Respublikamizning o`z mustaqilligini qo’lga kiritib, bozor iqtisodiyoti tomon yuz tutishi, buyuk kelajakni yaratuvchi barkamol avlodni, yangi zamon va yangi jamiyat kishisini tarbiyalashdek o’ta mas’uliyatli, mashaqqatli va ayni zamonda o’ta dolzarb bo’lgan vazifani ko’ndalang qilib qo’ydi. Hozirda, vujudga kelgan iqtisodiy sharoit yangicha ma’naviy tafakkurga ega bo’lgan, dunyoga yangicha ko’z bilan qaraydigan, yangicha fikrlaydigan, avlodning ishtirokini taqozo etmoqda.
O`zbekiston agrar-industrial respublika. Mamlakat iqtisodiyotida qishloq xo`jaligining ahamiyati katta. Chunki unda respublika yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismiga, oziq-ovqat mahsulotining 95-97 foizga yaqini yaratilmoqda. Davlat miqyosida jami valyuta tushumining yarimidan ortig`i qishloq xo`jalik mahsulotlarini eksport qilish hisobiga olinmoqda.
Qishloq xo`jaligida sifatli mahsulot ishlab chiqarishga hech qachon osonlikcha erishib bo`lmaydi. Chunki yilning – yilga o`xshamasligi dehqonlar oldiga qator muammolarni qo`yib keladi. Shu sababdan moddiy ne’mat yaratuvchilari bobodehqon, sohibkorlar har qanday sharoitda mo`l hosil yetishtirish uchun ilm-fan yutuqlari hamda ilg`or sohibkor dehqonlarning tajribalaridan foydalangan holda yuqori natijalarni qo`lga kiritib keladilar.
Mavzuning dolzarbligi. Mamlakatimizda uzum qadim qadimdan yetishtirib kelingan. O`zbekiston Respublikasining iqtisodiy rivojlanishida uzumchilik muhim o`rin tutadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 13 martidagi “2013 – 2015 yillar davrida Respublikada uzumchilikni yanada rivojlantirish to`g`risida” gi PQ-1937 sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Navoiy viloyatida uzumchilikni yanada rivojlantirish bo`yicha chora – tadbirlar dasturi ishlab chiqilib shu asnoda keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda.
Viloyatda istiqbolli tok navlarini mintaqalashtirish va oqilona joylashtirish, tokzorlar maydonlarini kengaytirish, ilmiy ba’zani mustahkamlash, seleksiya ishlarini kuchaytirish, moddiy texnika ta’minotini rivojlantirish, sohaning ishlab chiqarish infratuzilmasini kengaytirish, uzum yetishtirish hajmlarini oshirish, uzum yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar o`rtasida shartnomaviy munosabatlarni mustahkamlash, eksport salohiyatini oshirish orqali kelgusida uzumchilikdan yuqori va sifatli mahsulot olishga qaratilmoqda.
Navoiy viloyatida uzumchilikni tashkil etish va yanada rivojlantirish bo`yicha 2013 – 2015 yillarga mo`ljallab ishlab chiqilgan chora – tadbirlar Dasturiga asosan 2013 yilda 37 gektar yangi tokzorlar barpo etish, 27 gektar mavjud eski yaroqsiz tokzorlarni rekonstruksiya qilish, 2014 -2015 yillarda 251,7 gektar (2014 yilda – 119 gektar, 2015 yilda – 132,7 gektar) yangi tokzorlar barpo etish va 199 gektar eski tokzorlarni rekonstruksiya qilish ishlari belgilanib amalga oshirilmoqda.
Uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo`jaliklari zimmasiga uzum yetishtirishda uzum hosildorligini keskin ko`tarish, mahsulot sifatini yaxshilash, kishmish va mayiz tayyorlash hajmlarini oshirish, aholini hamda qayta ishlash sanoatini xom – ashyo bilan to`liq ta’minlab, yuqori sifatli importbop mahsulot ishlab chiqarish yuklatiladi.
Uzum va mayiz yetishtirish ilmiy nuqtai nazardan o`ziga xos xususiyatlarga ega mehnattalab jarayondir.
Uzumchilikda olib borilgan ko`p yillik tajribalarning ko`rsatishicha tokzorlardan yuqori va sifatli hosil olish uchun tuproqning meliorativ holatini yaxshilash, yerlarga to`g`ri ishlov berish, uzum navlarini to`g`ri joylashtirish, qator oralariga sifatli ishlov berish, oziqlantirish, sug`orish texnologiyalari, zararkunanda va kasalliklariga qarshi kurashish choralari, shuningdek boshqa resurs tejamkor agrotexnologik kompleks tadbirlarni o`z vaqtida amalga oshirish orqaligina erishiladi. Ushbu jihatlarni o`rganish va uni ta’lim jarayoniga tadbiq etish bo’yicha tajriba oshirish bu mavzuning dolzarbligini belgilaydi.
Mavzuning maqsad va vazifasi: Respublikamizda uzumchilik qishloq xo`jaligini asosiy tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Tok o`simligi va uning mahsulotlari boshqa ko`p yillik o`simliklar ichida alohida o`rin tutadi. Respublikamizni tabiiy iqlim sharoitlari uzumni har xil muddatlarda pishishiga imkoniyat yaratadi.
Yuqoridagi maqsaddan kelib chiqib, tadqiqot oldiga quyidagi vazifalar qo`yilgan:
- Tokdoshlar oilasiga umumiy tavsif berish .
- Madaniy tokning biologik xususiyatlarini, ekologiyasi o`rganish
- Navoiy viloyatining tabiiy sharoiti: iqlimi, tuproqlarini o`rganish
- Navoiy viloyati sharoitida ekishga tavsiya qilingan uzum navlari va ularning o`ziga xos xususiyatlarini o`rganish
- Uzum mevasi va quritilgan mahsulotini xalq xo`jaligidagi ahamiyatini ilmiy adabiyotlar orqali o`rganish
- “Tokdoshlar oilasi” mavzusining xalq xo`jaligidagi ahamiyati ,kelib chiqishi va tarqalishi navlari , hosili , o`simliklarni tuzilishi , biologiyasi, yetishtirish texnologiyasi, hosilni yig’ib olish va qayta ishlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |