12-mavzu. Halqaro mehnat tashkiloti.
Ijtimoiy sulhni barpo etish va saqlash, inson huquqlarii himoya qilish, uch tomonlama muzokaralar o`tkazish, ijtimoiy mehnat munosabatlarini tartibga solish maqsadida Xalqaro Mehnat Tashkiloti tuzildi. U o`zining faoliyati mobaynida juda katta tajriba to`pladi va muzokaralar o`tkazish jarayonini rivojlantirish, hamda vujudga kelgan ijtimoiy-mehnat muammolarini va ixtiloflari uch tomonlama muzokaralar va bitimlar asosida tartibga solish yuzasidan juda katta ishlarni amalga oshirdi.
XMT 1919 yilda g`arb sotsial-demokratiyasining tashabbusi va ishtiroki bilan jamiyatda zo`ravonlik bilan bo`ladigan ziddiyatlarning oldini olish uchun xalqaro tashkilot sifatida tashkil etildi. XMTning tuzilishi murakkabdir. U:
-Xalqaro Mehnat Konferentsiyasini;
-tarmoq qo`mitalari;
-mintaqaviy Konferentsiyalar va mintaqaviy maslahat qo`mitalari;
-Ma`muriy kengash;
-Bosh direktor boshchiligidagi Xalqaro mehnat byurosini o`z ichiga qamrab oladi.
XMT-eng keksa va yirik xalqaro tashkilotlardan biridir. Versal sulh shartnomasiga muvofiq.
Millatlar Ligasi huzurida avtonom tashkilot 1946 yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkilotining dastlabki ixtisoslashtirilgan muassasasi bo`ldi. Uning eng faol tashkilotchilardan biri va birinchi rahbari (1919-1932 yillar) - Xalqaro Mehnat Byurosining direktori Al’bert Toma siyosiy arbob va Frantsiya xukumatida vazir bo`lgan edi.
1944 yilda Xalqaro Mehnat Tashkiloti tashkil topganiga 25 yil to`lganda Xalqaro Mehnat Koferentsiyasi Filadel’fiyada Deklaratsiya qabul qiladi, unda Ustav bilan birgalikda tashkilotning maqsad va vazifalari belgilab beriladiki, ular hozirgi kungacha o`z ahamiyatini asosan saqlab kelmoqda. Ana shu maqsadlardan kelib chiqib, Xalqaro Mehnat Tashkilotining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:-ijtimoiy-mehnat muammolarini hal qilishga qaratilgan xalqaro siyosat va dasturlarni ishlab chiqish;
-mazkur siyosatni amalga oshirish maqsadida Konventsiyalar va Tavsiyalar tarzida mehnat normalarini yaratish va qabul qilish;
-ishtirok etuvchi mamlakatlarga ijtimoiy-mehnat muammolarini hal qilishda yordam (texnikaviy va boshqa hamkorlik) berish;
-inson huquqlarini himoya qilish (mehnat qilish huquqi, birlashish huquqi, majburlovchi mehnatdan, kamsitishdan himoya qilish va shu kabilar);
-mehnatkashlarning turmush darajasini yaxshilash uchun kambag`allikka qarshi kurash olib borish, ijtimoiy ta`minotni rivojlantirish;
-mehnat sharoitlarini va ishlab chiqarish muhitini yaxshilash, xavfsizlik texnikasi va mehnat gigienasi dasturlarini ishlab chiqish, atrof muhitni muhofaza qilish va tiklash;
-mehnatkash va tadbirkorlar tashkilotlariga ularning ijtimoiy mehnat munosabatlarini tartibga solish sohasida xukumat bilan birga olib boradigan ishlarida yordam berish;
-mehnatkashlarning eng nochor guruhlarini: xotin-qizlar, yoshlar, nogironlar, keksa kishilar, kelgindi (mehnat) kishilarini muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish.
Shu bilan birga, hozirgi sharoitda tashkilot faoliyatining ustivor yo`nalishlarini belgilab olish zarurligi paydo bo`ldi. XMTning keyingi yillardagi faoliyat dasturlarida bu yo`nalishlarni asosan quyidagilardan iborat deb hisoblash mumkin:
-demokratiyalash jarayonini qo`llab-quvvatlash, toki u uch tomonlama muzokaralar asosida, ya`ni har bir davlatdagi sanab o`tilgan uch sherik o`rtasidagi muloqotni rivojlantirishga yordvam bersin;
-kambag`allikka qarshi kurashi, ayniqsa, aholining ish bilan badligii oshirish hisobiga, xususan, ishchi kuchini keng suratda qayta tayyorlashni tashkil etish yo`li bilan davom ettirish;
-mehnatkashlarning barcha shakllardagi mehnat va fuqarolik huquqlarini himoya qilish.
Shuningdek, Xalqaro Mehnat Tashkiloti o`z ishida usullardan foydalanadi. Ulardan uchta asosiysini ajratib ko`rsatish mumkin:
1.Xalqaro Mehnat normalarini ishlab chiqish va qabul qilish, koventsiyalar va tavsiyalar, hamda ularning bajarishini nazorat qilish.
2.Ijtimoiy-mehnat muammolarini hal qilishda mamlakatlarga yordam ko`rsatish.
3.Ijtimoiy – mehnat muammolari sohasida tadqiqotlar o`tkazish va nashr ishlarini amalga oshirish. .
Ittifoq inqirozga uchragandan keyin, O`zbekiston Respublikasi ham mustaqil davlat sifatida 1992 yil 13 iyul’da BMTning maxsus muassasi-Xalqaro Mehnat Tashkilotiga a`zo bo`lib kirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |