9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
xodimlarning dastlabki tarzda (ishga kirayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘riklarini o‘tkazish tartibini belgilaydi;
ishlab chiqarish muhiti omillarining zararliligi va xavfliligi, mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha sanitariya qoidalarini, normalarini va gigiyena normativlarini belgilaydi;
mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlarga beriladigan sutni (shunga teng bo‘lgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini), davolash-profilaktika oziq-ovqatini, gazlangan tuzli suvni (issiq sexlarda ishlovchilar uchun) berish normativlarini belgilaydi;
xodimni yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’sirini istisno etadigan ishga o‘tkazish uchun tibbiy va boshqa ko‘rsatkichlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
xodim kasb kasalligiga chalingan deb gumon qilinganda uning mehnat sharoitlarining sanitariya-gigiyena tavsifini tuzishga doir talablarni belgilaydi;
kasb kasalliklarini aniqlash va xodimlarning kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi darajasini aniqlash uchun yo‘llanma berish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) 10-modda. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari o‘z vakolatlari doirasida:
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi tarmoq maqsadli va maxsus dasturlarni tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
tizimidagi tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
tizimidagi tashkilotlarda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning va xodimlar sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilishining tekshiruvdan o‘tkazilishi hamda hisobga olinishini tashkil etadi va ta’minlaydi;
tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarining mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha tayyorlanishi, qayta tayyorlanishi, malakasi oshirilishi va bilimlari tekshirilishini tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(10-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)