7. Transport vositasi tuzilishining boshqa qismlarida
7.1. Transport vositasining tuzilishida ko’zda tutilgan orqa tomonni ko’rsatuvchi ko’zgu bo’lmasa.
7.2. Tovush moslamasi, ya’ni signal ishlamasa.
7.3. Transport vositasiga tevarak – atrof ko’rinishini cheklaydigan qo’shimcha narsalar, ko’zgusimon, shuningdek, tegishli davlat standartlarida belgilangan me’yorlarni buzgan holda tayyorlangan, rangi o’zgartirilgan, ya’ni qoraytirilgan oynalar o’rnatilgan bo’lsa.
Izoh:
1. Yengil avtomobillarning oldingi ikki yoniga orqa tomon ko’rinishini ta’minlaydigan tashqi ko’zgu o’rnatilgandagina, orqa oynasiga parda o’rnatishga ruxsat etiladi.
2. Transport vositalarining faqat orqa va yon oynalari yorug’lik o’tkazuvchanligini 70 foizdan kam bo’lmaydigan qilib, davlat standarti talablarini buzmagan holda tusini o’zgartirishga, ya’ni qoraytirishga ruxsat etiladi. Avtomobillarning tom qismidagi lyuk oynasi bundan mustasno.
7.4. Tarkibida ko’zda tutilgan yukxona, kabina eshiklari, qulflari, yuk platformasi bortlarining temir yopqichlari, yonilg’i idishi va tsisternalar og’zining qulflari, haydovchi o’rindig’i holatini sozlovchi moslama, falokat yuz bergan vaqtida chiqish joylari, eshiklarni ochish va yopish moslamasi, spidometrlar, haydab olib qochishga qarshi, oynani isituvchi va havo almashtirish moslamalari nosoz bo’lsa yoki umuman bo’lmasa.
7.5. Spidometr qurilmasi nosoz yoki tamg’alanmagan bo’lsa (shaxsiy transport vositalari, mototsikl va mopedlar bundan mustasno).
7.6. Tarkibida ko’zda tutilgan, o’zi yurib ketganda xavfsizlikni ta’minlovchi orqa bufer, loyto’sgich, sachratmagich, ya’ni brizgovik bo’lmasa.
7.7. Ressorlarning asosiy qatlami, yoki markaziy bolti shikastlangan bo’lsa.
7.8. SHatak tirkama bo’g’imining tortish – tirkash yoki tayanch – tirkash moslamasi hamda ko’zda tutilgan ehtiyot po’lat arqon zanjirlari nosoz bo’lsa, mototsikl bilan kajava ramasi mahkamlangan joyda lyuft (ramalar o’rtasida oraliq, yoyilish) bo’lsa.
7.9. Transport vositalari quyidagilar bilan jihozlanmagan bo’lsa:
avtobus, mikroavtobus, yuk va yengil avtomobillar tibbiyot qutichasi, o’t o’chirgich, majburiy to’xtaganini bildiruvchi belgi, ya’ni miltillovchi qizil chiroq, shuningdek, avtobuslar favqulodda holatlarda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolg’acha vositalari bilan jihozlanmagan bo’lsa;
agar transport vositalariga ishlab chiqargan korxona tomonidan nazarda tutilmagan va belgilanmagan joyda antenna, sirena, ratsiya, tovush chiqarish moslamalari, yoritgichlar va har xil bezaklar tegishli ruxsatsiz o’rnatilgan bo’lsa;
to’la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo’lgan yuk avtomobillari va to’la vazni 5 tonnadan ortiq bo’lgan avtobuslarda orqaga tisarilishga qarshi tirgak, ya’ni boshmoq bo’lmasa; avtopoezdlar, tirkamalar, traktorlar, aravalar va boshqa o’ziyurar mashinalarda tashqi yorug’likni qaytaruvchi qizil – oq rangli xavfsizlik moslamalari o’natilmagan bo’lsa; kajavali mototsikllar esa tibbiyot qutichasi, falokat sababli to’xtashga majbur bo’lganini bildiruvchi belgi bilan jihozlanmagan bo’lsa.
Izoh: Tibbiyot qutichasi va o’t o’chirgich transport vositalarini ishlab chiqargan korxona tomondan belgilangan joyga mustahkam o’rnatiladi.
Agar transport vositasining konstruktsiyasida bunday joylar ko’zda tutilmagan bo’lsa, tibbiyot qutichasi oson olinadigan joyga, o’t o’chirgich esa yengil avtomobillarning salonida yoki yukxonasida, avtobuslarda esa bitta o’t o’chirgich haydovchining kabinasida, ikkinchisi yo’lovchilar salonida bo’lishi kerak, (mikroavtobuslarda bitta o’t o’chirgich haydovchiga qulay joyga o’rnatiladi). Katta va o’rta avtobuslarda, bundan tashqari, favqulodda holatlarda avtobus oynasini sindirish uchun maxsus bolg’achalar bilan (avtobus salonida) jihozlangan bo’lishi lozim.
7.10. Maxsus transport vositalarida ko’zda tutilgan chiroq – mayoqcha, navbatma – navbat chalinadigan maxsus tovushlar va rangdor chizmalardan foydalanilgan bo’lsa.
7.11. Transport vositasida uni ishlab chiqargan korxona tomonidan ko’zda tutilmagan boshqa nusxadagi yukxona, ya’ni kuzov qismlari o’rnatilgan bo’lsa.
7.12. Agar yukxona, kabina qismlari to’la ta’mirlanmagan va bo’yog’i tashqi ko’rinishini buzadigan hamda bir necha xil rangga bo’yalgan bo’lsa (maxsus transport vositalari bundan mustasno).
7.13. Agar ikki g’ildirakli mototsikl tarkibida ko’zda tutilgan xavfsizlik yoyi, ya’ni duga bo’lmasa.
7.14. Mototsikl va mopedlarda ko’zda tutilgan oyoq tiragich, egarda yo’lovchi uchun ko’ndalang tutqich o’rnatilmagan bo’lsa.
Izoh: Bir turdagi transport vositalarida buferlar, moldinglar, qoplamalar, g’ildirak qopqoqlari va shu kabilarni o’zaro almashtirishga ruxsat etiladi.
Agar trolleybus va tramvaylarda tegishli texnik foydalanish qoidalarida ko’zda tutilgan nosozliklardan birortasi bo’lsa, yoki transport vositalari davlat texnika ko’rigidan o’tmagan, shuningdek, tegishli ruxsatsiz qayta jihozlangan bo’lsa, bunday transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
Texnik nosoz transport vositasi, ya’ni moped, motoroller va mototsikllarni tovush pasaytirgichisiz, ya’ni glushitelsiz boshqarish, yoki e’tiborsizlik oqibatida, yoki qasddan tovush pasaytirgichni olib tashlab, yoki uni o’zgartirib boshqarish taqiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |