Masalan, Kultegin bitigida uning ta'rifi berilgan. Kultegin xalqparvar, tadbirkor, xalqning kelgusi taqdirini ham o’ylaydigan jonkuyar sarkarda sifatida ta'riflanadi. U o’z jonidan vatan taqdiri, xalq manfaatini yuqori qo’ygan shaxs. Kultegin Eltarish hoqonining kichik o’g’li. U 713 yil 27 fevralda qirq yetti yoshida vafot etadi. Bitiktosh 732 yilda o’rnatilgan. Ushbu bitiktoshda barcha voqyealar Kulteginning akasi Bilga hoqon tilidan hikoya qilinadi. Uning asli ismi Mug’iliyon bo’lgan. Bitigni Kulteginning jiyani Yo’llug’ tegin yozgan. Demak, bitigning muallifi ham ma'lum. Kultegin bitigida Bilga hoqonning og’a-inilari va qarindosh-urug’lariga murojaat qilib, ularning xatolari tufayli turk elida ko’p falokatlar yuz berganini bayon etganligi ifodalanadi. Turkiylarning harbiy yurishlari, ularga qo’shni bo’lgan tabg’achlarning bosqinchiligi tufayli xalq boshiga tushgan kulfatlar haqida so’z yuritiladi, shuningdek, xalqning yolg’onchilik, firibgarlik qurboni bo’lganligi ta'kidlanadi: Oltin, kumush, ichkilik, ipakni shuncha hisobsiz berayotgan Tabg’ach xalqi so’zi shirin, ipak kiyimi nafis ekan. Shirin so’zi, ipak kiyimi bilan aldab, yiroq xalqni shu xilda yaqinlashtirar ekan. Yaxshi qo’shni bo’lgandan keyin yovuz ilmni u yerda o’rganar ekan. Yaxshi, dono kishini, yaxshi alp kishini yo’latmas ekan. Biror kishi aldasa, urug’i, xalqi, uyi, yopinchig’igacha qo’ymas ekan. Shirin so’ziga, nafis ipagiga aldanib, ko’p turk xalqi o’lding... Turk xalqining ayrimini u yerda yovuz kishi shunday pishiqlar ekan: yiroq bo’lsa yomon ipak beradi, yaqin bo’lsa yaxshi debo beradi. Ilmsiz kishilar bu so’zga ishonib, unga yaqinlashdilar va ko’plari o’ldilar. Hoqon tomonidan xalqqa qilingan murojaatda turkiy xalqlarni hokimiyatni mustahkamlash, o’zaro urushlarga chek qo’yish, tinch-totuv bo’lib yashashga undashdek ezgu maqsad ham yotadi. Kultegin esa, dono, bahodir, jasur inson sifatida tasvirlanadi. Kultegin bitigida Bilga hoqon eng muhim insoniy xislatlar, hayotiy zaruriyatlar borasidagi fikrlarni nasihat, o’git tarzida bayon etadi. 166 Turk xalqi o’zaro birlashmagani, bir-birlariga ishonmaganliklari uchun hiyla va firib qurboni bo’lib, tabg’achlar ularni qul va cho’ri etgani, oqibatda ular qashshoq, erksiz va mute bo’lib qolganliklarini kuyunib so’zlaydi. Beklari, xalqi insofsiz bo’lgani uchun, tabg’ach xalqi hiylakor bo’lgani uchun, toymas bo’lgani uchun, firibgar bo’lganligi uchun, og’a va ini bir-biriga qarshi bo’lishini hohlaganlari uchun, begi va xalqini bir-biriga chaqqani uchun turk xalqi ellashgan davlatini qo’ldan chiqarib yuborgan. So’ng turk xalqini qanday qilib birlashtirgani, ukasi Kulteginning jasorati tufayli el bosqinchilar hujumidan omon qolgani, to’q va farovon hayot kechirgani, u jasur va yengilmas alp yigitlardan ekani bayon etiladi. Tangri yarlaqasin, baxtim bor uchun, nasibam bor uchun o’layotgan xalqni tiriltirib tarbiyat qildim, yalang’och xalqni kiyimlik qildim, yalang’och xalqni ko’p qildim. To’rt jihatdan xalqni butunlay el qildim, bir-biriga do’st qildim, butunlay menga qaradi. Mehnatni, kuchni beruvchi shunday hokimiyatni qozonib inim Kul tegin vafot etdi, - deydi. Bu yodnoma yoshlarni o’z elini sevish, do’st va ittifoq bo’lib yashash, vatan va xalq manfaati uchun kurashga tayyor turish ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |