Men nechun sevaman O‘zbekistonni?!
Vatan… U qanday kuchki, bu kalom bir bor qulog‘ingga chalinganidayoq
yuraklarni o‘rtab, etni junbushga keltirib yuboradi. Uni qay tarzda his etmoq
darkor?! Aslida yuragida yurtiga bo‘lgan ishq alangasi yonib turgan insongina
Vatanni chin yurakdan sevib, uni qalbining tub-tubidan his eta oladi. Mana shu
Vatan hissi insonga ulkan qudrat hadya etadi. Vatanda insonga xuddi qishi
bahorga, zulmati yorug‘ga, qayg‘usi baxtga aylanib ketgandek bo‘ladi. Zero, Vatan
– yurakdagi javohir. Chunki Vatansiz bu yorug‘ olam zimiston ko‘rinadi,
tiriklikdan esa, ma’no qolmaydi, hayoti sovib muz qotgan qishga aylanadi. Orzu va
baxtlar bir on zindonga ravona bo‘lib, baxt quyoshi so‘nadi.
Vatan inson qalbining bir parchasidir. Odam ona yurtidan ayrilsa, mana
shu bir parchadan ajraladi. Hatto bulbul ham oltin qafasdan ko‘ra o‘z ona yurti
hisoblanmish tikanzorni afzal ko‘radi. Chunki uning uchun shu tikanzor – aziz,
qadrli, jannatmisol go‘sha. Vatan sajdagohdek mo‘tabar va tabarrukdir. Shu tufayli
ham men bot-bot “Qalbimdagi Ka’bamsan, Vatan!”-deyishdan charchamayman.
Zero, Vatan qadrini bilgan inson hech qachon, hech yerda xor bo‘lmagay.
So‘zlar ichra nurli so‘zlar bor,
Tilga olsang yayrar jon-u tan.
Dilda, tilda aytaman takror:
Sensiz yashab bo‘lmaydi, Vatan!
Inson ota-onasini tanlolmaganidek, Vatanini ham tanlolmaydi. Albatta,
Yaratgan odamga Vatanni muzliklardan ham, sahrolardan ham, changalzorlardan
ham ato etishi mumkin. Lekin, bizlarga Alloh taolo O‘zbekiston deb atalgan,
tuprog‘ida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, tog‘ desa tog‘i bor,
bog‘desa bog‘i bor, har tongda bulbullar madhini o‘qib tamom qilolmaydigan
jannatmakon bir yurtni Vatan qilib bergan ekan, buning uchun o‘zimizni baxtli deb
bilmog‘imiz darkor.
Men yurtimni sevaman. U – rivojlangan sanoat maskani. U tuganmas
tabiiy boyliklarga ega. Shuning uchun ham u jahonga yuz tutmoqda, olamga
tanilmoqda. Uning quyoshi butun olamni yoritadi. Uning farzandlari dunyoni
larzaga keltiradi, o‘z ma’rifati, ma’naviyati, madaniyati bilan hammaga saboq
beradi. Uning Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin
Muhammad Bobur kabi farzandlari butun dunyoga mardlik, jasurlik, kuch-
qudratlilik, keskinlik, aqllilik, komillik kabi yuksak ezgu fazilatlarni o‘rgatadi.
Vatan ishqi bilan yashash, o‘zi tug‘ilib-o‘sgan yerining bir qarichini ham g‘animlar
qo‘liga topshirmaslik, fidokorlik, xalqparvarlik o‘zbek xalqining hayotida ajralmas
bo‘lakdir. Mana shunday go‘zal hayotni sevmagan insonning kelajagi barbod
bo‘ladi. Men shuning-chun sevaman O‘zbekistonni, men shuning-chun
e’zozlayman o‘zbek xalqini. Bunday yurtda yashash, shunday sofdil insonlar
ichida yurish men uchun yuksak sharaf, Himolaydan-da baland g‘urur va iftixor
bag‘ishlaydi.
Men nechun sevaman O‘zbekistonni,
Bog‘larin jannat, deb ko‘z-ko‘z etaman.
Nechun ardoqlarkan tuprog‘ini men,
O‘paman, tuprog‘ing bebaho, Vatan!
Bugun yurtimning erki qo‘lida, xalqim hur va obod zamonda yashamoqda.
Endi xalqimiz hech qachon kimgadir mute bo‘lib yashashga rozi bo‘lmaydi va
kimningdir buyrug‘ini bajarib yuradigan zamonga hech qachon qaytmaydi.
Ozodlik, erkinlik havosidan bir bor to‘yib nafas olgan kishi hech qachon qullikka
ko‘nmaydi, qullikka qaytmaydi. O‘zbekistonimizning mustaqillikka erishganiga
endigina yigirma sakkiz yil to‘lgan bo‘lsa-da, ana shu qisqa bir tarixiy davrda,
chorak asr davomida, g‘oyat yuksak marralarni zabt etdi. Jumladan, o‘zining davlat
tili, gerbi, bayrog‘i, konstitutsiyasi, madhiyasini qo‘lga kiritdi, paxta, g‘alla
mustaqilligiga erishdi. San’at, sport, madaniyat, ma’rifat, ilm-fan sohalarida
jahonning eng qudratli davlatlari bilan bahslasha oladigan davlatga aylandi. Sanoat
markazlarining, ishlab chiqarish korxonalarining faoliyatini jadal rivojlantirdi. Va
eng asosiysi, o‘zining qudratli, yengilmas armiyasiga ega bo‘ldi. Bu bilan
davlatimiz dunyoda o‘zining hech kimdan kam emasligini, yuksak kuch-qudratini
ko‘rsatdi. Bir yuz qirqdan ortiq xorijiy davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi.
Bir qancha mamlakatlarda o‘z elchixonalarini qurdi. Xullas, o‘zining yetakchi
mavqeyiga ega bo‘ldi. Eng muhimi, dunyo mamlakatlari ichida ulug‘ hurmat-
e’tiborga, ehtiromga erishdi, ya’ni jahonga yuz tutdi.
O‘zbekiston, parvozing sarbalanddir,
Xush navoli sho‘x sozing sarbalanddir,
Jahon bo‘ylab ovozing sarbalanddir,
Istiqlolning nuri tarxon yuzingda
O‘zbekiston, bor bo‘l, jahon yuzinda!
O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat. Vatanimizning biz yoshlarga yaratib
berayotgan har bir sharoiti, shubhasiz, yurtimiz ravnaqiga, kelajagimiz porloq
bo‘lishiga zamin yaratadi. O‘zbekistonimiz biz yoshlar uchun jondan bo‘lak
hamma narsani muhayyo qilgan. Qolgan hamma gap – yoshlarning bu
imkoniyatlardan oqilona, odilona foydalanib, Vatanimiz kelajagiga munosib hissa
qo‘shishida. Men ham Vatanimning menga, tengqurlarimga yaratib berayotgan
shart-sharoitlaridan unumli foydalanib, O‘zbekistonim kelajagiga, yurtimga,
xalqimga munosib farzand bo‘lishga harakat qilaman va ayni damda jondan shirin,
suyukli, yagonam bo‘lgan Vatanimga dil so‘zlarimni aytmoqchiman:
O‘zbekistonim! Seni ne deb atayin?! Onammi? Yoki bir burda nonimmi?
Tuprog‘ingda ne-ne ajdodlarim xoki yotibdi. Bog‘laringni jannatga qiyoslagum!
Men, sening tuprog‘ingdan yaralgan bolang, bir zarrang, farzandingman. Sening
uchun bir giyohga aylanib, tuprog‘ingda o‘ssam, bir qush bo‘lib osmonlaringda
parvoz etsam, shoir bo‘lib sha’ningga qasidalar bitsam…
Zavol ko‘rma hech qachon, o‘lkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar bo‘l, g‘olib bo‘l, o‘ktam,
Do‘st-u yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulug‘ bashar oilasida
Mangu yorug‘ peshonang sening.
Mangu yorug‘ maskanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim!
O, poytaxt Toshkentim! Gullar shahri Namanganim! Yer yuzining sayqali
Samarqandim! Ko‘hna va boqiy Buxorom! Go‘zal vodiy Farg‘onam! O‘n ikki
viloyatni bag‘rida jo etgan ozod, go‘zal, yagona va betakror ona-Vatanim –
O‘zbekistonim! Tinchligingga ko‘z tegmasin! Kelajaging porloq bo‘lsin!
Jasur Nurmatov,
TDYU Ixtisoslashtirilgan filiali talabasi