E’tiboringizga havola etilayotgan matn AQShning qora tanli fuqarolar haq-huquqlari uchun otashin kurashchisi, Nobel mukofoti sohibi Martin Lyuter King tomonidan 1963-yilning 28-avgust kuni Vashington shahridagi Linkoln memoriali poyida o‘qilgan edi. Alabama shtatining Selma shahridan boshlanib, pirovardida tilga olingan memorial ostida 200–300 ming chog‘li odamning to‘planishiga olib kelgan “Ish o‘rinlari va ozodlik uchun Vashingtonga marsh” nomli ushbu mislsiz norozilik aksiyasi yakunida King bir yerga to‘plangan oq va qora, xudojo‘y va xudosiz erkak va ayollarga qarata mazkur nutqni irod qilgan edi.
Men bugun siz bilan birgalikda Vatanimiz tarixiga ozodlik uchun eng buyuk yurish sifatida kiradigan voqea ishtirokchisi bo‘lishdan shodman.
Yuz yil muqaddam bugun biz ramziy ko‘lankasi ostida to‘planganimiz buyuk amerikalik negrlarni ozod qilish to‘g‘risidagi Proklamatsiyani imzolagan edi. Bu muhim farmon jizg‘anak qiluvchi nohaqlik alangasida kuydirilayotgan millionlab qora tanli qullar uchun umid nurining ulug‘vor mayog‘i bo‘ldi. U asoratning uzun tuniga xotima yasagan quvonchli sabo bo‘ldi.
Lekin, oradan yuz yil o‘tib, biz bir fojiali faktni tan olishga majburmiz: negr hanuzgacha erkin emas. Oradan yuz yil o‘tib, negrning hayoti, taassufki, ilgarigiday segregatsiya kishanlari va diskriminatsiya bo‘g‘ovlari bilan mayib-majruh qilinmoqda. Oradan yuz yil o‘tib, negr ulkan moddiy farog‘at ummoni o‘rtasidagi kimsasiz qashshoqlik orolida yashamoqda. Oradan yuz yil o‘tib, u oldingiday Amerika jamiyatining xilvatgohida tinka-madorsiz bo‘lmoqda va o‘z yerida surgunlikda yashamoqda. Mana, bugun biz achinarli holat dramatizmini ko‘rsatish uchun bu yerga keldik.
Qaysidir ma’noda biz o‘z davlatimiz poytaxtiga chek bo‘yicha naqd pul olish uchun tashrif buyurdik. Respublikamiz me’morlari Konstitutsiya va Mustaqillik deklaratsiyasining latofatli so‘zlarini yozishganida, ular bu bilan har bir amerikalikka meros bo‘lib o‘tadigan chekni imzolashgan. Bu chekka ko‘ra, barcha insonlarga daxl qilib bo‘lmaydigan yashash, erkinlik va baxtga intilish huquqlari kafolatlangan edi.
Bugun bir narsa ravshan bo‘ldiki, Amerika mazkur chek bo‘yicha o‘zining rangli fuqarolariga tegishli bo‘lgan narsani to‘lashga qodir emas ekan. O‘zining mazkur muqaddas burchini o‘tash o‘rniga, Amerika negr xalqining qo‘liga “mablag‘ yetishmayapti” belgisi bilan qaytib kelgan soxta chek tutdi. Lekin biz adolat banki bankrotga uchraganiga ishonishdan bosh tortamiz. Biz davlatimizning ulkan imkoniyatlar zaxiradonida mablag‘ yetishmayotganiga ishonishdan bosh tortamiz. Va biz ushbu chek bo‘yicha haqqimizni olishga keldik – bu chek bo‘yicha bizga ozodlik xazinalari va adolat kafolatlari berilishi lozim.
