Mehr-oqibat - Ollohning qarzi
Bugungi kunda insonlar orasida mehr, oqibat, bir-biriga sadoqat, yordamga muhtoj kunlarida holidan xabar olishlik kabi insoniy tuyg‘ular yo‘qolib borayotgandek. Jamiyatdagi insonlardan doimo bir gapni eshitamiz: Zamon o‘zgaryapti. Zamondan ortda qolmaslik kerak. Nima zamon o‘zgarayotganligi uchun insonlarning bir – birlariga bo‘lgan munosabatlarini ham o‘zgartirib yuborish kerakmi?
Islom dinining muqaddas kitobi sanalgan “Qur’oni Karim” da ham yaqinlarimiz holidan xabar olish, ular bilan nizolashmaslik, ularga sadaqalar berib turishimiz haqidagi zikr qilingan oyatlar mavjud-ku! Nahot ko‘zimiz boylik, davlat deb shunchalik ko‘r bo‘lib qolgan bo‘lsa? Nahot umrimizni dunyoning o‘tkinchi hoy-u havaslari deb o‘tkazayotgan bo‘lsak!
Hozirgi kunda begonalar u yoqda tursin, hatto yaqinlarimiz ahvolidan xabar olmay qo‘yganimiz oddiy haqiqat emasmi|? Kim ota-onasiga: Oyijon, siz mening butun dunyoyimsiz, otajon, siz mening butun davlatimsiz,- deb aytyapti? Hattoki bir joyda yashab turgan, vaqtida bir qorindan talashib tushgan jigarlar ham begonalardek bo‘lib ketishayotganligiga nima deysiz?
Hamma insonning cho‘ntagidagi puliga, minib yurgan mashinasiga, kiyib yurgan kiyimiga qarab munosabat qiladigan bo‘lib qoldi. Hech kimni insonning qalb go‘zalligi, insoniylik tuyg‘ulari qiziqtirmay qo‘ydi. Butun bir oilalar boylik, pul uchun qurilayotganligini gapirmasak ham o‘zingiz juda yaxshi bilasiz.
Shunday bir hadis mavjud. Qadimda bir farzand safarga chiqadigan bo‘lib qolibdi. Safarga yetadigan taom, yegulik, suv va pul olibdi. Keyin ota-onasidan rizolik olib yo‘lga chiqibdi. Birinchi kun yo‘lida och otaxonni ko‘rib qolibdi. O‘zi yemoqchi bo‘lgan taomdan, ichmoqchi bo‘lgan suvidan berib, yo‘lida davom etibdi. Ikkinchi kuni yo‘lda kambag‘al, qashshoq dehqonga ko‘zi tushibdi. Oldiga borib, unga salom berib, ikkinchi kungi taomlarini, pulidan bir qismini berib, yo‘lida davom etibdi. Uchinchi kuni esa yo‘lida dushmanlar qo‘liga asir tushgan bir kishi chiqib qolibdi. U kishini ozod qilish uchun yonidagi bor narsasini beribdi. O‘zida hech narsa qoolmabdi. Asirlikdan ozod bo‘lgan kishi undan o‘zini qutqarish sababini so‘raganida, shunday javob beribdi: insonlarga mehr ko‘rsatish, qiyin vaqtlarida ularga yordam berish – insongagina xos fazilat. Mehr-oqibat – Ollohning qarzi-ku!
Darhaqiqat, ba’zilarimiz boy-badavlat bo‘lib ketsak, yurish – turishlarimiz o‘zgarib, o‘zimizga yangi do‘stlar qidirib qolamiz. Qiyin kunlarda yonimizda parvona bo‘lganlarni unutib qo‘yamiz. Ularning ahvollaridan xabar olmay qo‘yamiz. Axir bizning mentalitetimizda qariyalarni qadrlash, yetim – yesirlarga, kambag‘allarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi tushunchalar azal – azaldan buyon yashab kelmoqda. Yoki birovga yordam bersak ham, boshqalarga o‘zimizni ko‘rsatish uchun qilamiz. “O‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin”,- degan dono naqlni unutib qo‘yayotgandekmiz.
Bugungi sinovli kunlarda bir-birimizga mehrli bo‘laylik, uyimizdagi olib qo‘ygan yeguliklarimizdan qiyinchilikda yashayotgan kishilarning oilasiga ham ozroq bo‘lsa ham beraylik. Imkoniyatimiz bo‘lmasa, loaqal shunday saxovatpesha insonlarning haqiga duo qilaylik. Zero, insonlarga yordam qo‘lini cho‘zganlarni Olloh ham suyadi.
Bir – birimizga mehrli, oqibatli bo‘lsak, bugungi sinovli kunlardan omon – eson chiqib olamiz. Olloh hammamizni o‘z panohida asrasin!
Urokov Xasan Ulmasovich.
Do'stlaringiz bilan baham: |