6. Xorijiy davlatlarda yuridik shaxslardan undiriladigan yer solig’ini budjetga undirish tartibi.
Ko’pgina rivojlangan mamlakatlarda fuqarolar egaligida, tasarrufida va foydalanishidagi yer uchastkalari bizning mamlakatimizdagidek yer solig’iga emas, balki, mulk ob’ektlari tarkibiga kirgan holda mol-mulk solig’iga tortiladi. Mol-mulkdan olinadigan soliqlar davlat soliqlari umumiy hajmida kam o’rin tutadi va ko’pchilik mamlakatlarda mahalliy soliqlar toifasiga kiritiladi. Mamlakatimizda ham yer solig’i mahalliy soliqlar guruhiga kiritilgan.
Rivojlangan mamlakatlarda mulkni soliqqa tortish ikki soliq guruhi: mulkning umumiy summasiga soliq va mulkning alohida turlariga soliqlari asosida amalga oshiriladi. Mulkning umumiy summasiga soliq o’z navbatida jismoniy shaxslarning shaxsiy mulkiga soliq va yuridik shaxslar mol-mulk soliqlariga bo’linadi.
Shaxsiy mulk solig’iga jismoniy shaxslar mulkining qiymati tortiladi. Mulk qiymati amaldagi qonunlarga ko’ra ishlab chiqilgan usullar orqali aniqlanadigan bozor yoki kadastr qiymati asosida baholanadi.
Shaxsiy mulk solig’i yagona stavkada yoki soliqqa tortishning tabaqalashtirilgan progressiv stavkasi asosida undirilishi mumkin. Soliqqa tortishning yagona stavkasi Germaniya, Belgiya, Islandiya va Lyuksemburgda qo’llaniladi. Soliqqa tortishning progressiv tizimi Shvetsiya, Finlyandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shveytsariya va boshqa davlatlarda amal qiladi.
Yer uchastkalariga solinadigan barcha soliqlar hududiy yoki mahalliy soliqlarga taalluqli ammo, undirish chegarasi ko’p hollarda markaziy darajada belgilanadi. Maxsus yer soliqlari tarixan saqlanib qolingan soliqlar hisoblanadi. Bu soliqlarning jami soliq tushumlaridagi ulushi rivojlangan mamlakatlarda qattiq farq qiladi. Agar Buyuk Britaniyada ushbu ulush 10%dan oshig’ini tashkil etgan bo’lsa, Belgiya, Gretsiya, Avstriya, Italiya, Lyuksemburg, Turkiya, Finlyandiya, Shveytsariya, Shvetsiya, Ispaniyalarda ular 1%dan oshadi. Mulkning alohida turlariga soliqlari bo’yicha yuqori tushumli davlatlarga AQSh (9%dan yuqori), Kanada (8%dan yuqori), Yangi Zelandiya (6% atrofida), Avstraliya (deyarli 5%), Irlandiya (2,5%), Frantsiya (2% atrofida) kiradi.1
Yer uchastkalariga solinadigan soliqlar bo’yicha yuqori ulushli tushumlar asosan aholi yashasha joylaridan undiriladi. Inshaot va imoratlarni soliqqa tortishda ularning qurilish materiallari, yerga biriktirish usullari, xajmi va foydalanish maqsadlaridan kelib chiqqan holda soliqqa tortish shartlari differentsiyalanadi. Albatta, turar joylarni va sanoatga tegishli binolarni soliqqa tortish shartlari sezilarli farq qiladi.
Yer uchastkalarini soliqqa tortishda qaysi xo’jalik maqsadlarida foydalanishidan kelib chiqqan holda farqlanadi. Imorat qurilgan va qurilmagan yer uchastkalari, qishloq xo’jaligi maqsadlarida ishlatiladigan va ishlatilmaydigan yer uchastkalarini soliqqa tortish tizimi farq qiladi. Odatda ushbu soliq stavkalari yer uchastkasining kadastr qiymatidan foizlarda belgilanadi. Bu soliqlardan davlat mulkida, mahalliy hokimiyat organlari mulkida, shuningdek, qonun-hujjatlarda ko’rsatilgan tashkilotlar mulkida bo’lgan ob’ektlar ozod etilishi mumkin.
Ushbu soliqlar orasida ko’chmas mulk solig’i asosiy soliq hisoblanadi, bu soliqqa yer uchastkalari va imoratlar tortiladi. Bu soliq stavkalari yuqori bo’lmaydi va odatda shunday mulk qiymatining 1,0–3,0%ini tashkil etadi. Ba’zi mamlakatlarda shuningdek, mulkning umumiy summasiga solinadigan soliq ham bo’ladi, unga faqat yirik mulk tortiladi, chunki ushbu soliq borasida soliq solinmaydigan yuqori darajali minimum ko’zda tutilgan. Soliq solinadigan mulk tarkibiga yer uchastkalari va imoratlardan tashqari, kompaniyalarning aktsiyalari paketlari, individual (yakka) tadbirkorlarning aktivlari va tovar zaxiralari, uchinchi shaxslar qarzdorligi va shu kabilar ham kiritiladi. Soliq stavkalari 1,0–2,0%ni tashkil etadi.
Ayrim mamlakatlarda hamon saqlanib qolayotgan hunarmandchilik va uy egaligi soliqlari ham mol-mulk soliqlari jumlasiga kiradi. Bunday soliqlarni hisoblab chiqishda ishchilar, dastgohlar, deraza, eshiklar soni va shu kabilar negiz qilib olinadi.
Jahon bozorida etakchilik qiluvchi mamlakatlar yutuqlarining tahlili shuni ko’rsatmoqdaki, ularning ko’pchiligi soliqlar borasida raqobatbardoshlik yo’li bilan muvaffaqiyatli ravishda quyidagi asosiy vazifalarni hal qiladi:
– soliq stavkalarini dunyodagi o’rta darajadan pastroq darajada belgilash;
– daromad oluvchilar asosiy ommasi bo’yicha soliqqa tortishning progressiv tizimlaridan voz kechish;
– soliqqa torish bazasini hisoblab chiqarishda investitsiyalarni soliqqa tortishdan butunlay ozod qiladigan muayyan qoidalarni belgilash.
Rivojlangan xorijiy mamlakatlardagi soliq tizimlarining hammasini ham takomillashgan va hozirgi kunning talablariga to’liq javob beradi deb bo’lmaydi. Shuning uchun ham bu mamlakatlar soliq tizimlarini sistematik ravishda isloh qilib turilishi bejiz emas. Albatta, o’tish iqtisodiyotiga ega bo’lgan mamlakatlar rivojlangan xorijiy mamlakatlar soliq tizimlaridan avtomatik ravishda nusxa olmasdan, ularning xatolaridan tegishli saboq olishlari kerak. Zero, soliq siyosatida mamlakatning o’z tajribasiga tayanibgina qolmay, soliq tizimida yaratilayotgan va rivojlanayotgan mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda boshqa mamlakatlardagi barcha qimmatli va foydali tajribalardan foydalanish ham muhim.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda o’tkazilayotgan islohotlar tajribasini tahlil qilish ham bu mamlakatlar bilan O’zbekiston o’rtasida bir necha o’xshash sharoitlar mavjud bo’lganligi uchun mamlakatimizda soliq sohasida o’zgarishlarni amalga oshirishda bir necha foydali saboqlarni berishi mumkin.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, davlatimiz soliq tizimidagi mol-mulk va yer solig’ining o’rni va ahamiyati rivojlangin mamlakatlardagi mol-mulk va yer solig’ining ahamiyati bilan bir qator o’xshashliklarga ega. Yuqorida ko’rib o’tganimizdek, mol-mulk solig’i barcha davlatlarda undiriladi. Yer solig’i esa Avstriya, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va boshqa xorijiy davlatlarda undirilar ekan. Boshqa davlatlarda esa yer uchastkalari ko’chmas mulk solig’i ob’ektiga qo’shilgan holda soliqqa tortiladi. Yuqorida ko’rib o’tganimizdek, mamlakatimiz mol-mulk va yer solig’i Rossiya Federatsiyasi mol-mulk va yer solig’i bilan umumiy o’xshashliklarga ega.
Albatta, rivojlanish yo’lida borayotgan yosh davlatimizning soliq siyosati ham mukamallashish yo’lidadir. Jumladan, jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig’i ham. Ushbu soliq turini takomillashtirish maqsadida Kanada misolidagi kabi maxsus bo’linmalarni tashkil qilish, Yaponiya misolida yer solig’ini faqatgina oldi-sotdi paytida to’lash kabi vazifalarni amalga oshirilganda, nazarimda foydadan holi bo’lmas edi.
Maxsus bo’linma yer solig’iga tortiladigan yer maydoni hajmini aniqlashda ob’ektivlikni ta’minlaydi va turli ko’rinishdagi soliqdan qochish hollarining oldini oladi.
Yer uchastkalari bo’yicha soliqni oldi-sotdi paytida undirishning afzaliklarini katta miqdordagi pul tushumi (undirish xarajatlari kamayadi va soliq to’lash manbasi naqd bo’ladi) hamda ijtimoiy himoyada (harakatda bo’lmagan mulkdan undirishmaydi) ko’rishimiz mumkin.
Ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirishimiz maqsadida Germaniya, Frantsiya, Ispaniya, Shvetsiya kabi davlatlar amaliyotida qo’llanilayotgan yer solig’idagi soliqqa tortilmaydigan yer uchastkalarini hamda yuqorida sanab o’tilgan davlatlarda mavjud bo’lgan soliq stavkalarini taklif qilish mumkin.
