2-bob. Urug’chilik sohasini davlat tomonidan tartibga solish. 9-modda. Urug’chilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari Urug’chilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari quyidagilardan iborat:
investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, infratuzilmani va servis xizmatlarini rivojlantirish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va faoliyatning zamonaviy shakllarini joriy etish;
urug’lik yetishtirishda genetik (nav) sifat ko’rsatkichlarini saqlab qolish;
urug’liklarni ko’paytirishning va urug’liklar iste’molchilarini (urug’liklardan foydalanuvchilarni) urug’liklar bilan ta’minlashning samarali tizimini yaratish;
urug’chilik sub’ektlari faoliyatini rag’batlantirish va urug’lik yetishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
urug’chilik sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
10-modda. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining urug’chilik sohasidagi vakolatlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
urug’chilik sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
urug’chilik sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
urug’chilik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining urug’chilik sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
11-modda. O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligining urug’chilik sohasidagi vakolatlari O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi:
qishloq xo’jaligi ekinlari urug’chiligi sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
qishloq xo’jaligi ekinlari urug’liklarini, shu jumladan paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urug’liklarini tayyorlash, ulardan foydalanish hamda ularni eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantiradi;
mahalliy va xorijiy selektsiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urug’chiligini tashkil etadi hamda rivojlantiradi;
qishloq xo’jaligi ekinlarining urug’liklarini yetishtirish, qayta ishlash hamda saqlash bo’yicha normativ talablarni xalqaro standartlarga va texnik reglamentga muvofiq ishlab chiqadi;
urug’chilik sohasida ilmiy va tajriba-eksperimental tadqiqotlarning ustuvor yo’nalishlarini belgilaydi;
urug’chilik bo’yicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi, urug’liklarga ekishdan oldin ishlov berishga hamda ularni qayta ishlashga oid innovatsion texnologiyalarni, ushbu sohadagi nou-xaularni joriy etadi;
qishloq xo’jaligi ekinlari urug’liklarining navlarini sinashga doir ishlarni tashkil etadi;
O’zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo’jaligi ekinlarining davlat reestrini yuritadi;
urug’chilik to’g’risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
qishloq xo’jaligi ekinlari urug’liklari navlarining sinoviga doir ishlarni tashkil etadi;
paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urug’liklarini olib chiqish uchun ruxsat beradi;
qishloq xo’jaligi ekinlari urug’liklarini yetishtirish hajmlariga doir maqsadli prognoz ko’rsatkichlarni belgilaydi;
urug’lik ekinlarni joylashtirish uchun urug’chilik xo’jaliklarini aniqlaydi;
urug’lik ekinlarni aprobatsiyadan o’tkazishda ishtirok etadi.
(11-moddaning matni O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 12 noyabrdagi O’RQ-583-sonli Qonuni tahririda - Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.11.2019 y., 03/19/583/4016-son)