Bog'liq Доривор усимликлар Уруғчилик ва кучатчилик УМК 24 11 2021 й охири
Ko’chatzor hududini tashkil qilish. Ko’chatzor xo’jaligini ko’chatzorning 15-20 gektardan iborat navbatdagi dalasini barpo etish bilan boshlash maqsadga muvofiqdir. Ko’chatzorning katta-kichikligi uning navbatdagi dalasini barpo etish kattaligi bilan belgilanadi. Odatda 1 gektardagi ko’chatlar bilan ko’chatzorning 5-7 gektar birinchi dalasi ta’minlanadi. Ko’chatzorning 1 gektar navbatdagi dalasi uchun urug’ meva daraxtlar payvandtag urug’lik bog’i, danak mevalilar payvandtag urug’lik bog’i talab qilinadi. Payvandtaglarning navdor ona bog’i ko’chatzorning qalamchalarga bo’lgan talabiga muvofiq tarzda barpo etiladi. Odatda 1-1,5 gektar bog’dagi meva daraxtlari ko’chatzorning birinchi dalasiga kurtak payvand qilish uchun yetadi. Rezavor-meva va subtropik o’simliklar maydoni bu o’simliklarning ko’chatlariga bo’lgan talabga qarab belgilanadi. Odatda xo’jalik uchun bu maydonlar 3-5 gektardan oshmaydi.
Ko’chatzor o’simlikshunoslik va chorvachilik tarmoqlariga ham ega bo’lishi lozim, chunki bu yerda go’ngning mumkin qadar ko’p bo’lishi juda muhimdir. Dala ekinlari maydoni jihatdan ko’chatzorning almashlab ekiladigan barcha maydonidan bir yarim-ikki baravar va undan ham katta bo’lishi kerak.
Ko’chatzor bo’limlarining maydoni kvartallarga bo’linadi: bu kvartallar payvandtag yetishtirish uchun 5-8 gektardan 10 gektargacha, ko’chatlarga shakl beriladigan dalalar uchun 8-10 gektar, ba’zan 15-20 gektarga qadar bo’ladi. Meva ko’chatzori va shakl beriladigan dalalarda almashlab ekish dalasi ajratiladi. Odatda bir kvartalda bir necha kichik almashlab ekish dalasi bo’ladi yoki aksincha bir almashlab ekish dalasi bir yoxud bir necha kvartalni o’z ichiga oladi. Kvartallar va almashlab ekish dalalarining chegarasi tegishli yozuvlar osib qo’yilgan va yerga ko’milgan qoziqlar bilan belgilab qo’yiladi.
Yaxshiroq mo’ljal olish va ishlarni tashkil etish uchun kvartallar odatda 0,5-1 gektar kattalikdagi kataklarga bo’linadi.
Ko’chatzorda uning xududini uzunasiga va ko’ndalangiga kesib o’tadigan eni 8-10 m keladigan magistral yo’llar quriladi. So’ngra yirik almashlab ekish dalalari va kvartallarning o’rtasidan, katta ariqlarning ikki tomonidan, bog’ni shamollardan himoya qiluvchi daraxtzorlarning ichki tomonidan uzunasiga va ko’ndalangiga ketgan eni 4-5 m li, kataklar orasida esa tor (2-3 m) yo’llar qilinadi.
Ko’chatzor hududini tashkil etishda karantin bo’yicha davlat inspektsiyasining yo’riqnomasiga muvofiq ko’chatlar karantin manbalardan zararlanishdan saqlanishi uchun bo’sh joy qoldirib izolyatsiya qilish ko’zda tutiladi. Doimo shamol esib turadigan mintaqalarda ihota daraxtzorlar barpo etish zarur.