Bundan tashqari, yuqoridagi deyarli barcha davlatlardagi kabi yer solig’i ob’ektlarini mol-mulk solig’igi qo’shgan holda soliqqa tortish tartibini ishlab chiqish va uni mamlakatimiz amaliyotiga joriy etish mumkin. Bunda mamlakatimizdagi mol-mulk va yer soliqlari birlashtirilib, jismoniy shaxslar egaligidagi barcha mulkka, jumladan, yer uchastkalari ham shu mulk ob’ektiga kiritilgan holda soliqqa tortiladi. Buning uchun mamlakatimizda yerning bozor bahosi shakllangan bo’lishi kerak.
Bundan tashqari, tajribasi o’rganilgan AQSh, Germaniya, Shvetsiya va Evropa ittifoqi boshqa davlatlarida ko’chmas mulk solig’i ob’ekti sifatida yer uchastkasi, unda joylashgan imorat va inshootlar belgilangan.
Soliq solinadigan baza Shvetsiyada baholash narxi (otsenochnaya stoimost) oxirgi ikki yil statistika ma’lumotlari tahlili asosida aniqlanadigan bozor narxining 75 foizi olinadigan bo’lsa, Germaniyada baholash narxidan soliq solinmaydigan minimum olib tashlangan holda va AQShda ko’chmas mulkning sotib olingan bahosi har yili 2 foizga indeksatsiya qilingan holda aniqlanadi.
Rossiya Federatsiyasida 1997 yil 20 iyulda qabul qilingan «Velikiy Novgorod va Tver shaharlarida ko’chmas mulkka soliq solish bo’yicha tajriba o’tkazish haqida»gi 110-FZ-sonli Qonun asosida 2000 yildan boshlab Velikiy Novgorod shahrida jismoniy shaxslar ko’chmas mulk solig’i joriy etilgan bo’lsa, Tver shahrida xatlov natijasi oxiriga etkazilmaganligi sababli ushbu soliq turi joriy etilmay qolgan.
Bugungi kunda, Rossiya Federatsiyasida jismoniy shaxslar ko’chmas mulk solig’iga 2014-2018 yillar davomida bosqichma-bosqich o’tish rejalashtirilayotgan bo’lib, ushbu joriy etilayotgan soliq turidan byudjetga har yili 137 mlrd.rubl, yoki 5,6 barobar ko’p tushum tushishi taxmin qilinmoqda. Iqtisodiy rivojlangan Avstraliya, Yangi Zelandiya, Malayziya, Tayland, Singapur kabi davlatlarda faqatgina yer solig’i joriy etilgan bo’lib, unda yer uchastkasining joylashgan joyi, ushbu hududda elektr energiya, suv va boshqa infratuzilmaning mavjudligiga qarab baholangan yer qiymatiga soliq solinadi.
Ekstropolyatsiya uchun yer solig’iga oid oldingi olti yilning haqiqatdagi ma’lumotlari olindi. Undiriladigan yer solig’ining soliq bazasi va soliq summalarining tadqiqot uchun tanlangan davrda o’sish sur’atlari(zanjir usulida) quyidagi formuladan foydalangan holda aniqlanadi:
Bu yerda, Un – o’sish sur’ati aniqlanuvchi yilda kuzatuv natijasida aniqlangan haqiqatdagi miqdor;
Un-1 - o’sish sur’ati aniqlanuvchi davrdan oldingi yilda kuzatuv natijasida aniqlangan haqiqatdagi miqdor;
Tn – zanjir usulidagi o’sish sur’ati.
Mazkur formula asosida aniqlangan, yer solig’ining soliq solish bazasini va soliq summalarini o’sish sur’atlari aniklandi.
Prognoz yili uchun yer solig’i summasining kutilayotgan o’rtacha o’sish su’ati o’rtacha geometrik usuldan foydalangan holda aniqlanadi:
Zanjir usulida aniqlangan o’sish sur’atlari ko’paytmasining 5 darajali ildizi – prognoz yili uchun yer solig’i summasining kutilayotgan o’sish sur’ati hisoblanadi. Yer solig’i summasining kutilayotgan o’sish sur’ati oldingi yildagi jami yig’ilgan yer solig’i summasiga ko’paytirib, prognoz yili uchun belgilanuvchi yer solig’i tushumi aniqlanadi.
Yerning normativ qiymati Davlat yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastr qo’mitalar tomonidan aniqlanib, har bir soliq to’lovchiga moliya yilining 1 apreliga qadar etkaziladi. Fikrimizcha, yer solig’ini normativ va haqiqiy qiymat asosida soliqqa tortilishi adolatli hisoblanadi. Bunda esa, yerning normativ qiymatini vakolatli organ tomonidan hududlar bo’yicha belgilab berilishi lozim. Yerning haqiqiy qiymati sifatida esa, ko’chmas mulk birjalari orqali yerni sotib olingan qiymati olinib, bu qiymatlar yuridik shaxslar uchun yer solig’i ob’ekti hisoblanishi hamda qonunchilik bilan belgilangan stavkalar bo’yicha undirilishi maqsadga muvofiqdir. Bu esa, bizning nazarimizda, yerdan soliq undirishning dunyo amaliyotiga o’tishini ta’minlab, soliq bo’yicha hisob kitoblarni ancha soddalashtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |