«80-100 tonna oltin sotamiz» - Mamarizo Nurmurodov Markaziy bankning oltin sotish vakolati haqida gapirdi
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov oltin sotish bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda birinchi o‘rindaligi hamda oltin sotish to‘g‘risidagi qarorlar qanday qabul qilinishi haqida gapirdi.
«Jahon bozorida O‘zbekiston eng ko‘p oltin sotadi degan gapda jon bor. Dunyoda aksariyat markaziy banklar oltinning asosiy sotib oluvchisi hisoblanadi.
O‘zbekistonda ustuvor ravishda oltinni ishlab chiqaruvchilardan sotib olish vakolati Markaziy bankka berilgan. Biz o‘z-o‘zidan respublikada ishlab chiqarilgan oltinni to‘liq sotib olamiz. Biz muomalaga qo‘shimcha pul chiqaramiz, buning inflatsiyaga monetar ta’siri bo‘ladi. Shu sababli biz oltin sotib olishda qancha milliy valutada likvidlik taqdim etsak, unga mos ravishda valuta intervensiyalarini amalga oshirib boramiz.
Bu borada asosiy narsa shuki, oltinni jahon bozorida qachon sotish, qanday sotishda tahlillarimiz va prognozlarimizdan kelib chiqiladi va bunda oltinning narxi sotib olganimizdan yuqori bo‘lganda sotishga harakat qilamiz. Bu o‘z-o‘zidan ma’lum bir daromad manbayi hisoblanadi. 2020 yil hisobotlarimizni kuzatgan bo‘lsangiz, Markaziy bank tomonidan qariyb 3 trillion so‘mlik oltin bilan bog‘liq daromadlar davlat budjetiga o‘tkazib berildi.
Haqiqatan ham, siz aytgan axborotda jon bor, biz qariyb 80-100 tonna oltin sotamiz», deya MB raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
O‘zbekistonga bir yilda 8,1 milliard dollar xalqaro pul jo‘natmalari yuborildi
2021 yilda xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga 8,1 mlrd. AQSh dollari miqdorida valuta mablag‘lari kelib tushgan. Bu haqda Markaziy bank sharhida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkich 2019-2020 yillarga nisbatan (6 mlrd. dollar) 34 foizga oshgan.
Xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikadan 1,6 mlrd AQSh dollari miqdorida valuta mablag‘lari chetga jo‘natilgan.
2021 yil davomida tashqi savdo aylanmasining jadallashishi kuzatildi. Eksport tushumlari hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) o‘tgan yilga nisbatan 34 foizga o‘sib, 11,6 mlrd dollarga yetdi. Import to‘lovlari o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga oshib, 25,7 mlrd dollarni tashkil etdi.
Ichki valuta bozorida chet el valutasiga bo‘lgan talabning umumiy hajmi 2021 yilda 26,1 mlrd dollarni tashkil etib, 2019 va 2020 yillarning tegishli davrlariga nisbatan mos ravishda 1,7 va 1,3 barobarga oshdi.
Ichki valuta bozorida chet el valutasidagi umumiy taklif hajmi 2021 yilda 22,9 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga o‘sdi (2020 yilda – 14,3 mlrd dollar, 2019 yilda – 11,7 mlrd dollar).
Do'stlaringiz bilan baham: |