va avtomat liniyalardagi ishchilarga mehnatning intensivligi uchun; shaxta va razrezlarning mexanizatsiyalashtirilgan zaboylaridagi ishchilariga mehnat intensivligi uchun; tungi vaqtda ishlaganlik uchun; metropolitenlarning tonnellarida va er osti hududlarida faqat tungi vaqtda ishlar bajarganlik uchun; ayrim qurilish ob’ektlarida va favqulodda vaziyatlar tug‘ilishi mumkin bo‘lgan joylarda oshirilgan tarif stavkalari va mansab okladlarini qo‘llash; xavfli yuklarni tashiganlik uchun.
Qo‘shimchalar va ustamalar turlarining taklif qilingan tasnifi bu to‘lov turlarini qo‘llash maqsadga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish imkonini beradi.
Rag‘batlantiruvchi qo‘shimchalar va ustamalar. Rag‘batlantiruvchi qo‘shimchalar va ustamalar ro‘yxatiga nazar tashlanganida ularning kattagina qismini qo‘llashdan maqsad xodimlar mehnatini ish kuni doirasida kasbiy (yoki mansab) sohani kengaytirish hisobiga intensivlashdan iborat ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Oldingi xo‘jalik yuritish tizimida xodimning ish kuni mobaynida normal (to‘liq) ish bilan band qilish har doim ham ta’minlanavermas edi. Ko‘pincha,
ayniqsa, vaqtbay haq to‘lashda, ish bilan bandlik 50-60 %ni, hatto undan ham kamroqni tashkil qilar edi. Ishlab chiqarish yuqori darajada tashkil etilmaganligi korxonalarda ortiqcha personalni saqlab turishni talab qilardi. Ana shu muammolarni hal qilish vositasi sifatida kasblarni qo‘shib bajarganlik uchun, xizmat ko‘rsatish doirasini kengaytirganlik, kam sonli personal bilan ishlaganlik va hokazolar uchun qo‘shimcha haq to‘lash paydo bo‘lgan edi.
Xodimlar kun davomida ish bilan to‘liq band bo‘lishi ta’minlanadigan korxonalarda har bir xodimning shaxsiy ishchanlik fazilatlarini yuqori ishlab chiqarish natijalari hammadan yaxshiroq ko‘rsatadi: mehnat unumdorligi yuqoriroq bo‘ladi, bajarilgan ishlar sifati ancha yuqori bo‘ladi, moddiy resurslarni sarflashga boshqalarga qaraganda asrab-avaylash munosabatida bo‘linadi va hokazo. Bunda xodimning mehnat jarayonlarini ratsionallashtirishdagi faolligi, ilg‘or ish usullarini bilishi va professional tayyorgarligi doimiy ravishda o‘sib borayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi hisobga olinadi.
YUksak professional mahorati uchun ustamalar belgilashga nomzodlarni to‘g‘ri va asosli tanlab olishga xodimlarni attestatsiyalash yoki ularning
«xizmatlarini baholash» tizimini joriy etish yordam berishi mumkin. Bu tizimni amalga oshirish jarayonida muayyan sistema bo‘yicha har bir xodim faoliyatining natijalari va ishchanlik fazilatlari baholanadi.
Bir yilda kam deganda bir marta o‘tkazilishi kerak bo‘lgan attestatsiya natijalari bo‘yicha ustamalar belgilash baholarning taqqoslanishini ta’minlaydi va hamma xodimlar tomonidan yanada ijobiy qabul qilinadi. Ustamalar miqdori istagancha bo‘lishi mumkin. Muhimi, ular xodimlarning ishchanlik fazilatlaridagi farqlarni hisobga olgan holda darajalashtirilgan bo‘lishi kerak. Biroq, belgilangan ustamalar miqdori haq to‘lash tizimining boshqa tarkibiy qismlari bilan birgalikda yuqori malakali mutaxassislarga xos darajada haq to‘lanishini ta’minlashi kerak.
Rag‘batlantirishning bunday shakli asossiz ravishda kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kasbiy mahoratga to‘lanadigan hamma ustamalarni ana shu maqsadlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning tamomila aniq summasi doirasida belgilash maqsadga muvofiqdir.