Noyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, Global ekologik jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining hamkorlikdagi “O‘zbekiston neft va gaz tarmog‘iga bioxilma-xillikni saqlash tamoyillarini integratsiyalash” loyihasi tomonidan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat ekologik ekspertiza boshqarmasi xodimlari, bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha inspeksiyasi nozirlari hamda neft va gaz sohasidagi kompaniyalar mutaxassislarining bilim salohiyatini oshirish maqsadida qator o‘quv seminar-treninglar tashkil etildi.
Neft va gaz sohasining jadal rivojlanishi oqibatida konlardagi barcha ishlarning biologik rang-baranglikka ta’siri tobora oshib bormoqda, va shu boisdan konlarni o‘zlashtirish joylarida sanoat faoliyati “bioxilma-xillikka zarar yetkazishni oldini olmoq – minimal darajaga keltirmoq – tiklamoq – qoplamoq” tamoyillariga asoslangan ravishda olib borilishi maqsadga muvofiqdir. Faqat shu yo‘l bioxilma-xillikni asrashni ta’minlashi mumkin.
Avtoyo‘l qurilish paytida ham, neft va gaz qazish rejalashtirilganda ham – atrof tabiiy muhitga har qanday ta’sir ko‘rsatilishi ko‘zda tutilganda u yerdagi mavjud o‘simlik va hayvonot dunyosini ular yashash muhitining ma’lum darajada o‘zgarishi oqibatlaridan asrash kabi murakkab masalalarga alohida ahamiyat berilishi kerak. Biologik xilma-xillikka yetkazilgan zararni qanday aniqlash hamda zararni qanday qilib minimal darajaga keltirish degan savolga ham javob berishga to‘g‘ri keladi.
Mazkur masalalarni nafaqat loyiha konsultantlari, balki seminar o‘quvchilari ham seminar-treninglar doirasida atroflicha muhokama qildilar. Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tizimi mutaxassislari, neft va gaz sohasidagi kompaniyalar ekologlari uchun Toshkent va Nukus shahrida tashkil etilgan 4 ta seminar-treninglar davomida O‘zbekiston neft va gaz tarmog‘iga bioxilma-xillikni saqlash tamoyillarini integratsiyalash, shuningdek bioxilma-xillikka ta’sirni kamaytirish mexanizmlari chuqur o‘rganildi.
Loyiha konsultantlari taqdim qilgan prezentatsiyalarda biologik rang-baranglikni saqlash tamoyillarining amalga oshirilishi, bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha harakat dasturlarini ishlab chiqish va monitoring olib borish, shuningdek zararni qoplash sxemalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga seminar ishtirokchilari dunyoning turli mamlakatlarida muvaffaqiyat bilan tadbiq etilayotgan qoplash sxemalari bilan tanishdilar.
Seminar tinglovchilari yangi bilim va ma’lumotlarni amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamlab, diqqatni aniq misollarga qaratdilar. Xususan ekolog-mutaxassislar va nozirlar bioxilma-xillikka yetkaziladigan zararni yumshatish sxemasini tuzishni, shuningdek, Ustyurt platosi va Sudoche ko‘li tabiiy zonalarida yumshatish choralari va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha harakat dasturlarini ishlab chiqishni mashq qildilar. Mutaxassislar muayyan usullar asosida turli hollarda yo‘qotilgan biologik xilma-xillikni hisoblab chiqib, uning o‘rnini qoplash choralarini aniqladilar.
Tadbirlar ishtirokchilari ta’kidlaganidek, neft va gaz sohasida bioxilma-xillikni saqlash uchun qo‘llanadigan zamonaviy yondashuvlarni interfaol usullar yordamida o‘qitish yaxshi natija beradi. Ekolog va nozirlar tomonidan malaka oshiruvchi o‘quv seminar-treninglar albatta davom qilishi to‘g‘risidagi takliflar kiritildi.
O‘quv seminar-treninglar dasturiga hamda mashg‘ulotlarning amaliy ahamiyatiga yuqori baho berildi.
“Neft va gaz qazish ob’yektlarida bir qator mutaxassislar hamda tashkilotlar kuchi bilan tiklash ishlari amalga oshiriladi. Seminar-trening jarayonida biz ko‘pgina aniq masalalarni batafsil tekshirdik va ko‘p tomonlama ravishda muhokama qildik. Shu kabi o‘qishlar muntazam ravishda o‘tkazilib, hamkorlikni mustahkamlashga, tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan harakatlarning yanada samaraliroq bo‘lishiga xizmat qilayotir.”
Rinat Musayev, tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat noziri:
«Seminar materiallarida biologik rang-baranglikni saqlashning barcha huquqiy hamda amaliy jihatlari qamrab olingan. Egallagan bilim va ko‘nikmalarning ish faoliyatimda foydali bo‘lishiga ishonchim komil».