4.Banklar tizimida yangi ”Komplaens nazorat” korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi joriy etilishi
Mikrokreditbank” ATB tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati tubdan qayta koʼrib chiqiladi, xalqaro standartlar asosida ishlaydigan anti-korrupsion tizim joriy qilinib, faqatgina Bank kengashiga boʼysunadigan mustaqil tuzilma faoliyati yoʼlga qoʼyiladi. Tuzilma Mikrokreditbank tizimida halollik standartlarini joriy etish, yaʼni korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning taʼsirchan tizimini yaratishga alohida eʼtibor qaratadi. Bunda hodimlar zimmasidagi vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-hatarlarni baholash tizimini takomillashtirish ustuvor vazifa qilib olingan. Shuningdek, bank tizimida korporativ madaniyatga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Chunki korporativ madaniyat korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim jihati hisoblanib, u xodimda odob-axloq, masʼuliyat va halollikni tarbiyalashi kerak. Darhaqiqat, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil yanvar oyida Oliy Majlisga yoʼllagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi jamiyatning barcha aʼzolari tomonidan “halollik vaksinasi” bilan emlanmas va korrupsiyaning barvaqt oldini olishga oʼtilmas ekan, oʼz oldimizga qoʼygan yuksak marralarga erisha olmasligimizni taʼkidlagan edi. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz iqtisodiyoti va kredit-moliya tizimida noqulay ichki va tashqi omillar sabab boʼlgan inqiroz tendensiyalari saqlab qolinmoqda.
Аfsuski, korrupsiya iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʼrsatadigan kuchli omillardan biridir. Bu yerda bank tizimi ham istisno emas. Bank va moliya-kredit sohalaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish vositalari turlicha boʼlishi mumkin. Ushbu mexanizmda kredit tashkilotlarining ichki xavfsizlik xizmatlari va xatarlarini boshqarish, ularning vijdonsiz xodimlar tomonidan korrupsiya holatlarini zudlik bilan ochib berish qobiliyatlari, shu jumladan, eng yuqori darajadagi bank boshqaruvi muhim rol oʼynaydi. Аfsuski, bank tizimida korrupsiyaga qarshi huquqiy tartibga solish yetarli darajada rivojlangan emas. Bundan tashqari, ushbu sohadagi korrupsiyaga qarshi vositalar asosan korrupsiya holatlarini yoʼq qilishga emas, balki ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Bunday holatlar barqarorlik va samaradorlikni oshirish maqsadida bank tizimidagi korrupsiyani yengishning taʼsirchan va samarali mexanizmlarini izlash, tatbiq etish va sinovdan oʼtkazish dolzarbligini tasdiqlamoqda. Shu sababdan ham Mikrokreditbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʼyicha yangi tizimning joriy qilinishi, yuqoridagi kabi muammolarni yuzaga kelishini oldini oladi. Bu boʼyicha bank tizimida yuridik audit - due diligence tizimini joriy etish va huquqiy ekspertiza ishlarini yanada takomillashtirish hamda yuridik xizmat xodimlarini malakasini oshirish, xususan komplaens nazorat va yuridik audit – due diligence tizimi sohasida maxsus bilim va koʼnikmalarni shakllantirish yuzasidan oʼquv kurslarini tashkillashtirish yoʼlga qoʼyilmoqda. Qayd etish kerakki, korrupsion xavf-xatarlarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kompleans funksiyalarni amalga oshiruvchi xodimlardan soha boʼyicha nazariy bilim va amaliy koʼnikmalarga ega boʼlishlikni taqozo etadi. Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz!
Do'stlaringiz bilan baham: |