Shuningdek, bizning bu yerga, bu muqaddas makonga tashrif buyurishimizdan maqsad Amerikaga bugungi kunning qat’iy talabini eslatib qo‘yishdir. Bugun xotirjamlashtiruvchi choralar bilan qoniqish va tadrijiy yechimlar tinchlantiruvchi dorisini qabul qilish zamoni emas. Segregatsiyaning qora vodiysidan chiqib, quyosh nurlariga limmo-lim irqiy adolat yo‘liga tushish pallasi keldi. Xudoning barcha farzandlariga imkoniyatlar eshiklarini ochib berish pallasi keldi. Millatimizni irqiy adolatsizlikning omonat qumloqlaridan olib chiqib, birodarlikning mustahkam qoyasiga boshlash pallasi keldi.Bizning davlatimiz uchun joriy pallaning muhimligini e’tibordan qochirib, negrlarning qat’iyatiga noto‘g‘ri baho berish o‘lim xavfi bilan barobar bo‘ladi. Negrlarning qonuniy domangirligi yozgi sharorasi adolat va tenglikning tetiklashtiruvchi kuzi kirmaguniga qadar bitmaydi. 1963-yil al-intiho emas, al-ibtidodir. Negr shunchaki chigalini yozdi va endi tinchlanadi deb umid qilganlar, agarda bizning millatimiz odatiy maishatiga qaytsa, iliq mudroqlikdan shafqatsiz uyg‘oqlikka kechadi. Toki negrga uning fuqarolik huquqlari taqdim etilmas ekan, Amerika tinchlikni ham, osoyishtalikni ham ko‘rmaydi. Inqilobiy dovullar adolatning yorug‘ tongi otmaguniga qadar davlatimiz asoslarini tebratishda davom etadi.Lekin adl saroyiga kirishning barakatbaxsh ostonasida turgan xalqimga aytmoqchi bo‘lganim yana bir narsa bor. O‘zimizga qonunan tegishli bo‘lgan yerni zabt etish jarayonida biz noloyiq xatti-harakatlarda ayblanish uchun asos bermasligimiz joiz. Kelinglar, hurriyatga bo‘lgan tashnaligimizni alam va nafrat qadahini tomshish bilan qondirmaylik.Biz o‘z kurashimizni qadr-qimmat va intizomning oliyjanob nuqtai nazarlaridan olib borishimiz darkor. Biz bunyodkor e’tirozimiz jismoniy zo‘ravonlikka aylanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Biz jismoniy kuchga qalb kuchi bilan javob berib, ulug‘vor cho‘qqilarga yetishishga intilmog‘imiz lozim. Negr jamiyatini qamrab olgan favqulodda jangovarlik bizni oq tanli insonlarning shubha-gumonlariga ro‘baro‘ etmasligi lozim, negaki oq tanli birodarlarimizning ko‘plari, bugun ular biz bilan yelkama-yelka bu yerda turganligi ham ko‘rsatmoqdaki, ularning taqdiri bizlarning taqdirimiz bilan uzviy bog‘liqligini hamda ularning ozodligi bizlarning ozodligimiz bilan muhaqqaq bog‘liqligini anglab yetdilar. Biz yolg‘iz yura olmaymiz. Va, harakatni boshlab, faqat olg‘a yurishga qasam ichmog‘imiz kerak.Biz orqaga qayta olmaymiz. Fuqarolik huquqlarini himoya qilish ishiga sodiq ba’zilar so‘rashadi: “Qachon tinchlanasiz?” Toki uzoq safarlar tufayli charchoqdan bemador bo‘lgan tanalarimiz yo‘l bo‘yidagi yotoqxonalar va shahar mehmonalaridan tungi panoh topa olmas ekan, biz hech qachon tinchlanmaymiz. Toki negrning asosiy harakatlanish shakli kichik gettodan kattasiga ko‘chib o‘tish bo‘lib qolar ekan, biz hech qachon tinchlanmaymiz. Toki Missisipidagi negr ovoz bera olmas, Nyu-Yorkdagi negr esa ovoz berishimga hojat yo‘q, deb o‘ylar ekan, biz hech qachon tinchlanmaymiz. Yo‘q, bizda tinchlanishga hech qanday asos yo‘q, va biz, toki adolat suv misoli sharillab oqmas, haqqoniyat esa qudratli oqim shamoyilini kasb etmas ekan, hech qachon tinchlanmaymiz.Ko‘pchiligingiz bu yerga buyuk sinovlar va azoblardan o‘tib yetib kelganingizni unutmayman. Ayrimlaringiz bu yerga to‘g‘ri qamoqxonaning tor hujralaridan chiqib keldingiz. Ayrimlaringiz kelgan tumanlarda ozodlikka bo‘lgan intilishingiz uchun ustingizga ta’qib dovuli va politsiya qahrining po‘rtanasi yog‘dirildi. Siz bunyodkor uqubat faxriylariga aylandingiz. Nohaq qiynoqlar o‘talishiga inonib, ishlashda davom eting.Missisipiga qayting, Alabamaga qayting, Luizianaga qayting, shimoliy shaharlarimizning xarobalari va gettolariga qayting, bu vaziyat baribir o‘zgarishi mumkinligini va muqarrar o‘zgarishini bilib qayting.Keling, ilojsizlik vodiysida azob chekmaylik. Men sizga bugun aytaman, do‘stlarim mening, qiyinchilik va umidsizliklarga qaramay, mening orzuim bor. Bu amerikacha orzuda chuqur o‘rnashgan bir orzudir.Orzuim shuki, bir kuni bizning millatimiz sapchib turadi va “Biz barcha insonlar teng yaratilganligini o‘z-o‘zidan ravshan haqiqat deb hisoblaymiz” degan shiorning asl mazmuniga yetishadi.Orzuim shuki, Jorjiyaning qizil tepaliklarida bir kuni sobiq qullar va sobiq quldorlarning farzandlari birodarlik dasturxoni atrofida to‘planadi.
Orzuim shuki, bir kuni hatto Missisipi shtati, g‘ayriadl va jabr-zulm cho‘g‘lari taftidan sulaygan ovloq shtat, erk va odillik vohasiga aylantiriladi.
Orzuim shuki,bir kuni to‘rt nafar farzandim odamlar terisining rangiga emas, mohiyatlariga ko‘ra baholanadigan davlatda yashaydi.
Bugun mening bir orzuim bor.Orzuim shuki, bir kuni hozirlikda hokimi shtatning ichki ishlariga aralashuv hamda Kongress qabul qilgan qonunlar amaliyotini tan olmasligi haqida gapirayotgan Alabama shtatida shunday muhit yaratiladiki, mitti qora tanli o‘g‘il va qiz bolalar mitti oq tanli o‘g‘il va qiz bolalar bilan qo‘l ushlashib, aka-uka va opa-singillarday birga yurishadi.Bugun mening bir orzuim bor.Orzuim shuki, bir kuni barcha pastqamliklar ko‘tariladi, barcha tepalik va tog‘lar pasayadi, notekis yerlar tekislikka aylantiriladi, qiyshaytirilgan o‘rinlar to‘g‘rilanadi, Tangrining ulug‘vorligi qarshimizda voqe bo‘ladi va barcha bandalar birgalikda bunga shohid bo‘lamiz.Bizning umidimiz shundandir. Men shu ishonch bilan Janubga qaytmoqdaman.Bu ishonch ila biz imkonsizlik tog‘ida umid toshini yora olamiz. Bu ishonch ila biz xalqimizning notekis g‘ala-g‘ovurini ajoyib birodarlik simfoniyasiga aylantira olamiz.Bu ishonch ila biz birga mehnat, birga ibodat qila olamiz, birga qamoqlarga bora, birga ozodlik uchun kurasha olamiz, toki bir kuni hammamiz ozod bo‘lishimizni bilamiz.Va o‘sha kuni Tangrining barcha farzandlari o‘z qo‘shiqlariga yangi mazmun baxsh etib kuylaydi: “Yurtim mening, men seni, ey ozodlik o‘lkasi, men seni alqayman. Otalarim o‘tgan zamin, ziyoratchilar iftixori bo‘lgan joy, ozodlik har bir tog‘ yonbag‘ridan jaranglasin”.
Magar Amerika buyuk mamlakat bo‘lishi lozim ekan, bu sodir bo‘lsin.
Va ozodlik Nyu-Xempshirning hayratlanarli tepaliklaridan jaranglasin!
Va ozodlik Nyu-Yorkning qudratli tog‘laridan jaranglasin!
Va ozodlik Pensilvaniyaning purviqor Allegen tog‘laridan jaranglasin!
Va ozodlik Koloradoning qorga burkangan Qoyali tog‘laridan jaranglasin!
Va ozodlik Kaliforniyaning qabariq tog‘ uchlaridan jaranglasin!
Va ozodlik Tennesining Lukaut tog‘idan jaranglasin!
Va ozodlik Missisipining har bir tepaligi va do‘ngligidan jaranglasin!
Har bir tog‘ yonbag‘ridan ozodlik jaranglasin!
Biz ozodlikning jaranglashiga imkon bersak, biz uning har bir ko‘y va har bir qishloqdan, har bir shtat va har bir shahardan jaranglashiga imkon bersak, o‘sha kunning, Tangrining farzandlari, qoralar va oqlar, yahudiylar va butparastlar, protestantlar va katoliklar qo‘l ushlashib negrlarning eski ruhoniy madhiyasini kuylaydigan kunning kelishini tezlashtira olamiz: “Nihoyat erkinmiz! Nihoyat ozodmiz! Qodir Allohga shukur, biz nihoyat hurmiz!
Do'stlaringiz bilan baham: |